Breaking News

O'zbekiston yana bir nodemokratik saylovni boshdan kechirdi


O'zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasiga ko'ra, 39 ta saylov okrugida eng ko'p ovoz olgan nomzodlar parlament saylovlarining ikkinchi bosqichida bellashadi. 96 ta saylov okrugidan deputatlar saylab bo'lingan.

Hukumatga yaqin xalqaro tashkilotlar saylovlarni demokratik deb ta'riflasa, jarayonni mustaqil ravishda kuzatgan faollar nazarida saylov xalqqa tanlash va saylash imkoniyatini berish uchun emas, "demokratiya o'yinini" ko'rsatish uchungina o'tkazilgan.

O'zbekiston Oliy Majlisiga saylovlardan bir kun o'tib xalqaro kuzatuvchilar sifatida ro'yxatga olingan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) va Islom Konferensiyasi kabi tashkilot vakillari saylovlarni adolatli va demokratik tarzda o'tgani haqida bayonot bermoqda.

Mustaqil sharhlovchilarga ko'ra, bu tashkilotlar tomonidan saylovni adolatli baholanishi jarayondan avvalroq ham ma'lum edi.

"Bu xalqaro kuzatuvchilarni bahosini nol deb hisoblayman, ularni xalqaro kuzatuvchilar deb bo'lmaydi, ayniqsa MDH guruhini. Ular mustaqillikdan beri o'tgan saylovlarni kuzatishadi va faqat a'lo, zo'r bo'ldi, deb ketishadi. Biz birorta xalqaro kuzatuvchining amalda kuzatganini ko'rmadik. Ularni qo'ying, biz borgan uchastkalarda jarayonni kuzatib turgan odamlarning o'zi yo'q edi", - deydi O'zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Baxtiyor Hamroyev.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, hozirgacha 96 saylov okrugidan deputatlar saylangan, qolgan 39 tasida eng ko'p ovoz olgan nomzodlar ikki hafta muddat ichida ikkinchi turda o'zaro bellashadi.

"Bu demokratiya o'yini xolos. Nomzodlar saralab bo'lingan. Aslida farqi yo'q qaysi birining yutishi, lekin shularni ichidan ham qandaydir o'yin chiqarish uchun ikkinchi bosqich qilib turishibdi. Men xalqaro kuzatuvchilarni baholari bilan tanishdim. Hozircha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari o'z fikrini aytgani yoq, lekin ShHT, MDH kabi tashkilot vakillari saylov 100 foiz xolis o'tdi, degan xulosa qilishdi", - deydi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Markaziy saylov komissiyasi jarayon erkin va demokratik tamoyillar asosida o'tganini ta'kidlamoqda. Unga ko'ra, shu paytgacha birorta shikoyat qayd etilmagan. Saylov jarayonini mustaqil kuzatgan mahalliy faollar ovoz berish jarayonidagi qallobliklar haqida xabar tarqatishmoqda.

O'zbekiston inson huquqlari jamiyati a'zolari saylov kuni Jizzax viloyatidagi bir nechta uchastkadagi ahvolni kuzatgan.

"Monitoring o'tkazdik, unda tashkilotimizni to'rt nafar a'zosi qatnashdi. Ko'plab saylov uchastklarida bo'ldik, kuzatdik. Bir xil imzolarni ko'p uchratdik. Bir odamning to'rt kishi uchun ovoz berganiga ham guvoh bo'ldik. Xulosamizga ko'ra saylov o'ta qo'pol buzilishlar bilan o'tdi", - deydi jamiyatning viloyat bo'limi raisi Baxtiyor Hamroyev.

Sharhlovchilarning aytishicha, parlament saylovlari aholining mamlakat miqyosidagi siyosiy tadbirlarga nisbatan ishonchi mutlaqo yo'qolib borayotganini ko'rsatdi.

Aksariyat aholi saylovda qatnashmagan, qatnashganlarda esa nomzodlarga qiziqish bo'lmagan.

"Saylov uchastkalaridan chiqqan odamlar bilan gaplashdik. Kimga ovoz berdingiz deb so'radik. Sakkizta odamdan ikkitasi borgan, otasi uchun, bobosi uchun ovoz bergan. Qolganlar saylovda nima qilamiz, hech narsa o'zgarmagan, va'dalar beriladi hech narsa qilinmaydi deyishmoqda. Ayrimlar hali noyabr oyi uchun nafaqa olmaganini, ayrimlar hayot borgan-sari og'irlashib borayotganidan noliydi", - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra 27 dekabr kuni o'tgan parlament saylovlarida 15 milliondan ziyod saylovchilar ovoz bergan.

Jarayonda ro'yxatga olingan to'rt siyosiy partiya ishtirok etdi. Muxolif partiyalar saylovga qo'yilmagan. Muxolifat saylovlar O'zbekiston xalqiga tanlash va saylash imkoniyatini bermadi deydi.

XS
SM
MD
LG