Yaqinda Nyu-Yorkda turli davlat rahbarlari, diniy yetakchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari ektremizm va terrorizmni qoralab, siyosiy va ijtimoiy totuvlikka chaqirdi.
Albatta xalqaro maydonda bu singari chaqiriqlarni tez-tez eshitamiz. Lekin tinchlikni ta’minlash uchun amalda nima qilinmoqda?
BMT qoshida tashkil etilgan va Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla tashabbusi bilan tuzilgan e’tiqodlararo konferensiya yaqinda bir necha mamlakat, jumladan AQSh, Pokiston, Isroil va Britaniya rahbarlarini bir joyga to’pladi.
Pokistonlik islomshunos olim Akbar Ahmad e’tiqodlararo muloqot uchun davlat rahbalarining yig’ilib turishi yaxshi, ammo buning o’zi yetmaydi deydi.
“Jamiyat yomon illatlardan voz kechishi uchun muammoga ochiq ko’z bilan qarash kerak. Bag’rikenglikni targ’ib qilish zarur. Oddiy odamlar o’zaro til topisha olishi kerak. Saudiya Arabistoni qirol Abdulla diniy ahillik haqida gpirayotgani ijobiy hol. Demak, bu davlat nasroniy va yahudiylar bilan muloqot yuritmoqchi”,- deydi islomshunos olim.
Akbar Ahmad dunyoni ko’p kezgan. Turli xalq va dinlar orasidagi tafovutlarni solishtirib, ziddiyatlarga yechim izlash bilan band.
“O’zgarish umid bilan keladi. Amerikaga nisbatan adovat va salbiy qarashlarning yoyilishi mana shu diyorda yuz berayotgan o’zgarishlarga bog’liq. Bu xalq orasida turli din vakillariga munosabat qanday bo’lsa, tashqi dunyo ham bu jamiyatga shunga qarab baho beradi”,- deydi olim Akbar Ahmad.
Isroillik jurnalist Natan Gutmanning aytishicha tinchlikka erishish uchun, uni mustahkamlash uchun avvalo siyosiy masalalar hal etilishi lozim.
“Saudiya Arabistonining tashabbusi yahudiylar orasida ham ijobiy qabul qilindi. Qotib qolgan aloqalar oz bo’lsada joyidan siljigani yaxshi. Tomonlar tinchlik o’rnatish muhim ekanini tan oldi. Arablar taklif qilgan reja Isroil tomonidan ochiq kutib olindi. Demak muloqot uchun asos bor”,- deydi yahudiy jurnalist.
Germaniyalik muxbir Mattiyas Rub nazarida Yevropa Amerika, Osiyo yoki Afrika xalqlari singari dindor emas.
“Yevropaliklarning aksariyati uchun din shaxsiy masala va ular dunyoviylik tarafdori. Ular zamon talabiga qarab yashashni ma’qul ko’radi. Biroq AQSh, Lotin Amerikasi va Osiyoda, masalan, din jiddiy masala sifatida qabul qilinadi va uning siyosiy qarorlarga ta’siri katta”,- deydi nemis jurnalisti.
Saudiya Arabistonida musulmon bo’lmaganlar Makka kabi muqaddash shaharlarga qo’yilmasa-da, bu mamlakat qirolining e’tiqodlararo yaqinlashuv haqida gapirayotgani kishiga umid beradi, deydi yevropalik journalist.
Dunyo ahli, qaysi din yoki millat vakili bo’lmasin, iqlim haroratining ko’tarilishi va qashshoqlik kabi global muammolar, mahalliy mojaro va xunrezliklar bilan yuzlashmoqda. Bu masalalarga barham berish uchun esa, deydi tahlilchilar, jamiyatlar va ular boshida turgan shaxslar diniy farqlar haqida gapirmay, umuminsoniy qadriyatlar ustida qayg’urishi shart.