Breaking News

O'zbekiston: Rahbarlar so'kish, urib-tepib xo'rlashni odat qilmoqda


Ayrim o’zbekistonliklarda turli toifadagi rahbarlarning xalqni mensimaslik, katta-kichikni haqoratlash, kerak bo’lsa urib-tepkilash kabi hatti-harakatlari ortib borayotgani xavotir uyg’otgan. Ba’zilarga ko’ra, kattalardagi bu kabi illatlar ayni paytda yoshlar o’rtasida ham yoyilmoqda ekan.

So’nggi yillarda rahbarlarning - u xoh hokim, xoh jamoa raisi bo’lsin - o’z qo’l ostidagilar-u ularga ishi tushgan kattayu-kichik, ayolu-keksalarni ham kurakda turmaydigan so’zlar bilan haqoratlashi odat tusini olayotganini aytishadi ba’zi kuzatuvchilar.

Ba’zilarga ko’ra, rahbarlarning odamni haqoratlashi, hatto ularni urib-tepib xo’rlashi katta-katta pog’onadagi boshliqlardan kichik bo’g’indagi boshliqlarga yuqmoqda. Hatto jurnalistlarning ham hokimlar tomonidan haqoratlanishi oddiy hol ekani aytilmoqda:

“Bizning viloyat muxbirimiz aholiga gaz va elektr ta’minoti bo’yicha ba’zi ma’lumotlar so’rab hokimga telefon qilganda, hokim janoblari sendan boshqa qiladigan ishim yo’qmi, umuman, sening kallangni olaman, deb do’q-po’pisa qilib, uning orqasidan muxbirning onasini qo’shib so’kkan. Agar tuman hokimiki respublika miqyosidagi gazeta muxbiriga shunday munosabatda bo’larkan, bunday hokimning aytaylik o’sha qo’l ostidagi rahbarchalarga, yoki qo’l ostidagi fuqarolarga munosabati haqida muayyan bir xulosalar chiqarish mumkin. Umuman keyingi paytlarda rahbarlarning fuqarolarga nisbatan haqoratomuz munosabatda bo’layotgani haqida gap-so’zlar ko’payib qoldi. Mening nazarimda, buning sabablaridan biri ko’plab rahbarlarning xalq tomonidan saylanmayotganligi, balki tayinlanayotganidan bo’lsa kerak”, - deydi ismini oshkor etishni istamagan jurnalist.

O’zbekistonda turli pog’onadagi so’kong’ich, atrofidagi insonlarni haqoratlab-tepkilaydigan rahbarlar ko’payayotgan bo’lsa-da, haligacha biror rahbar inson sha’nini yerga urgani uchun jazolanmagan. Ulardan: ‘sen nega inson sha’nini xo’rlayapsan,’ deydigan kishi topilmasligi aytiladi. Buning boisini inson huquqlari faoli Mo’tabar Axmedova shunday izohlaydi:

“O’zbekiston Jinoiy qonunida haqoratlagani uchun har bir shaxs jazolanishi kerak. Oddiy xalq qo’rqadi, u hatto qarshi javob berolmaydi so’kkanga. Oddiy xalq jabrlanyapti. Har bir rahbar o’zining foydasi uchun ishlatadi har bir qonunni. Amaldorlar o’zini butunlay xalqdan ajratib qo’ygan. Xalq bilan hisoblashmaydi, o’zini xalqdan nihoyatda yuqori tutadi”, - deb hisoblaydi M. Axmedova.

Yoshlar yaxshi fazilatlarni ham, yomon odatlarni ham kattalardan o’rganishadi. Birniki mingga, mingniki tumanga, deyilgandek turli toifadagi rahbarlarning so’kinib gapirishi ommaga yuqmoqda, deydi talaba Gulsanam Xolmurodova.

“Masalan, mening yaqinda OVIRga ishim tushdi. Hatto o’sha yerda ishlagan xodimlar og’zidan ham haqorat, so’kish so’zlarni ishlatadi. Menimcha bu johillikning oqibati. Bizda shunaqa narsa bor, mansabga kelgandan keyin odamlar o’zgarib ketadi va o’zlarining qilayotgan hatti-harakatlariga e’tibor bermaydi. Ya’ni men shu tashkilot direktoriman, menga hamma narsa mumkin, deb o’ylaydi. Uni taajjublanarli hol deb hisoblamaydi, chunki u direktor, chunki u boshliq, chunki u o’qituvchi va hokazo. Bu hol keyingi paytda juda ko’p uchraydi. Yoshlar bemalol kattalardan o’rnak olyapti, desa bo’ladi”, - deydi talaba qiz.

Rahbarlarning xalqqa nisbatan nopisand munosabatining boisi nimada? Bu illat Sovet davrida ham bormidi, yoki endi shakllanmoqdami? Va uning jamiyatdagi oqibatlari qanday bo’lishi mumkin? – degan savollar bilan jamiyatshunos Komron Aliyevga murojaat etdik.

“Sovetlar davrida ideologiyaning mazmuni shundan iborat ediki, biz ishchi-dehqonlar hukumatimiz, ya’ni biz xalq hukumatimiz. Demak xalqni biz har yoq tomondan muhofaza qilishimiz kerak va ularning farovonligini ko’tarishimiz kerak. Xalqni davlat ishlarida qatnashishlariga yo’l ochib berishimiz kerak, degan shiorlar ostida ish yuritilardi. Jamiyatdagi tanqid natijasida jamiyatdagi kamchiliklarning oldini olish mumkinligi uqtirilardi. Mustaqillik davriga kelgan vaqtimizda butunlay tanqidga yo’l berilmadi. Xalqni mensiydigan joylari, agarda masalan uning taqdiri o’sha xalqqa bog’liq bo’lsa. Masalan, sud sistemasini oladigan bo’lsak, sovetlar davrida sudyalar xalq tomonidan saylanardi. Demakki sudyalar xohlaydimi-xohlamaydimi, keyingi saylovni o’ylashga majbur edi. Xalqqa hech narsa bog’liq emas ekan, demak xalq bilan hisoblashishning ham hech qanday foydasi yo’q”, - deydi Komron Aliyev.

MUXBIR: Endi mana shu madaniyatsizlik, rahbarlarning bu darajada xalqni mensimay qo’yishi jamiyatda qanaqa oqibatlarga olib kelishi mumkin?

“Xalq bilan hukumat orasidagi jarlikning ko’payishiga olib keladi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, har bitta odam xo’jayinning oldida laganbardorga aylanadi, boshqa joyga borganda orqasidan so’kadi. Demak, tilyog’lamachilik paydo bo’ladi. Xalq qanaqadir kriminal ishlarga qo’l urishga majbur bo’ladi.Yana qolaversa, bu xalq tomonidan bo’layotgan shart-sharoitga chuqur nozorilik hissiyotiga olib keladi. Bu norozilik esa turli ko’rinishlarda keyin namoyon bo’lishi mumkin”, deb fikr yuritadi jamiyatshunos Komron Aliyev.

O’zbekiston kelajagi bir tomondan rahbarlarga, ularning xalq bilan munosabatiga ham bog’liq ekan, bugungi rahbarlar ma’naviyatining qay darajada ekanligi ham muammolar sirasiga kirib borayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG