Breaking News

Tahlilchilar: Federativ boshqaruv - Afg'onistondagi muammolar kaliti


Afg’onistonda yangi hukumatni tuzish mushkul, munozarali jarayon sifatida esda qoladigan bo’ldi.

Parlament yaqinda prezident Hamid Karzay taqdim etgan nomzodlarning yarmidan ko’pini rad etgan.

Sharhlovchilar nazarida etnik adovat kuchli Afg’onistonni qayta tiklash nafaqat harbiy amaliyot, balki kuchli hukumatga ham bog'liq.

Ko'p millatli Afg'onistonda federativ boshqaruvni joriy etish muammoni hal qilishi mumkin.

Sharhlovchilarga ko'ra, Afg'onistondagi boshqaruvda etnik masala muhim ahamiyat kasb etadi. Hamid Karzayning saylovdagi g'alabasida ham etnik yondashuv hal qiluvchi o'rinda bo’lgani ta'kidlanadi.

Karzay Afg'oniston shimolidagi yirik jamoalar, hazoralar va o'zbeklar yetakchilarini, shuningdek, tojiklar jamoasidan ham ayrim yetakchilarni o'ziga og'dirgan edi. Saylovda g'alaba qilgan Hamid Karzayning yangi hukumatni shakllantirishi munozara ostida kechmoqda. Prezident taqdim etgan nomzodlarning ko'pi hamon parlament tasdig’idan o’tmagan.

Sharhlovchilarga ko'ra, so'nggi davr Afg'onistonda boshqaruvning izdan chiqishi, korrupsiyaning keng tarqalishi bilan kuzatilgan.

Xalqaro hamjamiyat mamlakatni tiklash uchun ajratayotgan mablag' chekka viloyatlarga, oddiy fuqarolarga yetib bormagan, yordam asosan markaziy hukumat tomonidan o'zlashtirilgan. Sharhlovchilar Afg’onistonda ijobiy o’zgarish bo’lishi uchun samarali boshqaruv tashkil etish lozimligini ta'kidlashadi.

“Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik bo'lishi uchun birinchidan urush to'xtashi kerak, ikkinchidan, federativ davlat tuzilishi kerak. Federatsiya qilinmasa, u yoqda Badaxshon bor, pushtular bor, Hirot, Balujiston bor. Umuman, 12 muxtor mamlakat qilish mumkin. Masalan, davlat bir, lekin viloyatlarga mustaqil idora qilish vakolati berilsin”, -deydi tarixchi olim, siyosatshunos Goga Hidoyatov.

Olimga ko'ra, Afg’onistonda bir-biridan keskin farq qiluvchi qadriyatlar, urf-odatlarga ega, yaxlit hududlardaga bo'lingan millatlar yashaydi. Markaziy hukumat bugun ham mamlakat bo'ylab to'la nazorat o'rnatolmagan bir paytda hududlarga erkinlik berish vaziyatda o'zgarish qilishi mumkin.

“O'zbeklarning yeri o'zbeklarga, pushtularniki pushtularga - o'zlari boshqarishi uchun. Lekin davlatda bitta prezident bo'ladi, prezidentni birgalashib Loya Jir'gada saylanadi. Baribir, hech qachon o'zbek ham, tojik ham prezident bo'lmaydi, faqat pushtulardan prezident bo'lishi mumkin”, - deydi Goga Hidoyatov.

“Urf-odatlarida, mintaqaviy qarashlarida farq juda katta. Agar federativ davlat bo'lsa, juda adolatli ish bo'ladi. Buning uchun Afg'onistonda hamma imkoniyatlar bor. Hatto Najubullo davridan ham federativ shakl mavjud edi, shu jumladan, Turkiston viloyati ham”, - deydi afg'onistonlik o'zbek.

Siyosatshunoslarga ko'ra, dunyoning ko'plab mamlakatlarida federativ boshqaruv turli ziddiyatli vaziyatlarni bartaraf etuvchi vosita sifatida samara bergan. Xilma-xillikka va ziddiyatlarga boy Afg'oniston uchun ham bu boshqaruv eng ma’qul usul bo'lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG