Breaking News

Robert Geyts: "AQSh Afg'onistonda qoladi"


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va Davlat kotibasi Xillari Klinton Jorj Vashington universitetida Afg'onistondagi siyosat xususida ma'ruza qilgan. Ularning aytishicha, Qo'shma Shtatlar al Qoidani yo'q qilish rejasidan qaytmaydi va prezident Obama ayni damda strategiyaga tuzatishlar kiritish haqida o'ylanmoqda.

"Maqsadlarimizni aniq va ravshan belgilab olganmiz, endi esa ularga erishishning eng samarali yo'llarini izlayapmiz," deydi Klinton.

Oq uy strategiya bo'yicha yakuniy qarorini bir necha hafta ichida ma'lum qiladi deydi vazirlar.

Robert Geytsning aytishicha, Afg'onistondagi missiya davomida vaziyatni qayta-qayta tahlil qilib, yo'nalishga o'zgartirishlar kiritish eng to'g'ri yo'ldir.

Chunki, deydi u, ahvol kundan-kunga o'zgarib bormoqda. Mamlakatda xavfsizlik yomonlashgan. Haligacha g'olibni aniqlab bermagan avgust saylovlari bunga qisman sababchi. Ammo mintaqadan hali-beri chiqish rejamiz yo'q, deydi Geyts.

Ba'zilar Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirishdan ko'ra ko'proq havo hujumlari va yuqori texnologiyalarga tayanishni taklif etmoqda. Geyts keragidan ortiqcha havo hujumlari oddiy aholi o'limlariga olib keladi deydi.

Bugun prezident Obama Kongressdagi yetakchi qonunchilarni Oq uyda qabul qilib, Afg'onistondagi vaziyat borasida gaplashadi, so'ng hafta davomida maslahatchilari bilan strategiyani muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG