Breaking News

Hindiston Pokistonnni tergov bilan shoshirmoqda


Hindiston qo'shni Pokistondan o'tgan oy Mumbaydagi xurujlarni uyushtirgan ekstremistlarga qarshi keskin chora ko'rishni talab qilmoqda. Ikki raqib davlat o'rtasida aloqalar yana taranglashmoqda.

Hindistonning 120 davlatdagi elchilarini Dehliga to'plab majlis o'tkazgan Tashqi ishlar vaziri Pranab Mukerjining aytishicha, Pokistondan turib xuruj uyushtirgan jangari guruh xavfsizlikka rahna solmoqda.

Hindiston da'vosiga ko'ra Mumbaydagi xurujlarni Lashkar-i-Toiba radikal guruhiga a'zo pokistonliklar uyushtirgan. Rasmiy Islomobod esa qo'shni davlatdan xurujlar Pokistonda rejalanganini isbotlovchi dalillar olmaganini aytmoqda.

Vazir Mukerji nazarida Pokiston aybni inkor etish taktikasini qo'llamoqda.

Pokiston mamlakatda harakatlanayotgan jangari guruhlarni yo'qotish uchun yetarlicha chora ko'rmayapti. Hindiston, deydi u, bunday vaziyatda yolg'iz ish tutishga majbur bo'lyapti.

"Xurujlarda bizning fuqarolar nobud bo'ldi, inshootlarimiz vayron qilindi. Aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun barcha choralarni o'rganib chiqamiz," deydi Hindiston tashqi ishlar vaziri.

Qo'shma Shtatlar va boshqa davlatlar Hindiston va Pokistonni harbiy to'qnashuvdan o'zini tiyishga chaqirmoqda. Rasmiy Dehli urush qilish niyati yo'qligini aytmoqda. Ammo Pokiston qo'shni davlat kutganidek chora ko'rmasa, deydi ba'zi kuzatuvchilar, Hindiston Lashkar-i-Toiba guruhining Pokistondagi lagerlariga bir tomonlama zarba berishga majbur bo'ladi.

XS
SM
MD
LG