Mutaxassislar fikricha, so’nggi yillarda dunyo bo’ylab yoshlarning erta jinsiy hayotga kirishi kuzatilmoqda. Boshqa mamlakatlardagi singari bu hol o’zbekistonlik yoshlarni ham chetlab o’tmayapti. Yoshlarning erta, o’smirlik davridanoq jinsiy hayot sir-asrorlaridan voqif bo’lishini kimdir tamaddun va taraqqiyot bilan bog’lasa, yana kimdir bu hol yoshlarning tarbiyasi buzilib ketayotganidan deb hisoblaydi. Aksariyat mutaxassislar, ota-onalar va hatto ayrim yoshlarga ko’ra, jinsiy tarbiyaning keng yo’lga qo’yilishi bu borada vujudga kelayotgan muammolarga barham berishi mumkin.
Ruhshunoslarga ko’ra, jinsiy hayot oilaviy munosabatlar poydevori hisoblanadi. Shuning uchun yer yuzidagi ham har bir xalq o’ziga xos uslub bilan o’sib kelayotgan yosh avlodini jinsiy hayotga, oilaviy munosabatlarga tayyorlaydi. Jumladan, o’zbeklarning ham qadimdan yoshlarni jinsiy hayotga, oila qurishga tayyorlaydigan o’z udumlari, an’analari bo’lgan.
Shifokor-tadqiqotchi O’ktam Muhammad Murodning fikricha, bugungi sharqona jinsiy axloq ilmiy, shar’iy, tibbiy, ruhiy va ma’naviy asoslarga tayansagina haqiqiy mukammal bo’ladi.
“Bugungi kunda bizning yoshlarimiz G’arbning ta’siriga, har xil bad odatlarga ham ruju qiyishayotgani va ko’r-ko’rona har xil yo’sinlarga taqlid qilib ketishayotgani achinarli hol. Shu bois ham bugungi kunda sharqona jinsiy axloq asoslarini boshqatan ko’rib chiqishga juda ham katta zarurat tug’ilayotir. Ya’ni jinsiy tarbiya: homila jinsiy tarbiyasi, chaqaloq jinsiy tarbiyasi, bolakaylar jinsiy tarbiyasi, maktab davridagi jinsiy tarbiya, rasida bo’lish arafasidagi jinsiy tarbiya, chimildiq arafasidagi jinsiy tarbiya. Undan keyin esa hayot jarayonidagi ozgina achchiq-chuchukni tatib ko’rgandan keyingi bo’ladigan o’ziga xos jinsiy tarbiya omillari mavjud bo’lgan”, - deydi shifokor O’ktam Muhammad Murod.
O’zbek oilalarida qadimdan jinsiy tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib asarlarida, Amir Temur o’girlarida ham jinsiy tarbiya haqida so’z yuritilgani ma’lum. Biroq keyingi yillarda jinsiy tarbiyaning yopiq mavzu bo’lib qolgani yoshlar o’rtasida ko’plab muammolar kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda. Ayrim mutaxassislarga ko’ra, keyingi paytdagi 80 foizga yaqin oila ajrimlariga jinsiy munosabat sabab bo’layotir. Oilaning mustahkam bo’lishi yoshlarning bir-birini tushunishi, ya’ni jinsdoshi bo’lmagan shaxsni anglashi va hurmatlashiga ham bog’li, deydi tadqiqotchi Davron Xoliqov.
“Biz jinsiy tarbiya berayotgan paytimizda bolalarimizga sharqona urf-odatlarimizdan, milliy mintaletimizdan kelib chiqqan holda pardali, hayoli, iffatli qilib berishimiz kerak. Homiladorlikdan saqlanish vositalaridan pala-partishligi uchun ham SPID kasalligi tarqalayapti. Yigitlarning, qizlarning tartibsiz jinsiy aloqa qilishi natijasida turli xil kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo’layotganligini, nogiron bolalarning paydo bo’layotganligi yoki bo’lmasa o’zining organizmini zaif holatga keltirib, kasallantirilishi – bular hammasi noo’rinliligini yoshlar ongiga singdirish uchun harakat qilyapmiz. Ammo diskotekalar, turli shoularning yuzaga kelganligi, yoshlarning ko’proq shunga jalb etilayotganligi tartibsiz jinsiy aloqa qilishga olib kelayapti”, -deb hisoblaydi Davron Xoliqov.
Ba’zi ziyolilar fikricha, jinsiy tarbiya hozirgi paytda eng dolzarb masala hisoblanib, unga axloqiy tarbiyaning tarkibiy qismi sifatida qaralmog’i lozim. Respublikaga chet elning behayo va jangari filmlariyu adabiyotlarining, turli narkotik moddalarning kirib kelishi ham bugungi yoshlar jinsiy tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotganini bildirishadi.
Tadqiqotchi-shifokor O’ktam Muhammad Murodga ko’ra, so’nggi yillarda ko’pchilik ora-onalar oilaning moddiy ta’minotiga ko’proq vaqt ajratgani holda, farzandlar tarbiyasiga e’tibori susaygan. Shu bois, bugungi yoshlarning aksariyati jinsiy tarbiyani kerakli paytda ota-onalaridan olishga muyassar bo’lmayotirlar.
“Qizlarda 13-14 yoshgacha bo’ladigan rasidaning ilk belgilari masalan, hayz jarayonining 18-20 yoshga borib bo’lishini ham hattoki o’zlarida me’yoriy holat deb hisoblaydigan qizlarimiz, ya’ni infantin qizlar – kelgusida undan bola tug’ilishi ham gumon, bola tug’ilsa-da nogiron, nuqsonli farzand tug’ilishi mumkin bo’lgan odamlarga onalarning jinsiy tarbiyasi yetarlicha bo’lmayotir. Yoxud, Bozor-ucharga o’ralashib qolgan, bugungi kunning biznesmeniga aylangan otalar o’g’il bolaning jinsiy tarbiyasidagi eng katta vosita bo’lgan otaning roli yo’qolib borayapti. Kelajakda erkak kishining ham jinsiy zaif, ham bepusht bo’lib qolishi mumkin bo’lgan oddiygina kliptarxizm dardi haqida gapirgudek bo’lsak, oxirgi paytlarda juda ko’p uchrayapti. Boisi: bola 3-4 yoshlik paytida uning jinsiy a’zolari, yorg’un ichidagi uning bo’lg’usida naslning asosini tashkil etadigan moyaklarning haqiqatan pastga tushganmi-yo’qmi, hattoki shuni ko’rishni otalarimiz eplashmaydi va aksariyati bilishmaydi. Shu bois, 6-8 yoshgacha agar shu kasallik davolanmasa, kelajakda albatta shu bolaning gepogonat holati ya’ni nisbatan jinsiy zaif va nisbatan albatta bepusht bo’lib qolishiga sabab bo’ladi”, -deydi shifokor.
Jurnalist Hafiza Nasrullohning bildirishicha, bokira, jinsiy aloqaga kirishmagan, bu borada tajribaga ega bo’lmagan yoshlarda uyat, sharm-hayo tuyg’ulari kuchli shakillangan. Bu tuyg’ular yoshlarning odob-axloqi, go’zal xulqli bo’lishlarini ta’minlaydi. Jinsiy aloqaga erta, nikohsiz kirishgan yoki uning sir-asrorlarini yaxshi bilgan o’smirlarda tajanglik, buzuq, hayosiz xatti-harakatlar shakillanadi. Shuning uchun ham o’zbeklarda jinsiy hayot sirlari haqidagi ma’lumotlar maxfiy saqlangan va ilk bora faqat to’y oldidan qizga yangalari, yigitga esa kuyov-juralari tomonidan o’rgatilgan, deydi Hafiza Nasrulloh.
