O’zbekistonda prezidentlikka nomzodlar mamlakat bo’ylab imzo to’plamoqda.
Liberal-demokratlar partiyasi Islom Karimov nomzodini ko'rsatmoqda.
Tanqidchilar nazarida saylov kampaniyasi “rejalangan ssenariy” asosida davom etmoqda.
Muxolifatdan chiqqan vakillar orasidan hech kim nomzod sifatida qabul qilinmagan.
“Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha Muhammad Solih nomzodi bilan saylovda qatnashish talabida O’zbekiston prezidentiga yozilgan murojaatga javob olinmagan.
Oripov saylovning ochiq va demokratik tarzda o’tishiga ishonmaydi.
“Partiyalarning arifmetik ko`rsatkichi muqobillik degani emas. Saylovda tanlov yo`q. Prezident ko`rsatilsa, tanlov bo`lmaydi” , - deydi Oripov.
“Birlik” faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha partiyaning prezidentlik uchun kurashi bugun huquqiy maydonga ko’chgan.
“Agar Konstitusiyaviy suddan javob ololmasak, partiya faollari xalqaro tashkilotlarga chiqishga jazm qilgan. Prezidentlikka Islom Karimovni uchinchi muddatga ko`rsatilishi yuzasidan turli bahslar mavjud. Bu narsa diktatura mavjud tuzumlarga xos holat”, - deydi Tashanov.
O`zbekiston qonunchiligi bir kishining uchinchi muddatga prezidentlikka ko`rsatilishini ta`qiqlaydi.
Karimov respublikani 1989 yildan beri boshqarib kelmoqda. Lavozimga ikki bor saylanib bo’lgan.
Huquq himoyachilari bu holatni O`zbekiston konstitutsiyasining qo’pol holda buzilishi deydi.
Karimovning uchinchi muddatga ko`rsatilishi noqonuniy deya Konstitusiyaviy sudga ariza bilan murojaat qilingan. Hozirga qadar bu arizaga javob yo’q.
Liberal-demokratlar partiyasi qurultoyida Karimovni uchinchi muddatga ko’rsatish qonuniy emasligi haqida biror e’tiroz bildirilganmi yo’qmi, bu borada ma’lumot yo’q.
23 dekabrda o`tadigan prezident saylovlarida olti nafar nomzod qatnashishi kutilmoqda.
Oliy Majlisda o’z o’rniga ega besh rasmiy partiya vakillari: Xalq demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, “Fidokorlar” partiyasidan Ahtam Tursunov, “Adolat” partiyasidan Dilorom Toshmuhammedova, “Milliy Tiklanish” partiyasidan Xurshid Do`stmuhammad, Liberal-demokratlar partiyasidan esa amaldagi prezident Islom Karimov va tashabbus guruhidan ko`rsatilgan nomzod - Oliy Majlis deputati Akmal Saidov.
Vaziyatni yaqindan kuzatayotgan sharhlovchilar fikricha nomzodlar ataylab ko’paytirilgan. Saylovni adolatli o’tkazish maqsadida emas, balki unga demokratik niqob kiydirish maqsadida deydi ular.