Breaking News

Amerikada e'tiqod siyosiy munosabatni belgilaydi


Amerikadek din va davlat bir-biridan ajratilgan mamlakatda e'tiqod turlari ko’p, lekin toat-ibodatga berilgan insonlar ko’pchilikni tashkil etmaydi.

Yaqinda Amerika bo’ylab 35 ming kishi sotsiologlar bilan uzoq suhbatda bo’ldi. Ularga "Din siz uchun nima"? "Xudoga ishonasizmi"? degan savollar berildi.

Javoblarga asoslanib shuni aytish mumkinki, bu jamiyatda din va xudo tushunchalari o’zgargan. AQShda xilma-xil e’tiqodlarga guvoh bo’lasiz, ammo aksariyat insonlar o’zini dindor deb bilmaydi. Grigoriy Smit tadqiqotga rahbarlik qildi.

"Amerikaliklarning 40 foizi, voyaga yetgach, boshqa bir dinga kirgan. O’zini iymonli deb biladi… Lekin o’zini biror yirik din bilan bog’lamaydi. Sabab nimada degan savol tug’iladi? Diniy birlashmalar odamlarga yoqmay qolgan”,- deydi Smit.

Amerikaliklarning 16 foizi biror dinga aloqador emas. Lekin bu ular e’tiqodsiz degani emas. AQShda xudoga ishonmaydiganlar yoki xudo bor-yo’qligini hech kim bilmaydi deydiganlar juda kam.

Rim Papasi, katolik dunyosi rahbari, Benedikt XVI shu kunlarda AQShga tashrif buyuradi. Qiziq bir davrda, deydi Grigoriy Smit. Amerikada katolitsizmga munosabat o’zgargan.

"Bugungi Amerikaning 10 foizi sobiq katoliklar. Qiziq bir o’zgarish ko’zga tashlanadi. Katolik jamoasini qancha ko’p odam tark etmasin, katoliklar soni bu mamlakatda hamon 25 foizni tashkil etmoqda. Demak katoliklar ko’payishda davom etyapti”,- deydi tadqiqotchi.

Buning asosiy sababi, deydi Smit, Qo’shma Shtatlarda lotin amerikaliklarning ko’payib borayotgani. Ularning aksariyati katolik. Shuningdek, musulmonlar soni ham ortmoqda.

"AQShda musulmonlarning uchdan ikki qismi muhojirlar, qolgani esa shu zaminda tug’ilgan odamlar".

Tadqiqotlar shundan darak bermoqdaki, e’tiqod, diniy qarash va ahloq insonning siyosiy va ijtimoiy fikriga chuqur ta’sir qiladi. Amerika diniy jihatdan o’zgarib borarkan, bu xalqning siyosiy qarashlari ham yangilanib bormoqda.

Stiven Veyn, Vashingtondagi nufuzli Jorjtaun Universiteti professori fikricha:

"Agar AQShda kimningdir qaysi siyosiy partiya uchun ovoz berishini bilmoqchi bo’lsangiz, u odamdan siz katolikmisiz, protestant yoki yahudiy deb so’ramagan bo’lardim. Ibodat qilasizmi, diniy marosimlarga qatnaysizmi deb so’rash kerak. Ha, desak, demak bu fuqaro respublikachilariga ovoz beradi. Yo’q desa, demak, u demokratik partiyani ma’qul ko’radi".

Shu tariqa, deydi professor, Amerikada diniy konservatizm siyosiy konservatizm bilan yonma-yon qadam tashlamoqda. Odamlarning dini nima bo’lishidan qat’iy nazar - nasroniy, musulmon, yahudiy yoki boshqa o’nlab mayda din vakillari. Gap dinda emas, insonning naqadar dindor ekanida.

XS
SM
MD
LG