O’zbek xonadonlarida ayni paytda ham jinsiy tarbiya haqida ochiq gapirilmaydi. Ba’zi yoshlarning fikricha, bunga urf-odatlaru oiladagi hayoli munosabat yo’l qo’ymaydi. Keyingi yillar respublika maktablarida “Odobnoma” darslari o’tilmoqda. Biroq bu darslarda ham jinsiy tarbiyaga chetlab qarash mavjud. Ba’zi yoshlarga ko’ra, bu nozik masalaga asosan ota yoki ona tomonidan yondashilishi lozim.
“Bu narsalarning hammasini ota-ona tushuntirgan, ota-onadan shu narsalarni eshitib bilgan yaxshi deb o’ylayman”.
“Misol uchun o’qishga kelishadi soda-sodda yosh qizlar, Toshkentga kelib turib bilmaydi bu narsalarni, farqiga bormaydi, soda bo’lishadi-da, keyin aldanadi. Bilish ham kerak-da. O’ziga mahkam bo’ladi. Bilmasdik, bu narsalarni tushunmasdik, deb har xil kasallklar keltirib chiqaryapti. Oilalarning buzilib ketishiga olib kelyapti. Yoki qizlar bir-biridan eshitadi, bu ham yaxshimas. Hamma har xil eshitadi-da, birovlar yaxshi tomonlama eshitsa, birovlar yomon tomondan, birovlar qo’rqib qoladi, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin”.
“Tushintirishi kerak baribir ota-onalar. Ota o’g’liga, ona qiziga aytishi shart, uyat bo’lsa ham-da. Hayotning qonuni-da endi bu”, deyishadi ayrim yoshlar.
Ba’zi gnekologlarning bildirishicha, keyingi yillarda yosh o’smir qizlarning yetarlicha ma’lumotga ega bo’lmay turib, jinsiy hayotga erta kirib borishlari oqibatida homilador bo’lib qolish holatlari ko’payayotir. Ba’zi ota-onalar bugungi o’smir qizlar jinsiy hayot haqida kerakli bilimga ega bo’lishlari ularning turli muammolarni chetlab o’tishiga imkoniyat yaratadi, deb hisoblashadi.
“Menimcha, ota-onasidan tarbiya olmagan qizlar abortlarga borishadi, shunaqa hayot kechirishadi. Qizlar bo’yiga yetganda uncha bilishmaydi nimaligini, qachon nima bo’lishi mumkinligini”.
“Bizlarning davrimizda yoshlar boshqacha ekan. Hozirgi yoshlar juda boshqacha. Ularni saqlash ham juda qiyin bo’lyapti. O’zimning ham ikkita qizim bor, lekin baribir ota-onada katta ma’suliyat, qizlarga qarash kerak. Qizlarga albatta maktablarda tushuntirish kerak. Ko’rsatilayotgan kinolar ham ta’sir qiladi-da yoshlarga. Hozirgi bizlarning yoshlar juda ham rivojlanib ketgan. Ular mana shu tu’g’risida bemalol bizlar bilan gaplasha olishadi. Hozir lekin yoshlarga qattiq turish kerak. Men o’zim tushintiraman, gaplashamiz. Gaplashmasdan iloji yo’q”, deyishadi ayrim ota-onalar.
So’nggi yillarda kundalik hayotda gender, reproduktiv salomatlik, yoshlarni oilaga tayyorlash, jinsiy tarbiya kabi terminlar paydo bo’ldi. Bu borada ko’plab ilmiy va amaliy tadbirlar ham o’tkazilmoqda.
Tadqiqotchi Komil Ahmedov fikricha, yoshlar va jinsiy tarbiya masalasi nafaqat o’zbek mintaletida balki barcha G’arb davlatlari oilalari uchun ham nozik masala hisoblanadi. O’zbekistonning Xorazm, Samarqand kabi viloyatlarida olib borilgan tatqiqotlarimiz natijasida ba’zi yoshlarning jinsiy tarbiyaga oid hatto oddiy masalalardan bexabarligiga, kattalarning esa o’zbekchilikda uyat hisoblanadigan bu masaladan qochish holatlariga duch keldik, deydi Komil Ahmedov.
