Breaking News

Afg'onistonda o'zbeklar federal tuzumga o'tish tarafdori


Yaqinda Fransiyada Afg`oniston va unga qo`shni davlat vakillari uchrashib, bugungi vaziyat va tinchlikka erishish uchun nima qilmoq zarurligi xususida fikr almashdi. Parijda o'tgan anjumanda O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov qatnashgan.

Mintaqaviy xavfsizlik, deydi diplomatlar, Afg’oniston va uning atrofida joylashgan o’lkalar o’rtasida kuchli hamkorlik talab qiladi.

Hozirga kelib mintaqa orqali Afg'onistonga yuk olib o'tish hajmi oshgani kuzatiladi. Buni NATO kuchlarining Afg`onistondagi qo`mondoni Deyvid Makkirnan ham tasdiqlagan.

Asosan Turkmaniston va O`zbekistondan olib o`tayotgan yuk Afg`onistonning shimoliy viloyatlari orqali mamlakatga kirib boradi.

Afg’onistondagi notinchlik ortida etnik kelishmovchiliklar, amaldagi hukumatdan norozilik, qolaversa qashshoqlik kabi chuqur ildiz otgan muammolar turibdi.

30 milliondan oshiq aholiga ega Afg'onistonda pashtunlar ko'pchilikni tashkil etadi. Ikkinchi yirik guruh esa tojiklar bo'lib taqriban 33 foizni tashkil etadi.

O'zbeklar esa taxminan 8 foiz atrofida. Jamoa vakillari nazarida mamlakatda har bir elat o'z taqdirini o'zi hal etish huquqiga ega emas ekan, milliy tenglik kafolatlanmas ekan, barqarorlikka erishish qiyin.

Afg'onistondagi faol o'zbeklardan biri Ustoz Hamidullaning aytishicha vaziyat yaxshilanishi uchun avvalo mamlakatni federativ davlatga aylantirish kerak. Uning fikricha hozirgi hokimiyatni pashtunlar egallab olgan.

“Federativ bo`lsa, har millat o'z huquqlariga ega bo'lsa, Afg`onistonda bir yaxshi davlat, xalq bo`ladi. Shunda ko`p aziyat chekkan turkiy xalqlar uchun ham adolatli imkoniyatlar paydo bo`ladi. Rossiya federativ, Germaniya federativ yoki boshqa federativ davlatlarni olaylik. Endi bu federativ tuzum milliylikka asoslanadi-mi yoki boshqa yo`singa, buni muhokama qilsa bo`ladi”, - deydi Ustoz Hamidulla.

Uning tushuntirishicha shimolda asosan turkiylar istiqomat qilsa, janubda pashtunlar ko'p. Orada katta farq bor, deydi u. Janubda qabilaviy tuzum hukmron. Jinoyat va adolatsizliklar oqsoqollar tomonidan ko'rib chiqiladi. Shimolda, masalan, o'zbeklar qonunga o'rgangan, unga amal qilib yashashni istaydi, deydi Ustoz Hamidulla.

Afg`onistonning O`zbekistondagi muvaqqat elchisi Muhammad Iso Mehsab "Amerika Ovozi" bilan suhbatda "mamlakatimizda millatlar aro siyosat yo`lga qo`yilmoqda",- deydi.

“Turkiylar orasidan chiqqan vazirlar, vazir noiblari va raislar bor. O'zbek tili mamlakatda uchinchi rasmiy til qilib belgilangan”, - deydi elchi.

Yaqinda o'zbeklar yetakchisi sanalmish general Abdul Rashid Do'stum Turkiyadan boshpana topgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ustoz Hamidullaga ko`ra, asossiz bu xabar Do`stumning raqiblari tomonidan to`qilgan.

“Bu yolg`on xabar. General Do`stim bir xalqning yetakchisi. U mamlakatdan qayoqqa ketadi”? - deydi u.

XS
SM
MD
LG