Qirg`izistonda, rasmiylarning aytishicha, O`zbekiston Islom Harakatining bir necha a`zosi o`ldirilgan. Qashqadaryoda esa 11 kishi terrorchi guruhlarga aloqadorlik gumoni bilan sud qilinmoqda. Sharhlovchilar nazarida davlatlar ekstremizm bahona siyosiy bosimni oshirmoqda.
Shu paytgacha Afg`onistonda harakat qilgan dala qo`mondoni Mulla Abdullo Tojikistonga qaytgani aytilmoqda. Bu xabardan so’ng tez orada Tojikiston sharqidagi Tavildarada otishmalar boshlangan.
Tojikiston rasmiylari O`zbekiston Islom Harakati faollashgani haqida xabar bermoqda.
Yaqinda Xonobodda chegara postiga hujum uyushtirilib, Andijonda portlashlar ro’y bergan edi. Qirg`iziston maxsus xizmati mamlakat janubida bir necha jangari yo`q qiligani haqida axborot tarqatgan. Jangarilarning aksariyati O`zbekiston Islom Harakati a`zolari ekani ta`kidlanadi.
Mintaqada ektremist tashkilotlarning faollashgani haqida bahsli qarashlar mavjud. Sharhlovchilarga ko`ra, ekstremizmda, terrorizmda ayblanayotgan guruhlar nomi ko`paymoqda. Maqsadi noma`lum guruhlardan siyosiy maqsadlarda foydalanish davom etmoqda.
“Rossiya harbiylari Qirg`izistonda joylashishi va mintaqada ektremistlar faollashgani haqidagi gaplar bir-biri bilan bog`liq. Ular ozgina olov yoqib, “olabo`ji” bo`lib berishadi. Bular esa (Rossiya harbiylari) bu yerga tinchlikni saqlovchi kuchlar bo`lib kiradi. Fikrimcha, mintaqada islomiy ekstremizmdan vahima ko`tarish kerak emas, chunki ular hozir arzimagan guruhdan iborat. G`oyasi ham yo`q, maqsad faqat narkotrafik bo`lishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig`atoy.
Unga ko`ra, Qirg`iziston januda qo`shimcha harbiylar joylashtirish muammoni hal etmaydi.
“Ayniqsa, suv bo`yicha O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikiston munosabatlari qizib turgan bir paytda Rossiya ekstremistlardan foydalanib, unga kerosin quyishi mumkin. Chunki u yerda ham askarlar joylashadi. Men ekstremistik kuchlar bilan Rossiyaning uzviy bo`gliq joyi bor deb gumon qilaman”, - deydi Chig`atoy.
Sharhlovchi Fayzulla Ishoqovga ko`ra, Afg`onistonda toliblarga qarshi kurash faollashgani mintaqada aks etmoqda.
“Men O`zbekiston Islom Harakatining qayta kuch yiqqaniga ishonmayman. Faqat bir narsadan xavotir bo`lish kerak - Amerika jangarilarni qirishni boshlasa, Tohir Yo`ldoshning Markaziy Osiyoga suqulib kirishdan boshqa iloji qolmaydi”, - deydi Ishoqov.
Tahlillarga ko`ra, mintaqadagi siyosiy kurashlarda diniy ekstremizm tahdididan foydalanish urfga kirib bormoqda. O`zbekistonda diniy ektremizm, terrorchilikda ayblangan fuqarolar ustidan sud ishlari tez-tez kuzatiladi.
“Avval “Hizb ut-Tahrir”, “Vahobiylik” bo`yicha ishlar ketgan bo`lsa, hozir bu ayblovlar yanada chuqurlashgan. Ular go`yo xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan aloqada ekan. Ulardan o`rganib, bu yerda harakat qilishayotgandek. Isbotsiz narsalarni yozishayapti. Hammasi siyosiy maqsadda qilinayotgan ishlar. Hozir Tojikiston va Qirg`izistonda ham kuzatilayapti. Bu soxta ishlardan davlat rahbarlari siyosiy maqsadlarni ko`zlamoqda”, - deydi Qarshida 11 kishi ustidan boshlangan sud jarayoni haqida huquq himoyachisi Surat Ikromov.
Tahlilchilar fikricha, ekstremizm tahdididan siyosiy maqsadda foydalanish mintaqa uchun xavfli, ayanchli tugashi mumkin.