Breaking News

Pokistondagi o'zbek jangarilari kim tomonda?


“New York Times” va “Washington Times” gazetalarining Markaziy Osiyo va unga qo’shni davlatlardagi vaziyat yuzasidan sharhi

AQShning “Nyu-York Tayms” nashri Pokistonning qabilaviy hududlaridagi ahvol va jangarilarga qarshi kurash haqida xabar beradi. “Vashington Tayms” gazetasiga ko’ra esa Xitoy terrorga qarshi urush bahonasida mamlakatning g’arbiy qismida yashovchi uyg’urlarga tazyiq o’tkazmoqda.

AQShning nufuzli gazetalaridan biri, “Nyu-York Tayms” Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh hududlaridagi vaziyatga nazar tashlaydi. Pokiston hukumatining tishi deyarli o’tmaydigan bu hududlarda turli qabilalar joylashgan.

Aksariyat tahlilchilar nazarida al-Qoida va Tolibon jangarilari aynan shu yerlarni o’z bazasiga aylantirgan va chegaradan Afg’onistonga o’tib koalitsiya qo’shinlari va afg’on kuchlariga qarshi hujum uyushtirmoqda. Gazetaga ko’ra, so’nggi kunlarda Pokiston qo’shinlari Janubiy Vaziristonda chet-ellik jangarilarga qarshi jang qilgan.

Ayrim ma’lumotlarda keltirilishicha, ularning aksariyati Al-Qoidaga aloqador o’zbeklar va Markaziy Osiyo vakillari. Hukumat qo’shinlaridan tashqari ularga qarshi mahalliy qabilalar vakillari ham jang qilmoqda. Biroq bu o’zbeklar O’zbekistondanmi yoki Afg’oniston shimolidan chiqqan mahalliy o’zbeklarmi, hozircha noaniq.

Tolibon qo’mondonlaridan birining aytishicha, o’zbek jangarilariga qarshi Tolibon ham tish qayramoqda, chunki o’zbek jangarilari Tolibondan farqli o’laroq Afg’onistondagi xalqaro kuchlarga emas, aksincha Amerikaga xayrihoh deb bilingan Pokiston hukumatiga aloqador kishilarga qarshi harakat qilmoqda. Bu esa mahalliy qabilalarni ham, Tolibon rahbariyatini ham g’azabga solgan.

Pokiston prezidenti Parvez Musharrafning aytishicha, turli xil jangarilarga qarshi kurashish uchun 85 mingdan ziyod harbiy mintaqaga safarbar qilingan.

Shinjon - Xitoyda uyg’urlar yashaydigan hudud, biroq uyg’urlarning o’zi yerlarini Sharqiy Turkiston, deb atashni afzal ko’radi. “Shinjon” xitoy tilida “yangi yer” degani, biroq ko’p asrlardan beri bu yerda yashayotgan uyg’urlar uchun bu yerlar yangi emas.

Uyg’urlarning kommunistik Xitoy zulmidan qutilishga qaratilgan har qanday faoliyati – xoh qurolli bo’lsin, xoh tinch bo’lsin, Xitoy hukumati tomonidan terroristik harakat deb baholanadi.

Hududga safar qilgan “Vashington Tayms” gazetasi muxbiri Anton Foekning aytishicha, Xitoy hukumati xalqaro terrorga qarshi urush bahonasida terrorchilikka aloqador bo’lmagan uyg’urlarga bosim o’tkazmoqda. 100 ming kishilik aholiga ega Ko’cha shahrining 80 foizini uyg’urlar tashkil etsada, ularni xitoylar boshqaradi.

Uyg’urlarning huquqlari kundalik ravishda buziladi, sababsiz qamoqqa olish, mehnat lagerlariga jo’natish, sudsiz tutqunlikda uzoq ushlab turish odatiy hol.

“Vashington Tayms” muxbirining aytishicha, musulmonlarning chet-elliklar bilan muloqot qilishi qat’iyan man etiladi. Buning uchun hattoki qamoqqa olinish ham mumkin.

Mahalliy uyg’urlarning aytishicha, Sharqiy Turkiston tabiiy qazilmalarga boy bo’lgani bois, xitoylar uyg’urlarni o’z yeridan siqib chiqarishga harakat qilmoqda. Xitoy hukumatining mintaqani rivojlantirishga qaratilgan harakatlariga qaramay hududning iqtisodiy jihatdan eng nochor tabaqasi – uyg’urlar.

Mutaxassislar nazarida, Xitoyning jahonda tutgan o’rni va tobora o’sayotgan iqtisodiy salohiyati uni xalqaro hamjamiyat bosimi va tanqididan himoyalab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG