Breaking News

Yevropa va Rossiya: Markaziy Osiyodagi ziddiyatlar


Rossiyaning Xabarovsk oblastida o’tkazilgan Rossiya-Yevropa Ittifoqi oliy darajali muzokaralarida tomonlar o`rtasida jiddiy ziddiyatlar mavjud ekani aniqlandi.

Yevropa Ittifoqining sobiq Sovet respublikalari bilan rejalagan strategik hamkorligi Kreml noroziligiga uchramoqda. Yaqin kunlarda Markaziy Osyo bilan ham hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

29 may kuni Dushanbeda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashib, hamkorlik strategiyasi muhokama qilinadi.

May oyining boshida Pragada “Sharqiy hamkorlik” dasturi yuzasidan sammit o`tgan edi.
Bu dastur Yevropa Ittifoqi, Ukraina, Belarus va Kavkaz davlatlari aloqalarini jadallashtirishga qaratilgan.

Sammitda energetik ta`minot bo`yicha janubiy koridor deklaratsiyasi qabul qilindi. Janubiy koridor Markaziy Osiyo resurslariga asoslanadi.

Kreml nazarida bu hamkorlik Rossiya manfaatlariga qarshi harakat.

O’zbek sharhlovchilari fikricha Rossiya mintaqada gegomonlikni, ayniqsa energetik resurslar ustidan monopoliyani saqlab qolmoqchi.

“Rossiyaning umidi sobiq ittifoq davlatlarini o`z qaramog’ida saqlab qolish. Qarama-qarshiliklar aslida shunda. Biz agarda rivojlanmoqchi bo`lsak, bizga Rossiyadan tashqari yo’llar bizga kerak. G`arb uchun emas, birinchi navbatda o`zimiz uchun kerak”, - deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo neft va gazini Rossiyani chetlab o’tgan holda sotib olishni istaydi.

Ittifoqning Markaziy Osiyo bilan 2013 yilgacha mo’ljallangan strategik dasturiga ko’ra mintaqa davlatlariga 700 million yevro yordam ajratilgan.

“Bu umumiy yordam. Yevropa Ittifoqi bu strategiyani o`zining muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqqan holda taklif qilmoqda. Bir paytlar Yevropaning birlashishi, taraqqiyotga erishishi AQSh tomonidan shunday yordam taklif qilinishi bilan boshlangan edi. Bugun kuchga to`lgan Yevropa shunday yordamni boshqa mintaqalarga ham taklif qilmoqda”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Rossiya va Yevropa Ittifoqi mintaqa qanday taraqqiy etishi kerakligi yuzasidan turlicha qarashga ega. Yevropa o’z strategiyasini tuzib chiqqan, ammo Kremlning pozitsiyasini aks ettiruvchi aniq dastur yoki hujjat ayon etilmagan.

Mintaqa davlatlari uchun dolzarb muammo bo`lib turgan suv masalasiga Rossiyaning aralashuvi avval Tojikistonda, keyinchalik esa O`zbekistonda keskin tanqid bilan kutib olindi.

O`zbekistonda turib suv inshootlari qurishda kelishuv lozimligi haqida gapirgan Rossiya prezidenti sal o`tmay Qirg`izistondagi qurilishlar uchun salkam 2 millard dollar mablag` ajratishini bildirdi.

"Suv yo`llarini to`sish mintaqa davlatlari o`rtasida ziddiyatlarni nihoyatda kuchaytirishi aniq. Bundan Rossiya mintaqa davlatlarining o`zaro nizolaridan, ziddiyatlaridan manfaatdor degan xulosa chiqarish mumkin”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

So`nggi voqealar Markaziy Osiyo hukumatlari o`rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirib, Almati sammiti salbiy tusda yakunlandi.

Bugungi vaziyatda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha umumiy strategiyasini amalga oshirish oson kechmaydi.

XS
SM
MD
LG