O`zbekiston prezidenti Islom Karimov siyosiy partiyalar, jumladan muxolifat rolini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etgan.
Tanqidchilar nazarida O`zbekistonda demokratiyani amaldagi muxolifatni tan olish bilan boshlash kerak.
Oliy Masjlisga yo'llangan loyiha Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to`g'risida deb nomlanadi.
Tahlilchilar nazarida qonun loyihasida muxolif partiyalarning maqomi ko`rsatilishi muhim, biroq buning amaldagi muxolif partiyalr uchun hech qanday aloqasi yo`q.
Jumladan, qonun loyihasining 2- moddasida belgilanishicha, yangidan shakllangan hukumat tutgan yo`liga, dasturiga qo`shilmaydigan siyosiy partiyalar, fraksiyalar va mustaqil deputatlar o`zlarini hukumatga muxolif deb ko`rsatishlari mumkin.
O`zbekistomnda hozir mavjud partiyalarning birortasi hukumatga muxolifligini e`lon qilmagan, aksincha ular kuzatuvchilar tomonidan soxta partiyalar sifatida e`tirof etiladi.
Qonun loyihasi amaldagi muxolifat vakillari tomonidan tanqid ostida. “Birlik” partiyasining bosh kotibi Vasila Inoyatovaning aytishicha, muxolifat o`rni faqat qo`gozda ifoda etilgan.
“Milliy markaz, Ombudsman... juda katta tashkilotlar bu narsani ko`rib chiqmoqda, lekin amalda muxolifatning harakatiga to`sqinlik qilish uchun hamma narsa qilinmoqda. Bu qonun loyihasi qabul qilinganda ham muxolifat uchun xizmat qilmaydi. O`zbekistonda muxolifat yoq deb O`zbekiston prezidentining yuqori minbardan aytgan gapi bugun hukumatga tayoq bo`lib tushmoqda. Siyosiy mahbuslar yoq degani esa ikkinchi tayoq hisoblanadi. Hozir Yevropa Ittifoqi saksiyalar belgilayotgan va butun dunyo oldida muxolifat yo`q deb fosh bo`lgan diktatura rejimini niqoblash uchun amalga oshirilmoqda ”, - deydi Inovatova.
“Erk” demortik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha muxolifat faoliyatining tiklanishi qonun qabul qilinishi bilan bo`gliq emas:
“Amaldagi muxolifat qonun nuqtai nazaridan qaraganda bekor qilinmagan, to`xtatilmagan ham. Qonun jihatdan qaraganda qonuniy tashkilotlar, lekin hukumat g`ayriqonuniy tarzda Konstitutsiyani, qonunlarni buzib muxolifatga ishlashga yo`l bermayapti. Bu endi muxolifatning muammosi emas, hukumatning muammosi. O`zi bu narsaga tayyorgarlik ko`rilayotgan edi, qo`g`irchoq partiyalar bir-birlariga muxolif bo`lishga tayyorgarlik ko`rayotgan edi. XDP o`zini Liberal demokratlar partiyasiga nisbatan muxolif deb e`lon qildi”.
Otanazar Oripov nazarida shunga o`xshash sun`iy muxolif partiyalar tashkil qilinadi. Aslida esa asosiy muammo qonunlarda konseptual birlikning yo`qligi, g`oyasizlikdir.
Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabekka ko`ra, mamlakatda va davlat boshqaruvida siyosiy muxolifatning rolini kuchaytirish amaldagi muxolifatni tan olishdan boshlanishi kerak:
“Faqatgina “Birlik” yoki “Erk” ni emas hozirgacha muxolifligini e`lon qilgan “Ozod dehqonlar”, umuman, hukumat ixtiyoridan tashqarida tuzilgan partiya bo`lsa uni e`tirof etmaydi. Ya’ni, hozirgi holat davom etadi-da, agar lozim bo`lib qolganda, hukumat ixtiyoridagi partiyalardan biri tanlanadi. Qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad xalqaro jamoatchilikka O`zbekistonda demokratik o`zgarishlar bo`layapti deyish. Hozir hukumatni O’zbekiston jamoatchiligi munosabati qiziqtirmaydi, bu jamoatchilik ustidan to`la nazorat o`rnatilgan” , - deydi Isabek.
Ayrim mulohazalarga ko`ra qonun loyihasi O`zbekistonda yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlari arafasida hukumat tomonidan yangi bir partiya tashkil etilishini va unga muxolifat maqomi berilishi ham nazarda tutgan bo`lishi mumkin.
Loyiha Oliy Majlisning qonunchilik palatasi tomonidan muhokama etilishi kutilmoqda.
Kuzatuvchilarga ko`ra, loyiha qabul qilingan taqdirda ham mamlkatdagi demokratik o`zgarishlarga hech qanday t`asir o`tkazmaydi. Muxolif partiyalar faolligini ta’minlovchi asosiy omil hukumat tomonidan ko`rsatilayotgan tazyiqlarni olib tashlash ekanligi aytiladi.