O'zbekistonda shu yilning dekabr oyiga belgilangan parlament saylovlariga hozirlik boshlangan.
Yangi qonunga ko'ra, parlament saylovlarida tashabbus guruhlardan nomzodlar ko'rsatish man qilinadi.
Nomzodlar ro'yxatga olingan siyosiy partiyalar va yaqinda tashkil etilgan O'zbekiston ekologlari harakatidan ko'rsatilishi mumkin xolos.
Mahalliy faollarga ko'ra, jamoatchilikni mustaqil nomzodlardan mahrum qilish hukumatni tobora yopiq siyosiy tuzumga aylanayotganidan dalolat. Saylovlar O'zbekiston siyosiy hayotiga biror yangilik olib kirishi kutilmayapti.
Saylovda ishtirok etishi mumkin bo'lgan partiyalar aniq, hozirgacha deputatlarning birortasi mustaqil tashabbus bilan ko'zga tashlanmagan. Rasmiy partiyalar esa hukumat tomonidan tuzilgan va hukumatni qo'llab-quvvatlash bilan tanilgan. Yaqinda tuzilgan "O'zbekiston ekologlari harakati" ham bevosita hukumat ko'rsatmasiga ko'ra tashkil qilingani aytiladi.
Jamoatchilik vakillari parlament saylovlaridan biror yangilik kutmayapti.
"Nomzodlar faqat rasmiy partiyalar tomonidan ko'rsatilishi haqida qonun qabul qilinishining o'zi konstitutsiyani qo'pol ravishda buzishdir. Saylovga kelsak, hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan cho'ntak, qo'g'irchoq partiyalardan deputatlar saylanishi O'zbekiston uchun, xalqni qiynayotgan muammolar yechimi uchun biror yangilik olib kelmaydi. Muxolifat nomzodlariga yo'l yo'q. Bu O'zbekistonda no-demokratik saylovlar o'tkazilishini ko'rsatadi", - deydi "Halol va adolatli saylovlar uchun" jamoat birlashmasi rahbari Abdulla Tojiboy o'g'li.
Mustaqillikni ilk yillarida siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan muxolif partiyalar 15 yildirki siyosiy sahnadan chetlatilgan. Muxolifat faollari quvg'inda, ayrimlari qamoqda, mamlakatda muxolif harakat to'xtatilgan. Muxolifligini e'lon qilgan partiyalar ro'yxatga olinmagan.
"Partiyamiz ro'yxatdan o'tish uchun amaldagi qonunchilikka ko'ra ariza bergan, bizga "ha" yoki "yo'q" deb javob berilishi kerak. Lekin hozircha hech qanday javob olmadik. O'zbekiston Yevropa bilan yaqinlashyapti, ehtimol biror o'zgarish bo'lar”, - deydi muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faoli Hamdam Sulaymon.
Toshkentda parlament saylovlariga oid bir nechta xalqaro konferensiyalar o'tdi. Hukumat parlament saylovlarini demokratik me'yorlarga muvofiq o'tishini ta'kidlamoqda. Ayrim faollar G'arb bilan qayta tiklanayotgan aloqalar siyosiy jarayonlarda erkinlik berilishiga umid qiladi. Muxolifat vakillariga ko'ra, hukumat siyosiy islohotlarga bormaydi, saylov faqat ko'zbo'yamachilik xolos.
"Jarayonlarni ko'ryapmiz, kuzatyapmiz, hammasining tagida qalbakilik yotibdi. Qalbakilik borgan sari ko'payib, firibgarlikka aylanmoqda. Yuz foiz aminman, bu saylov ham firibsiz o'tmaydi. Sababi, O'zbekistonda parlament yo'q, parlament qalbaki”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Bu yilgi parlament saylovlarida 150 deputat saylanishi ko'zlangan. Avvalroq qabul qilingan qonunga ko`ra, Oliy Majlisning quyi palatasida deputatlik o'rinlari 120 dan 150 ka ko'paytirildi.
Sharhlovchilarga ko'ra deputat bo'lish saylovga emas, hukumat tasdig'iga asoslangan bir paytda, parlamentda qancha partiya va deputat borligi hech qanday ahamiyatga ega emas.