Breaking News

NATO Afg'onistondagi missiyaga hafsala bilan yondashmayapti


Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda jangari harakatlariga barham berish uchun NATO davlatlaridan yordam so’ramoqda.

Biroq ittifoqchilarning hafsalasi yo’q. Bahor yaqinlashar ekan, Tolibon ham jonlanishi mumkin.

Yaqinda o’tkazilgan qator izlanishlar bir xulosaga kelgan: xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga kattaroq yordam ajratishi va hukumatini oyoqqa turg’izish uchun izchil strategiya bilan chiqishi lozim.

“Barchaning ko’zi NATOda,” - deydi xalqaro xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Jeyms Taunsend. “Shimoliy Atlantika shartnomasiga a’zo davlatlar astoydil harakat qilmasa, Afg’onistondagi yutuqlar boy beriladi.”

Lekin AQSh chaqiriqlariga qaramay, NATO davlatlari Afg’onistonda qo’shin sonini oshirishga qiziqmayapti. Bunga qisman har bir davlatning ichki siyosati, qisman esa Yevropada Bush ma’muriyatiga nisbatan norozilik sababchi.

Mark Shnayder Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruh xodimi. AQSh undovi bilan, deydi u, Yevropa harbiylari Afg’onistonga tinchlikparvarlik missiyasi uchun borgan edi. Lekin jangari guruhlarni bostirish asosiy vazifaga aylandi.

So’nggi oylarda AQSh rasmiylari NATO bergan va’dalarini bajarishi kerak deb niqtashda davom etmoqda. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Afg’onistonda aynan jangarilarga qarshi kurash ketyapti deydi. Har qanday taraqqiyot dasturi dastavval tinchlikka bog’liq.

Al-Qoida va Tolibon Pokistonning qabilaviy hududlarida panoh topgan. Mahalliy aholi orasida ularning tarafdorlari ko’p. AQSh va NATO qo’shiniga hujumlar shu yerda rejalanadi.

Rasmiy Vashingon nazarida Pokiston rahbari Parvez Musharraf jangari makonlarini yo’q qilishga astoytil kirishmayapti. Musharraf esa tilyog’lama gaplar-u tanqidlardan ko’ra bir-birimizni quvvatlaylik, ekstremizm barchaga tahdid deydi.

Pokiston rahbari bir necha marta Al-Qoida va Tolibonni bir-biridan farqlashni so’ragan. Tolibonga xayrixoh qabilalar bilan bitimlar tuzgan. Lekin Al-Qoidaga a’zo ajnabiy jangarilarni ta’qib qilishda davom etadi, deydi professor Larri Gudson.

“Pokiston g’arbiy hududlaridagi qabila va guruhlar o’rtasidagi aloqa shunchalik zichki, deydi olim, ularni bir-biridan ajratish qiyin. Musharraf ular bilan til topishib tinchlikka erishishi mumkin.”

Yaqinda Tahrik-e Tolibon guruhi sulh e’lon qildi. Bu hukumat bilan muzokaralar mahsulimi-yo’qmi, hozircha noma’lum. Rasmiy Islomobod guruh rahbari Baytulla Masudni sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoni o’ldirganlikda ayblagan.

XS
SM
MD
LG