“Tadqiqotlar olib borganda, masalan urolog kim, degan savollar qo’yilsa ularning bilim doirasini bilish uchun, ko’pchiligi javob berolmadi, ayniqsa qishloq sharoitida yashovchilar. Masalan, ginekolog nima masalalar bilan shug’ullanadi, degan savollarga javob topilmasa, bu ma’lum ma’noda yoshlar o’rtasida muammo, ya’ni ma’lumot yetishmasligi muammolari borligidan iborat-da. Xuddi shu narsa sababli, biz yosh kelin-kuyovlarga maslahat sifatida, yokio’smirlarga foydali maslahatlar tarzida kichik-kichik brashyuralar ishlab chiqqanmiz. Bu loyihada ota-onalar bilan birga ishlaymiz. Agar bu loyihalarni 2000 yilda boshlagan bo’lsak, boshida qiziq holat bo’ldi, ota-onalar bilan o’qituvchilarni bir joyga yig’ib ular bilan suhbat qurganimizda, ota-onalar umuman jinsiy tarbiya bilan bog’liq bo’lgan masalani o’zlarining farzandiga o’qituvchi tarafidan yetkazib berilishi zarur, deb aytishsa, o’qituvchilar o’z navbatida bu narsani ota-onalar tarafidan yetkazib berish zarur, deb ikki taraflama bu masaladan qochish bo’ldi. O’rtada ma’lumot nuqtai nazaridan, ta’lim nuqtai nazaridan kichik bo’shliq bo’lib qoldiki, yoshlar jinsiy tarbiya bo’yicha bilimni na ota-onasidan, na maktabdan ololmay qoldi”, -deydi tadqiqotchi Ahmedov.
So’nggi paytlarda yoshlar orasida zinoiy, ya’ni jinsiy yo’l orqali yuquvchi kasalliklarning ko’payayotgani ba’zi mutaxassislarni tashvishga slogan. Ayniqsa bu kabi xastaliklar 13-14 yoshdagi o’smirlarda ham uchrayotgani jinsiy tarbiyaning to’g’ri yo’lga qo’yilmagani sababi deya izohlanmoqda.
Shifokor O’ktam Muhammad Murod “Hattoki hali rasida bo’lib ulgurmagan infaltin qizlarning nomusidan mosuvo bo’lib, homilador bo’lib qolib, o’zining tug’ilajak bolasining qotiliga aylanishining guvohi bo’layotirmiz”,-deydi. “Bir tarafi achinarliki, mana shu narsalarning o’zi kelajakda uning butunlay befarzand bo’lib qolishiga, G’arbga taqlid qilib rasida bo’ldingmi, jinsiy hayotning, bu dunyoning gashtini sur, deb yashaydigan toifalar paydo bo’ldi. Yigitlar orasida ham erta jinsiy hayotni boshlash, yigitchilikni go’yoki itchilikka mengzash kabi holatlar paydo bo’ldi. Bu esa ularning orasida zinoiy kasalliklarning ko’p urchishiga olib kelayotir. Zinoiy kasalliklar esa o’z navbatida erkaklarning prostata bezini, peshob chiqarish kanallarini, va juda ko’p a’zolarini shikastlayotir va ularning kelajakda nogiron, bemor bo’lib qolishiga olib kelayotir”, -deydi shifokor.
Ba’zi kuzatuvchilarning fikricha, o’smir yigit-qizlarni ma’naviy kamolotga yetkazishda, ularning oilaparvar ota-onalar bo’lishida jinsiy tarbiyaning alohida o’rni bor. Ularga ko’ra, yashirin, istihola bilan yondashilgan bu mavzu va muammoni ochmay turib, millatni sog’lomlashtirish haqida gapirib bo’lmaydi.