Breaking News

O'zbekistonda adolat talab qilganlarning ko'pi - ayollar


Darhaqiqat, jamiyatda ayollar faol

O'zbekistonda xalqaro xotin-qizlar kuni -- 8 mart keng nishonlanmoqda. O'zbekiston prezidenti bayram munosabati bilan yo`llagan tabrigida ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, haq-huquqini ta'minlash, onalikni muhofaza qilish ishlari samara berayotganini ta’kidlagan.

O'zbek ayoli tirikchilik yo’lida erkaklar bilan teng, hatto ko’proq ishlashga majbur. Siyosiy erkinlik, fuqarolik jamiyati uchun kurashayotgan ayollar ham tazyiq azobini erkaklar bilan birdek tortmoqda.

Ommaviy axborot vositalari respublika miqyosida o`tkazilayotgan bayram tadbirlari haqida batafsil ma`lumot taqdim etmoqda.

Bu xabarlar o`zbek ayoliga ehtirom kuchaygani, hukumat ayollar haq-huquqlarini ta`minlash uchun barcha sharoitlarni yaratayotgani haqida.

“Biz nihoyatda xursandmiz ayollarga ko`rsatilayotgan e`tibordan. Chunki majlislarda har safar hukumat vakillari qatnashayapti. Ayniqsa, prezident tabrigi eshittirilgandan keyin ayollarning xursandchiligi 10 karra oshib ketdi. Bizga bo`lgan e`tibordan nihoyatda xursandmiz”, - deydi ayollardan biri.

O’zbekiston televideniyesidagi ko`rinishlar rostdan ham o`zbek ayollarining baxtli, to`kin-sochin, zamonaviy ayollar ekan, degan taassurot uyg`otadi.

Parda ortida esa...

Biroq, ekran ortida qolayotgan, ekranda ko`rinish berayotgan xotin-qizlardan farq qilivchi ayollar bir necha barobar ko`p.

“Sobiq ittifoq davrida odamlarni ish bilan ta`minlash eng birinchi o`rindagi masala edi. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun deyishardi. Hozir bo`lsa, faqat paxta. Lekin paxtayam odamlarning baxtsizligi evaziga bo`lishi kerak emas. Yil bo’yicha qishloqda paxtada ishlaymiz, bir tiyin bermaydi. Bolalar uchun nafaqa pulini olish uchun ham uni ikki oyligini mahalla qo`mitasiga berish kerak. Bu puldan yana gaz, chiraq uchun ushlab qoladi, qishloqda esa gaz bilan chiroqning o`zi yo`q”, - deydi o`zbek ayollaridan biri.

Avvallari ota kasb hisoblangan dehqonchilikda bugunga kelib asosan ayollar band. Ayollar bu kasbni xohlb tanlayapti deyish qiyin.

Bugungi reallik o`zbek ayoli haqidagi mumtoz tasavvurlarni siqib chiqarmoqda, dehqonchilik qilayotgan ayol qiyofasi timsolga aylanmoqda.

O`zbekiston hukumatining ekin yerlarini optimallashtirish haqidagi qarori tufayli yeridan ajralgan fermerlar orasida ayollar ham ko`pchilikni tashkil etadi.

Aka, yerimni olmang!

“Aka, yerimni olmang, ahvolim o`gir, keyin men nima qilaman dedim. Yo`q, baribir olib qo`ydi. Nima yeyman, nima ichaman? Hech kimning ishi yo`q. O`zim ishsiz, bola chaqam ishsiz. Bitta nafaqa, qizimning nogironlik pensiyasi bilan kun ko`rib kelayapman. So’raydigan odam bor -- nima uchun xalqning, dehqonning yerini tortib oladi. Biz qanday kun ko`ramiz? Qayerga borishimiz kerak?” - deydi avval fermerlik bilan shu`gullangan ayol.

Sharhlovchilarga ko`ra, O`zbekistonda ayollar haq-huquq, jamiyatdagi faolligi, siyosiy huquqlaridan siyosiy o`yinlarda ustalik bilan foydalaniladi.

Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib O`zbekistonda mamlakat prezidentligi uchun ayol nomzodi ro`yxatga olindi.

