Breaking News

OITSga chalinganlar uchun dori arzonlashadi


"Gilead" kompaniyasi Kaliforniya shtatida joylashgan
"Gilead" kompaniyasi Kaliforniya shtatida joylashgan

AQShning “Gilead” farmatsevtik kompaniyasi BMT bilan birgalikda OITS, ya’ni Odam Immuniteti Taqchilligi Sindromi (SPID) hamda bu kasalikka olib keluvchi virus bilan yashayotganlar uchun xush xabar tarqatdi.

“Gilead” kompaniyasi OITSni davolashda qo’llaniladigan dorini tayyorlash sirini mayda shirkatlarga ham oshkor etib, ularga bu vositalarni ishlab chiqarishga ruxsat etishini e’lon qildi. Bu esa millionlab bemorlarga yordam demakdir.

Bugungi kunda dunyo bo’ylab OITSga chalinganlar soni 33 millionga yetgan bo’lsa, ularning aksar qismi Afrika mamlakatlarida yashaydi.

Bemorlarning ko’pchiligi kasallikni davolashda ishlatiladigan eng yangi dorilardan foydalana olmasdi.

OITSga chalinganlar uchun dori arzonlashadi
OITSga chalinganlar uchun dori arzonlashadi

Endi esa vaziyat o’zgaradi. Tarixda birinchi marta BMT tijoriy kompaniyani dori ishlab chiqarish sirini oshkor etish va uning narxini kamaytirishga ko’ndirdi.

Odatda farmatsevtik kompaniyalar bir kasallikka qarshi dorini ishlab chiqish uchun yillab vaqt sarflaydi. Tadqiqotlaru-tajribalar uchun katta mablag’ sarflaydi.

Shu bois dori ko’plab tekshiruvlardan o’tib, barcha talablarga javob bera boshlagach, uning ommaviy ishlab chiqarilishi yo’lga qo’yilib, uning tayyorlash uslubi kamida 10 yil sir saqlanadi.

Bu muddat o’tgachgina kompaniya bu nodir ma’lumot va bu dori ishlab chiqarish huquqini boshqa, maydaroq shirkatlarga sotib yuboradi, qolaversa bu mahsulot savdosidan daromad olib turadi.

OITSga qarshi eng samarali vosita hisoblanayotgan dorilar - Tenofovir va Emtricitabin bo’lib, ular shu kunga qadar “Gilead” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilar edi.

Endi esa bu kompaniya nisbatan kam pul, ya’ni umumiy daromadning bor-yo’gi 3-5 foizi evaziga dori sirini boshqa firmalarga oshkor etib, dorini ishlab chiqarish huquqini ham ularga berishga rozi bo’ldi.

Yosh bolalarni davolashda ishlatiladigan dorilar siri uchun “Gilead” umuman hech qanday haq talab qilmadi.

Bu o’zgarish OITSga chalingan millionlab odamlar hayotini yengillashtiradi.

Hozirgi kunga qadar kambag’al mamlakatlarda ishlatilayotgan dorilar kasallikni sekinlashtirsa-da, organizm uchun salbiy asoratlarga ham olib kelishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG