Breaking News

O'zbekiston kasalxonalarida VICH yuqtirish hollari ko'paygan


O`zbekistonda donor qoni orqali immunitet taqchilligi virusini yuqtirgan odamlarning da’vo arizalari inobatsiz qolmoqda. Virus ruscha qisqacha VICH nomi bilan ma'lum.

VICH insonni orttirilgan immunitet taqchilligi sindromi (OITS) ga yetaklaydi. Kasallik ko'proq ruscha SPID nomi bilan tilga olinadi.

Zamonaviy dori-darmonlar natijasida VICH bemorlarini davolash, ularning umrini uzaytirish mumkin. Biroq, deydi shifokorlar, chora vaqtida ko’rilishi kerak. Har bir kun boy berilgan imkoniyat. VICH, SPID va bu kasallik qamrovi va undan qanday saqlanish mumkinligi haqida mahalliy matbuotdan biror ma’lumot topa olmaysiz.

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining rasmiy ma`lumotlariga ko`ra O`zbekistonda immunitet taqchilligi virusiga chalinganlar soni, o`tgan yil hisobiga ko`ra ,sakkiz mingga yaqin kishini tashkil etadi.

Xalqaro tashkilotlarga ko`ra esa Sog`liqni saqlash vazirligi asl raqamni kamaytirib ko’rsatmoqda.

Ular nazarida O’zbekistonda xavfli virusni yuqtirganlar soni o’tgan to`rt yil ichida to`rt barobarga ko`paygan.

VICH, mutaxassislarning ogohlantirishicha, asosan giyohvandlar orasida, shuningdek muhofazasiz jinsiy aloqa va tekshirilmagan donor qoni orqali tarqaladi.

Virusni donor qoni orqali yuqtirgan kishilarning aytishicha, javobgar odamlar jazolanmaydi va aybdorlarni aniqlash harakatlari juda sust.

Jabrlanganlardan biri, Ulug`bek ismli kishining aytishicha, uning o`g`liga davlat korxonasidan olingan qon quyilgan.

“Qaynonamning qoni to`g’ri kelgan edi. Do`xtirlar mumkin emas deyishdi. Keyin Botkinadan davlat korxonasidan qon olib keldim. Fakt shundaki, davlat shifoxonasida yotib, yuqtirdi”, - deydi u.

Ulug`bekning uch yoshli o`g`li hozir vafot etgan. U SPID yuqtirilishida aybdorlar jazolanishini so`rab, bir qancha tashkilotlarga, jumladan matbuotga ham murojaat qilgan.

“Prokuratura bu ishda jinoyat alomati yo’q deb ko`rishni to`xtatadi. Keyin prezident devoniga, bosh prokuraturaga murojaat qildik, natija bo`lmadi. Yana “Pravda Vostoka” gazetasiga chiqdik, maqola endi chiqaman deganda, to`xtatib qo`yishdi. “Turkiston-Press”dagi bir jurnalist yozgan edi, biroq prokuratura yomon gaplar aytib qo`rqitib qo`yibdi. Shundan keyin u ham bu ishga aralashmayman deb chiqib ketdi”, - deydi Ulug`bek.

Maqsuda ismli ayol ham nevarasiga tekshirilmagan qon quyilishi natijasida VICH yuqtirganini aytadi.

Hozirgacha bu oila ham bir necha bor huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. Biroq natija bo’lmagan.

“Hozir nevaramizga 24 ming so`m nafaqa berayapti. Biz laboratoriyani ushlashimiz kerakmi yoki qon quygan do`xtirni ushlashimiz kerakmi? Bilmayman. Biz yozgan murojaatlarga javob kelmadi. Biz bilan birga yozgan ikki bola o`lib qolibdi… ” , - deydi Maqsuda.

Donorlik qoni orqali farzandiga kasallik yuqtirilgan boshqa bir ayol O`zbekistonda bu borada biron natijaga erishish mumkin emas deb hisoblaydi.

Uning aytishiga qaraganda VICH/SPID ning tobora tarqalib borayotgani jamoatchilikdan yashirinib kelinmoqda. Bu esa, aksincha, kasallik tarqalishi uchun zamin yaratmoqda.

“Hozir bolamga nogironlik guvohnomasi berilgan. Toshkentdagi SPID markaziga tez-tez borib turaman. Har kuni yangi odamlar, yangi oilalar… Muammo esa yechilmayapti. Muammoni davlat e`tibori bilangina yechish mumkin”, - deydi u.

Bu ayol hozirgacha jabrlanganlarning da’vo-arizalari qabul qilingani, ularga yordam ko`rsatilganidan bexabar. Muammoni ommaga bildirish ta`qiqlangan.

Ulug`bek fikricha esa asosiy masala shunday muammo mavjudligidan odamlarni xabardor etish zarur.

“Biz kompensatsiya talab qilganimiz yoq. Asosan haqiqat qaror topishi kerak deganmiz. Boshqalarning boshiga tushmasin. Biz bu narsaning nima ekanligini ko`rdik”, - deydi Ulug`bek.

Toshkentdagi SPID markazi vakilining bildirishicha VICH/SPID haqida ma`lumotlar olish uchun markazga rasman yozma ravishda murojaat qilish lozim.

Ma`lumotlarga ko`ra, virusni yuqtirgan kishining parvarishi, dori-daramonlari katta xarajat talab etadi.

Davlat tomonidan ko`rsatilayotgan hozirgi yordam asosan nogironlikni rasmiylashtirish bilan cheklanib qolmoqda.

Biroq hukumat organlari kasalxonalarda bu xavfli kasallikni yuqtirgan kishilar dardiga quloq tutmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG