Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalardan voz kechganidan so`ng tashkilotning iqtisodiy aloqalar bo’yicha missiyasi Toshkentda uchrashuvlar o`tkazgan.
“O'zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan o`tgan muzokaralarda tomonlar energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishgan.
Energetik xavfsizlikni ta’minlashga intilayotgan Yevropa uchun mintaqa resurslari muhum o`rin tutadi. Shu bilan bir qatorda Yevropa diplomatlari ittifoq uchun inson huquqlari va demokratiya targ’iboti ham muhim ekanini ta’kidlaydi.
Yevrokomissiya a’zolari O’zbekiston bilan teng hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Kompaniya tarqatgan press-relizga ko’ra, uchrashuvda mamlakat gaz quvurlariini modernizatsiyalash, tranportirovka shaffofligini va energoresurslar yetkazish xavfsizligini kuchaytirish, energetik tizimni yangilash va amaldagisini rivojlantirish haqida muzokaralar borgan.
Bu muzokaralar rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalardan to`liq voz kechilishi ortidan amalga oshmoqda.
Yevropaning bu qarori huquq himoyachilari, demokratik muxolifat noroziligiga sabab bo`lgan edi.
“Yevropa Ittifoqini O`zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatida geoenergetik manfaatlar inson huquqlari masalasidan ustun turibdi, hamma masala shunga taqalmoqda”, - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.
Yevropaning Markaziy Osiyo energetik zaxiralariga ehtiyoji oshib bormoqda. Mintaqa gazini Rossiyani chetlab Yevropaga yetkazuvchi “Nabucco” loyihasi amalga osha boshlagani esa bu ehtiyojga yanada dolzarb tus berdi.
“Nabucco” asosan turkman gaziga tayanadi, O’zbekistonning bu loyihadagi ishtiroki hozircha noma’lum. Yevropa iqtisodiy missiyasi tashrifi chog’ida bu masala muhokama qilinganmi, yo’qmi, aniq emas. O’zbekiston gaz eksporti imkoniyatlarini oshirib bormoqda. 2011 yildan boshlab, Xitoyga yiliga 10 milliard kub metr gaz sotish bo’yicha shartnoma imzolandi.
Yiliga 60 milliard kub metrdan oshiq gaz ishlab chiqarayotgan O`zbekistonning eksport imkoniyati faqat Rossiya bilan cheklanadi. Mintaqa uchun yangi yo’nalishlar ochilishi nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy manfaatlarga xizmat qilishi qayd etiladi.
“G`arbni nafaqat O`zbekiston, balki Turkmaniston, Qozog`iston ham qiziqtiradi. Chunki bu davlatlar tabiiy qazilmalarga boy. Yo`llar aslida ko`proq bizga kerak. O`zbekistonni, jug’rofiy-iqtisodiy holati juda og`ir. Chunki bizda bitta yo’l bor, u ham faqat Rossiya orqali o`tadi. Iqtisodiyotni rivojlantirmoqchi bo`lsak, albatta, bizga Rossiyadan tashqari boshqa yo`llar kerak. Masalan, Kavkaz orqali Yevropaga chiqish. Albatta, bunga Rossiya qarshilik ko`rsatadi, lekin biz boshqa yo`llar tanlaganimizdagina rivojlanishimiz tezroq ketadi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.
Mahalliy faollar G’arb bilan energetik hamkorlik, siyosiy-iqtisodiy aloqalar inson huquqlarini inobatga olgan holda kechsin deya talab qilib keladi.
“Yevropani qo`lida bosim dastaklari bor. Siyosat doirasida, ayniqsa, iqtisodiy masalani biror davlat bir o`zi yecholmaydi, O`zbekiston ham. Bosim qilinsa, siyosatchilarimiz Yevropa bilan hamfikr bo`lishga, hisoblashishga majbur bo`ladi. Lekin Yevropa bu bosimlarni ishlatishni istamayapti”, - deydi mahalliy faollardan biri Bobomurod Razzoqov.
G`arb diplomatlaridan biriga ko`ra, energetik ta`minot bo`yicha Yevropa ko’proq Turkmaniston va Qozog’istonga muhtoj, O`zbekiston bilan munosabatlar ko`proq xavfsizlik sohasida.