Breaking News

Partiyalar prezident saylovlari haqida gapirishni xohlamaydi


Yaqinda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg’armasi O`zbekistondagi rasmiy partiyalar uchun siyosiy partiyalar va internet mavzusida seminar o`tkazgan. Seminarda ishtirok etgan germaniyalik ekspertlar mavjud siyosiy partiya vakillariga siyosiy partiyalar faoliyati, targ`ibotida internet xizmatining o`rni haqida tushunchalar berishgan.

O`zbekistondagi rasmiy, mustaqil kuzatuvchilar tomonidan qo`g`irchoq partiyalar sifatida e`tirof qilinayotgan partiyalar faoliyati hozirda, asosan, O`zbekiston prezidenti taqdim etgan davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar o`rnini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama etish bilan ko`zga tashlanadi.

Rasmiy partiya vakillari mazkur qonun o`laroq mamlakatdagi yangi siyosiy jarayonga tayyorgarlik ko`rishayotganini ma’lum qilishadi.

Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlisdagi fraksiyasi raisi Asliddin Rustamovning aytishicha, bu davr 2008 yildan boshlanadi.

“Partiyaning o`zida ham muhim o`zgarishlar qilinishi kerak, odamlar yaxshi kutib olishayapti, bu qonunlarning mohiyatini ularga tushuntirish kerak, shuning uchun 2008 yilning birinchi yanvaridan kuchga kirishi mantiqan to`g’ri deb hisoblayman,” deydi Rustamov.

Milliy tiklanish demokratik partiyasining markaziy kengashi raisi Xayriniso Mirzajonova ham shunday siyosiy raqobat kutilmoqda deb hisoblaydi.

“Partiyalarda yangi a`zolar yig’ilishga, elektoratga ahamiyat qaratish kuchli bo`ladi, kim ko`proq elektorat bilan ishlasa, o`sha aniq kuchga ega bo`ladi? Umuman, raqobat kuchayadi,” deydi Mirzajonova.

Rasmiy partiyalardan yana biri, O`zbekiston Liberal demokratlar partiyasi yaqindagi siyosiy kengashida 2007 yilni tayyorgarlik yili sifatida e`tirof etgan, biroq bu tayyorgarliklar O`zbekistonda kutilayotgan asosiy siyosiy voqea - prezident saylovlari bilan bo`gliq emas.

Partiyaning matbuot xizmati rahbari Shuhrat Oripov so’zlariga muvofiq, siyosiy kengash yig`ilishini o’tkazishdan maqsad O`zbekiston prezidenti taqdim etgan qonunlarni muhokama qilish.

“Saylovlar masalasi esa bu Markaziy saylov qomitasiga bo`gliq, bu haqda biron narsa deya olmayman,” deydi Oripov.

O`zbekiston parlamentida ko’pchilik, ya’ni 147 ming a`zoga ega bo`lgan Liberal demokartlar partiyasiga, undan keyingi o`rin XDPga tegishli. Har ikki partiya faqat parlament doirasidagina muxolif ekanliklarini bildirishgan.

Rasmiy partiya vakillari siyosiy raqobat kuchayishi haqida fikr bildirar ekan, dekabr oyida kutilayotgan asosiy siyosiy voqea – president saylovlari haqida gapirishni istashmaydi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida agar O`zbekistonda haqiqatda siyosiy erkinlik berish niyati bo`lganda edi, mutlaqo boshqa qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish mumkin edi.

“Bizda hokimiyatlarning bir-biriga tegib turish mexanizmi konstitutsiyada ham ko`rsatilmagan. Ijroiya hokimiyati haddan tashqari kuchli, qonunchilik va sud hokimiyatlari ularga bo`gliq, ya’ni juda zaif. Prezident xohlagan paytda parlamentning ikki palatasini ham tarqatib yuborishi mumkin, konstitutsiyaviy sud bilan maslahatlashgan holda. Prezidentning iste’fosini talab qilish, nazariy jihatdan ham qonunchilikda mavjud emas,” deydi Rabbimov.

Mustaqillik boshlaridanoq, O`zbekiston hukumatiga muxolifligini bildirgan va hozirda mamlakatda ishlashiga ruxsat berilmayotgan amaldagi muxolifat ta’biricha hukumat o`ziga qarashli qo`g’irchoq partiyalar ishtirokida navbatdagi siyosiy o`yinni boshlayapti, xolos.

Ularning aytishicha, haqiqiy demokratik o`zgarishlar amaldagi muxolifat faoliyatiga ruxsat berilgandagina boshlanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG