Bugun Kobulda Tolibon jangarilari Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay joniga qasd qilgan. Karzayga ziyon yetmagan.
Xuruj natijasida 3 kishi halok bo’lgan, jumladan parlament a’zosi va 10 yoshli bola. Guvohlarning aytishicha rasmiylar va xorijiy mehmonlar harbiy paradni tomosha qilish uchun joylashayotgan paytda jangarilar o’t ochgan.
Kobuldagi parad cho’g’ida o’q ovozlari yangragach yuzlab kishi, jumladan rasmiylar o’zini panaga olgan. Prezident Karzay, vazirlar, parlament a’zolari, xorijiy diplomatlar va harbiy qo’mondonlar voqea joyidan evakuatsiya qilingan.
Sal o’tmay Hamid Karzay televideniye orqali xalqqa murojaat qilgan. Hujumchilarni Afg’oniston dushmanlari deb atagan. Uning aytishicha bir necha kishi qo’lga olingan.
Tolibon harakati aynan Karzayni nishonga olganini bildirmoqda. Tolibon so’zlovchisi Zabihullah Mujahidning aytishicha xurujda ishtirok etganlarning 3 nafari o’ldirilgan, yana 3 jangari qochib ulgurgan.
Tolibon Hamid Karzay hukumatini ag’darish va xalqaro koalitsiya qo’shinlarini Afg’onistondan chiqishga majbur qilishni o’z maqsadi deb biladi.