Breaking News

Amerika cho'chqa grippi vahimasida



Shimoliy yarimsharda cho’chqa grippi tarqalar ekan, Amerikada emlanish zarurat sifatida ko’rilmoqda. Necha yoshda bo’lishingizdan qat’iy nazar vaksina olish maslahat berilmoqda.

Bugungacha jahon bo’ylab bu kasallik to’rt mingdan oshiq odamni o’ldirdi. Ularning to’rtdan uch qismi Shimoliy Amerikada.

AQShda qayerga bormang, cho’chqa grippidan saqlanish haqidagi e’lonlarga ko’zingiz tushadi. Ayniqsa yoshlar va bolalar xavf ostida.

H1N1 nomli virus grippning o’tkir turi deya qayd etilsa-da, AQSh Kasalliklarning oldini olish idorasi nazarida vahimaga hojat yo’q. Masala bilan mashg’ul Dan Rats kasallik ko’p hollarda yengil kechadi deydi.

“Ko’pchilik undan sog’ayib ketmoqda”,- deydi Rats.

Biroq tuzalmayotganlar ham kam emas.

Mutaxassislar diqqatni homilador ayollarga qaratmoqda. Amerikada ona bo’lish arafasida bo’lgan 100 dan ortiq juvon virus bilan olishmoqda va 20 dan ziyodi unga bardosh bera olmagan.

Bolalar orasida ham unga chalinganlar ko’p. Yaqinda Merilend va Texas shtatida ikki o’smir cho’chqa grippidan jon berdi. Soppa-sog’ yurgan yoshlar uning qurboniga aylanmoqda.

Gap shundaki, grippning keng tarqalgan, oddiy deya qaraladigan turi ham yiliga dunyo bo’ylab yuz minglab odamlarni hayotdan olib ketadi.

Yangi virus cho’chqadan tarqalgan deya taxmin qilingan edi, ammo izlanishlar buni isbotlamadi.

Mutaxassislar grippning yangi turlari Shimoliy Amerika emas, Osiyodan chiqishi mumkin deb taxmin qilayotgan edi.

“Sabab shuki, parranda grippi chiqqaniga ancha bo’ldi. Bu virusning ko’rinishi o’zgarib, biror yangisi paydo bo’ladi deb qo’rqayotgan edik. Odatda Osiyo mamlakatlari ularning o’chog’i bo’lib kelgan. Lekin mana yangi virus o’z qit’amizdan tarqala boshladi”,- deydi Rats.

H5N1 virusi – parranda grippi, odamlarga kasal qushlardan yuqa boshlagan deyiladi.

O’tgan yillar ichida Osiyoda minglab inson vafot etgan. Parranda grippi 60 foiz hollarda o’limga yetaklaydi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti har bir davlatni parranda va cho’chqa grippidan ogoh bo’lishga chaqirib kelmoqda. Boshida yengil tuyulgan bu virus o’ta salbiy oqibatlarga olib borishi mumkin, deydi olimlar.


XS
SM
MD
LG