Qirg’izistonning O’sh shahrida VICH, immunitet taqchilligi virusiga chalingan bolalar uchun o’qitish va rivojlantirish markazi ushga tushdi.
Mahalliy jamoatchilik jamg’armalaridan biri va Finlyandiya moliyaviy yordami bilan tashkil etilgan muassasa bolakaylarni maktabga tayyorlab, o’qish, chizish, hisoblashga o’rgatadi.
Bu joyda, shuningdek, ota-onalarga ham ruhiy xizmat ko’rsatiladi, kompyuter saboqlari beriladi.
O’shda ochilgan markaz immunitet taqchilligi virusi bilan yashayotgan bolalarni ruhan, jismonan, aqlan rivojlantirish va maktabga tayyorlashni ko’zda tutadi.
U mahalliy “Infosentr Reynbou” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi tomonidan tuzilgan.
Jamg’arma rahbari Fotima Qo’shoqovaning aytishicha, markaz keng qamrovli faoliyat yuritadi.
“Bolalar xonasida o’qish, chizish, nutqni rivojlantirish, hisoblash mashg’ulotlari olib boriladi, tarbiyachiva va ruhshunos faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, ota-onalar va jurnalistlar uchun seminarlar o’tkazish rejalashtirilgan”, - deydi Qo’shoqova.
Uch yil muqaddam Janubiy Qirg’izistonda bir guruh bolalalarda immunitet taqchilligi virusi aniqlangan edi. 72 nafar bolakayga ushbu kasallik mahalliy shifokorlar aybi bilan yuqqani da’vo qilingan. Hozirda ular soni 180 nafarga yetgan.
“Reynbou” jamoatchilik jamg’armasi o’sha paytdan buyon VICH ga chalingan bolakaylar va ularning xonadonlariga yordam ko’rsatib keladi. Moddiy, ruhiy, huquqiy ko’mak, ma’rifiy tadbirlar haqida gap ketayotir.
Jamg’arma jabr tortgan oilalar manfaatlarini turli mahkamalarda himoya qilmoqda. Bugun markaz taqdimotiga kelgan ota-onalar o’z mamnuniyatini yashirmaydi.
“Markaz xodimlari bizning farzandlarimizning rivojlanishiga yordam beradi. Ongi o’sishiga, maktabga tayyorgarlik ko’rishadi, darslar tayyorlashadi. Maktab yoshiga yetmagan bolakaylar esa bu yerda o’ynashadi, juda ko’p o’yinchoqlar bor, multfilmlar ko’rishadi. O’zimizga ham VICH bo’yicha hammayoqni o’rgatishadi, seminarlarda qatnashamiz. Tushkunlikka tushgan paytimizda juda katta ko’mak berishgan. Xullas, bu markazga kelsak ancha xursand bo’lamiz. Bir-birimiz bilan tanishib dardlashamiz”, - deydi ular.
Aytish joiz, so’nggi haftalarda immunitet taqchilligi virusiga yo’liqqan bolalarning onalari O’sh va Bishkekda bir necha bor norozilik chiqishlari o’tkazgan.
Ular bolalarga beriladigan nafaqalarni keskin oshirish, xonadonlarga uy-joy berish, bolalarga kasallik yuqtirishda aybdor deyilmish shifokorlarni javobgarlikka tortish kabi talablarni olg’a surgan.
Asosiysi, namoyishchilar davlat diqqat-e’tiboriga muhtojliklarini ta’kidlashgan.