Breaking News

Guantanamodagi uyg'ur mahbus ishi qayta ko'riladi


AQSh federal apellyatsion sudi olti yildan beri Guantanamo qamoqxonasida urush asiri sifatida saqlanayotgan, uyg’ur millatiga mansub Huzayfa Parhatni panjara ortidan chiqarishni va uning maqomini qayta ko’rib chiqishni buyurgan.

Parhatning qachon ozodlikka chiqishi noma’lum, ammo buning uchun yuridik harakat boshlandi deydi advokatlar.

Guantanamodagi 400 dan oshiq mahbus orasida Afg’onistonda ushlanib olib kelingan 25 nafarga yaqin uyg’ur bor edi. Ulardan besh nafari oqlanib, Albaniyadan boshpana olgan. Qolganlarining taqdiri mavhum.

Amerika rasmiylari ularning begunoh ekani tan olingan, ammo xavfsiz boshpana topilmaguncha uyg’urlar Guantanamoda qolishga majbur deydi. AQSh ularni, qiynoqqa solinishi mumkinligidan xavotirlanib, Xitoyga topshirmoqchi emas. Xitoy bu uyg’urlarga terrorchi sifatida qaraydi deydi rasmiylar.

Vashington bu uyg’urlarga Amerikada yashash uchun ruxsat berishni ham istamaydi.

Guantanamodagi mahbuslardan 100 dan ziyodi hozir o’z maqomini qayta ko’rib chiqishni so’ramoqda. Afg’onistonda hisbga olingan bo’lsa-da, deydi ularning himoyachilari, bu insonlar AQShga qarshi urushda qatnashmagan va uni dushman deb bilmaydi.

Bu asirlar orasida o’zbeklar borligi ham tilga olinadi, lekin to'liq ma'lumotlar berilmaydi. Ayrimlari vatanga ekstraditsiya qilinmasligini iltimos qilgan.

Yaqinda AQSh Oliy Sudi bu mahbuslarning ishi fuqaro sudlarida ko’rilsin deb hukm chiqargan. Huquqshunoslar fikricha yaqin kelajakda bu insonlarning ahvoli oydinlashadi.

XS
SM
MD
LG