O'zbekistonda umumxalq saylovlari nihoyasiga yetdi.
Siyosiy partiyalardan deputatlikka saylangan nomzodlar xalqqa qanday va’dalar berdi, ularni qanday bajarmoqchi - noma'lum; saylovdan keyin buning odamlarga farqi ham yo’q, deydi tahlilchilar.
O'zbekiston Oliy Majlisiga o'tgan saylov natijasiga ko'ra, liberal-demokratlar parlamentda ko’pchilik - 53 o’rinni qo’lga kiritgan.
Keyingi o'rinlar Xalq Demokratik partiyasi, Milliy Tiklanish, “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi va O'zbekiston Ekologlar harakati o'rtasida taqsimlangan.
Sharhlovchilarning aytishicha, aholi saylovda tanlash imkoniyati yo'qligini yaxshi biladi. Bu yilgi parlament saylovlari siyosiy jarayonga befarq odamlar ko'payayotganidan dalolat bermoqda. Bu orada Markaziy saylov komissiyasi saylovning ikki bosqichida ham fuqarolar faol qatnashganini, 15 milliondan oshiq odam kelganini ta'kidladi.
“Bu ham paxtani qo'shib yozish tajribasiga o'xshagan narsa. Bu tabiiy. Buyurilgan mavzuga ko'ra xirgoyi qilinadi. Tasdiqlangan nomzodlarga va'dalar bermaslik, shunchaki, ko'rinib ketish maslahat berilgan. Odamlar biladi shunaqa o'yin borligini. Undan ko'ra tayinlab qo'yishmaydimi, shuncha xarajat qilgandan ko'ra”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.
Parlament saylovlari bir qadar tinch o'tdi. Aksariyat aholi nomzodlar bilan uchrashuvga bormagan, ayrim joylarda bunaqa uchrashuvlar umuman tashkil etilmagan. Sharhlovchilarga ko'ra, saylangan 150 deputat xalqqa qanday va'dalar bergani, qanday xizmati uchun vakillikka saylangani noma'lum.
“Uchrashuvga borganda ham, deputat nimani hal qila oladi, qanchalik mustaqil degan masala bor. Ularda hatto saylovchilarning buyurtmasini bajarishga istak ham yo'q. Hukumat deputatlarni yangilaydimi, eskisi qoladimi - bu o'zbek xalqi turmushida hech qanday o'zgarish qilmaydi”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.
“Freedom House” – “Ozodlik Uyi” yaqinda e’lon qilgan hisobotda O'zbekiston erkinlik mutlaqo cheklangan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi. O'zbekistonda rasman demokratik boshqaruv yo'li tanlangan, hukumat ochiq siyosiy tanlov orqali shakllanishi kerak.
Tahlillarga ko'ra, siyosiy tanlov imkoniyati qonunan cheklanib bormoqda. Avval muxolifat yoki mustaqil qarashdagi kishilarda bir qadar erkinlik bo’lgan - mustaqil tashabbus guruhlari nomzod ko'rsatishi mumkin edi.
Hozir saylov muxolifatga ham, mustaqil qarashdagi fuqarolarga ham siyosiy faollik uchun sharoit-imkoniyat bermaydi. Muxolifatning demokratik qoida-tamoyillarga muvofiq hokimiyatga da’vogarlik qilish huquqi cheklangan.
“Bir maqol bor - boshni toshga ursang ham, toshni boshga ursang ham bosh yoriladi - muxolifat shunday ahvolda. Muxolifat saylovga aralashishga harakat qilsa ham, qilmasa ham zarar ko'radi”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Parlament saylovlarida to'rt rasmiy partiya ishtirok etdi. O'zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga 150 deputat saylandi.
“Yakkahokimlik, shaxsga sig'inish kuchaygan bir vaziyat yuzaga kelgan. Partiyalar haqida gapirsa ular soni to'rtta bo'ladimi, bittami, nima farqi bor? Undan ko'ra bitta qilib qo'ygani ham ma'qul edi. Maqsad tomoshabin ko'paytirish, qarsakbozlik qilish”, - deydi Bahodir Chig'atoy.