Breaking News

"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi


Amerikada ta’lim olish imkoniyatlari haqidagi haftalik radio ruknimizga muxlislardan ko'plab savol va maktublar keladi.

Jahongir ismli muxlisimiz Qo'qon shahridan bizga xat yo’llabdi:

“Ko’p yoshlar AQSh va boshqa xorijiy davlatlarda ta'lim olishni xohlaydi, lekin o'qish pullik. Bu ular uchun muammo. AQShda masofaviy ta'limni bepul olsa bo'ladimi? TOEFL testlarini bepul topshirish mumkinmi?”

Jahongir, Amerikaning O’zbekistondagi elchixonasi veb-saytini sizga tavsiya qilgan bo’lar edik. Elchixona qoshida ta’lim-maslahat markazi ham ochilgan.

http://uzbekistan.usembassy.gov/

O’quvchi, talaba va mutaxassislar uchun muntazam ravishda u yoki bu programmalar e’lon qilinadi. Masalan, hozir UGRAD (Global Undergraduate Exchange Program) – bakalavrlikda o’qiyotgan talabalar uchun bir yillik dasturga hujjatlar qabul qilinmoqda. Boshqa iqtidorli yoshlar bilan kuch sinashishga to’g’ri keladi, albatta. Muhimi, bu programmalar bepul.

Masofaviy ta’lim olish imkoniyatlariga kelsak, avval hikoya qilganimizdek, o’qishning bu usuli ham pullik. Maslahatimiz, AQSh hukumati, elchixona tadqim etgan bepul ta’lim dasturlaridan foydalaning. Bu programmalar soni har yili ko’paymoqda.

Ingliz tilini qanchalik puxta bilishingizni sinovdan o’tkazuvchi TOEFLni topshirish esa hamma uchun pullik. Biroq elchixona e’lon qilgan ba’zi dasturlar doirasida qatnashchi bu testga bepul kiradi. AQSh elchixonasiga murojaat qilib, shartlarni so’rab-surishtiring.

Tolmas ismli muxlisimiz savoliga o’tsak.

“AQShda qanday qilib o’qishni davom ettirsa bo’ladi? Hozir Rossiyada o’qiyapman”.

Tolmas, o’qishni qaysi yo’nalish bo’yicha, qanday shartlar asosida davom ettirmoqchisiz? Javob ana shunga bog’liq.

Mablag’ o’z hamyoningizdan to’lansa, istagan universitetga hujjat topshirishingiz mumkin. Universitetlar haqida esa internetdan ko’plab ma’lumot topish mumkin. Albatta, ingliz tilini bilish asosiy talab. Imkoniyat tug’ilsa, bir nechta ta’lim dargohiga hujjat jo’natib qo’ying.

Nimalar talab qilinishi har bir maskan veb-saytida batafsil aytiladi. Darvoqe, bankda yetarli mablag’ borligini tasdiqlash kerak bo’ladi. Yillik o’qish esa kamida 20 ming dollar atrofida. Lekin har bir universitetda moliyaviy yordam dasturlari ham bor. Ular uchun tanlovda qatnashishga to’g’ri keladi.

Agar bepul o’qish haqida o’ylanayotgan bo’lsangiz, AQSh elchixonasi veb-sayti siz uchun foydali manba. Biroq bu ta’lim programmalarining muhim sharti shuki, qatnashchi dasturga qabul paytida vatanida, ya’ni O’zbekistonda bo’lishi kerak.

XS
SM
MD
LG