Breaking News

O'zbekiston hukumati internetni tahdid manbai sifatida ko'rmoqda


O’zbekistonda mingdan ziyod axborot vositalari faoliyat yuritishiga qaramasdan ijtimoiy –siyosiy vaziyatni xolis yorituvchi gazeta-jurnal, telekanal yoki radiolar yo’q.

Omma orasida internetdan axborot izlashga ehtiyoj kuchayib borar ekan hukumat global tarmoqni ham cheklashga tushgan.

Ko’plab informatsion saytlar, jumladan amerikaovozi.com, ozodlik.org va fergana.ru singari axborot sahifalariga kirish man etilgan.

Bunday olib qaraganda O'zbekistonda matbuotni nazorat ostida ushlash uchun sabablar ko'paymoqda. Mustaqil jurnalistlar deydiki mamlakatda ijtimoiy- siyosiy vaziyat og'irlashib borar ekan, erkin matbuot repressiv hukumat uchun xavf manbaiga aylanmoqda.

“Hukumat tizimidagi barcha idoralar matbuotdan o'ziga nisbatan xatar sezayapti. Matbuotni o'ziga nisbatan alohida kuch sifatida ko'rayapti. Bu choralarning barchasi birinchi navbatda hukumatdagi idoralarning xavfsizligi uchun ko'rilayapti. Biror xavfning oldini olish uchun biz ularni kuchliroq o'rganishimiz kerak deyishayapti. Prokuraturadagi suhbat chog'ida ham mendan bu yerga yozgansiz, bular bilan gaplashgansiz qabilidagi so'roqlar bo`ldi. Ular o'zlari yoqmagan narsalarni qidirib, uni men bilan bog'lashga harakat qilib ko'rishdi”, - deydi mustaqil jurnalistik faoliyati uchun yaqinda Toshkent shahar prokuraturasiga chaqirilgan Husniddin Qutbiddinov.

So'roq qilingan yana bir muxbir Sid Yanishevning aytishicha mahalliy matbuot ustidan to'liq nazorat o'rnatilgan bir paytda kam sonli mustaqil jurnalistlar hukumatni asabiylashtirmoqda.

“Mustaqil jurnalislar hukumat bo'g'ziga tiqilgan suyakka o'xshaydi. U mutlaq yopiq mamlakatda oshkoralik uchun xizmat qilmoqda. Hukumat axborotni to'sishga qanchlik harakat qilmasin, hozirgi davrda buning uddasidan chiqmaydi. Kichik miqyosdagi bu oshkoralik mamlakatda inson huquqlarining tamoman toptalishiga sal bo'lada to'sqinlik qilmoqda”, - deydi u.

Sid Yanishev fikricha tuzum jurnalistlarni qo'rqitishda davom etmoqda.

“Chaqirilishimizning sababi shuki hukumat bizga "siz nazoratdasiz" degan ogohlantirish berdi. Albatta bu o'z ta'sirini ko'rsatdi, masalan mustaqil jurnalist Marina Kozlova, avval ham ketaman deb yurgan edi, lekin prokuraturaga chaqirtirilgandan keyin o'sha kuniyoq mamlakatdan chiqib ketdi”, - deydi Yanishev.

Hozirgacha o'nlab jurnalistlar turli ta'qib va tazyiqlar ostida mamlakatni tark etgan. Yana bir necha mustaqil jurnalist turli ayblar bilan qamoq jazosiga hukm qilingan.

Tazyiqlar ortar ekan, aholining mustaqil axborotga ehtiyoji ham kun sayib oshib bormoqda.

O'zbekistonliklar uchun internet - xolis xabarlar olsa bo'ladigan manba.

"Matbuotda yo'q bunday axborot, internetda esa bor. Hukumat uchun internetning xavfli tomoni shundaki, u yerda nafaqat jurnalistlar, balki istagan odam yozishi mumkin. Hatto hukumat ichidagi odamlarning o'zi ham ”, - deydi Husniddin Qutbiddinov.

O'zbekistonda davlat axborot vositalari - rasmiy targ'ibot quroli bo'lib kelgan. Ularning asosiy vazifasi hukumat yutuqlarini sarhisob qilish. Aholining tirikchilik qilishi tobora qiyinlashar ekan, odamlar hukumatni ko'klarga ko'tarib kelayotgan telekanal, radio va gazeta-jurnallardan to'yib ketgan.

XS
SM
MD
LG