Breaking News

O'zbekiston SPID bo'yicha mintaqada birinchi o'rinda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) bayon qilishicha, O’zbekistonda immunitet taqchilligi virusi va undan kelib chiquvchi SPID kasalligi kun sayin tarqalib bormoqda.

Tashkilot nazarida respublikada virusga chalinganlar ahvoli nochor va ular ijtimoiy muhofaza qilinmaydi.

Kasallikka qarshi chora ko’rishni hukumat bemorlarga yordam berishdan boshlashi kerak deydi BMT xodimlari.

BMTning immunitet taqchilligi virusiga qarshi kurash bo’limiga ko’ra, O’zbekistonda bemorlar soni 10 000 ga yaqinlashgan. 2006 yilda 2205 kishi uni yuqtirgan. Ikkinchi o'rinda Qozog'iston - 8800. O'tgan yili 1745 yangi bemor aniqlangan.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda kasallik bobida Rossiya yetakchilik qilmoqda. Virus bilan yashayotganlar soni 370 000. Virus o'tgan bir yil ichida 39 000 kishidan topilgan.

Respublika SPID markazidagi shifokorlardan birining aytishicha muammo virusni yuqtirgan kishilarning noma’lum qolayotganida.

Bu borada aholi bilan tushuntirish ishlarini olib boruvchi nodavlat tashkilot xodimi, ayniqsa axloq tuzatish koloniyalarida vaziyat og`irligini ta`kidlaydi.

Ism-sharifi bildirilishini istamagan bu mutaxassisning izohlashicha Toshkentdagi qamoqxonalarning birida xotin-qizlarning deyarli yarmida immunitet taqchilligi virusi aniqlangan.

Kasallar ro’yxati qamoqxona ma`muriyatiga ham ayon, biroq ularning ozodlikka chiqqandan keyingi hayoti muhofaza qilinmagan. “Bu ayollar yana fohishalik bilan shug’ullanishga majbur bo’ladi. Aynan shu sabab ham virus tarqalmoqda”,- deydi xodim.

“Men qamoqxonadan chiqayotgan ayollar bilan ishlayman. Bilaman kimlar, qachon chiqishi mumkinligini. Ko’pchiligining uyi, ishi yoq. Lekin men ularga nima qilib berishim mumkin? Men bir kichik odamman”.

Mutaxassislar nazarida O`zbekistonda xavfli virusning jadal tarzda quloch yozayotgani avvalo giyohvandlik ko’lami oshgani bilan bog’liq. Keyingi o’rinda - himoyasiz jinsiy aloqa va donorlik qonining izchil tekshirilmasligi.

Donorlik qoni muammolari bilan shug`ullanuuvchi mutaxassis Shuhrat Ochilovning aytishicha 2005-2006 yillargacha O`zbekiston qon quyish tizimida eski uskunalardan foydalanilgan.

“Hozirga kelib davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ko`rsatilyotgan yordam tufayli qon quyish tizimida to’rtinchi avlod uskunalari qo`llanmoqda. Bu esa qon tarkibini 99 foizga aniq belgilashga yordam beradi”, - deydi u.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar fikricha hukumat kasallikka qarshi kurashni sog’liqni saqlash tizimiga yuklagan. Lekin SPIDga olib boruvchi boshqa ijtimoiy omillar chetda qolmoqda.

“Yosh avlodga virus va uning oqibatlari haqida, kasallikdan qanday saqlanish borasida bilim berilmaydi. Ta’lim maskanlarida tashviqot ishlari olib borilmaydi. Ommaviy axborot vositalari masalani yoritishda rasmiy raqamlarni berish bilangina cheklanadi xolos”,- deydi ziyolilardan biri.

“O’zbekistondan ish izlab chetgan chiqib ketgan odamlar vatanga qaytganda tibbiy ko’rikdan o’tmaydi. Ularning ba’zilari o’zi bilan oilasiga xavfli kasalliklar, jumladan immunitet taqchilligi virusi olib kelmoqda”,- deya qo’shadi yana bir fuqaro.

Qo’shni Afg’onistondan arzon qoradori kirib kelishda davom etarkan, ishsizlik va imkoniyatsizlikdan qiynalayotgan aholi orasida giyohvandlar soni ham ko’payib bormoqda.

Mutaxassislar SPIDga qarshi kurash umummamlakat kampaniyasiga aylanish kerak degan fikrda.

XS
SM
MD
LG