BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, kecha Kobulda BMTga qarashli mehmonxonaga uyushtirilgan xurujga qaramay tashkilot mamlakatdagi faoliyatini davom ettiradi va saylovlarning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ishlarida yordam beradi. Xurujda 9 kishi o'lgan, jumladan BMTning olti xodimi.
"Kechagi xurujda tinchlik va osoyishtalik uchun mehnat qilgan insonlar halok bo'ldi. Bu yovuz va qabih ishni va jinoyat ortida turgan terrorchilarni qoralayman," deydi bugun BMT rahbari.
Bugun BMT Xavfsizlik Kengashi navbatdan tashqari majlis o'tkazib, Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qiladi.
"Qurbonlar Afg'onistonga qurol bilan bormagan. Ular afg'on xalqiga umid ulashish uchun borgan. Yorqin kelajakka umid va samimiy yordam bilan. Xurujga qaramay ahdimizdan, ishimizdan, afg'on xalqiga kelajakni qurishda yordamimizdan qaytmaymiz," deydi Pan Gi Mun.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg'oniston hukumatidan idora xavfsizligini kuchaytirishni so'ramoqda. BMTning o'zi ham xavfsizlik choralariga e'tiborni oshirishini aytmoqda. Ba'zi xabarlarga ko'ra, BMTning ayrim xodimlari Afg'onistondan chiqarilishi mumkin.
Oy boshida BMT Oziq-ovqat dasturining besh xodimi qo'shni Pokistondagi xurujdan o'lgan. O'tgan hafta esa BMTning Sudandagi tinchlikparvar kuchlari mas'uli Islomobodda o'z uyida otib ketilgan edi.
Afg'onistonning o'zida kelasi shanba kuni bo'ladigan yangi saylovlarga tayyorgarlik katta. Ma'murlarga ko'ra, saylov uchastkalarining soni oshiriladi.
Biroq xorijiy kuzatuvchilar saylovlarning birinchi bosqichidan so'ng bir millionga yaqin soxtalashtirish hollari sabab uchastkalar sonini kamaytirishni tavsiya qilgan edi. Qonunbuzarliklar asosan chekka hududlarda, kuzatuvchilar bo'lmagan joylarda qayd etilgan. Ba'zi uchastkalar ishlamagan bo'lsa-da, ovozlar prezident Hamid Karzay foydasiga yozilgan.
Afg'oniston saylov komissiyasi bu safar kuzatuvchilar soni oshirilishini aytmoqda.