Saylovda ishtirok etgan, ayni paytda O`zbekiston Oliy Majlis raisasi Dilorom Toshmuhammedova siyosiy boshqaruvdagi o`zbek ayollaridan biri.

Toshmuhammedova amaldagi prezidentga raqib sifatida chiqishlarida ham Islom Karimov yetakchiligidagi hukumat ayollar huquqlarini ta`minlash uchun barcha shart-sharoitni yaratganini alohida ta`kidlagan edi.

Nigora Hidoyatova - O`zbekistonda ro`yxatdan o`tkazilmagan, muxolif “Ozod dehqonlar” partiyasi raisi.

Uning O`zbekiston parlamenti saylovlarida Farg`ona viloyatidan nomzod sifatida qatnashishi nafaqat unga, balki uni qo`llab-quvvatlagan kishilarga tazyiqlar bilan kuzatilgan.

Xotin-qizlarni ulug'lashga qaratilgan safsatabozlik

Hidoyatovaning so’zlariga ko’ra, hukumat ayollarni qiynayotgan muammolarni yechish o`rniga faqat xotin-qizlarni ulug`lashga qaratilgan safsatabozlik bilan shug’ullanayapti.

“O`zbek ayollari mehnat muhojirlariga aylandi. Ayollar mardikor bozorlari ko`paymoqda. Ayollarimiz fohishalik bilan shug`ullanishga majbur. Odam savdosi qurbonlari soni ortib bormoqda. Bu muammolarni yechish uchun aniq ishlar qilish zarur, safsatabozlik emas. Bizning safimizdagi ayollar shunday safsatabozlikni to’xtatish, aniq ishlar bo`lishi uchun kurashmoqda”, - deydi Hidoyatova.

O`zbekistonda inson huquqlari, siyosiy erkinliklar uchun kurashayotgan faollar orasida ayollar ko`pchilik.

Ulardan biri bir necha xalqaro mukofotlar sovrindori Mo`tabar Tojiboyeva. 11 mart kuni AQSh davlat kotibasi Xillari Klinton Tojiboyevani inson huquqlarini himoya qilsihdagi faoliyati uchun taqdirlashi kutilmoqda.

Haq talab qilgan jasur ayollar

Mo`tabar Tojiboyevaning aytishicha, ayollar ham O`zbekistonda tazyiq ostida. U buni o`z tajribasidan emas, boshqa safdoshlari misolida keltiradi.

“Yelena Urlayeva qancha tazyiqlarni boshdan kechirdi, Nodira Hidoyatova qamalib chiqdi, Umida Niyozova, Gulbahor To`rayeva... Bulardan tashqari, inson huquqlari himoyachisi sifatida faoliyat yuritgani uchun turli tuhmat, bo`htonlarga uchragan Dilorom Is’hoqova. O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun eng katta hissa qo`shgan faollardan biri, shoira Gulchehra Nurullayeva - bugungi kunda hukumat unga dushman sifatida qarab keladi. Bunday ayollarning nomlarini ko`plab keltirish mumkin”, - deydi Tojiboyeva.

“Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Is’hoqova:

“Oliy Majlisda shuncha ayolimiz bor, hukumatda shuncha foiz ayol bor, shuncha ayolni taqdirladik, degani bilan bu ayollarni ko`tarish emas. Aksincha, bu ham hozir turli mamlakatlarda qul bo`lib ishlab yurgan o`zbek ayollari ustiga ortiqcha yuk bo`lib tushadi. Lekin ming afsusuki, o`sha foizlar ichidagi ayollarimiz, opa-singillarimiz buni umuman tushinishmaydi. Ular bugun biz yaxshi yashaymiz, qul emasmiz, degan xayolda. Lekin ularning o`zlari ham diktaturaning qullari”, - deydi Is’hoqova.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi a`zolarining aksariyati ayollardan iborat. Alyans a`zolari ko`plab norozilik aksiyalari o`tkazib keladi.

“Bizning uyushmamizni asosiy qismi ayollardan iborat. So`nggi paytda ijtimoiy adolatsizlikka qarshi respublikada kuzatilgan noroziliklarda ham ko`roq ayollar qatnashdi. Ayollarda o`z uyini, olilasini, qolaversa, mamlakatini saqlash hissi kuchli”, - deydi Yelena Urlayeva.

XS
SM
MD
LG