Breaking News

Dunyoning 10 faoli "Jasoratli ayol" mukofoti bilan taqdirlandi


Chapdan, Afg'onistondan Maryam Duraniy, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, prezident rafiqasi Mishel Obama, Saudiya Arabistonidan Samar Badaviy, Pokistondan Shod Begum va Sudandan Havo Abdulloh, 8-mart 2012
Chapdan, Afg'onistondan Maryam Duraniy, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, prezident rafiqasi Mishel Obama, Saudiya Arabistonidan Samar Badaviy, Pokistondan Shod Begum va Sudandan Havo Abdulloh, 8-mart 2012

Qo’shma Shtatlar har yili Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan dunyoning 10 faol ayolini yuksak mukofot bilan taqdirlaydi.

2009-yilda O’zbekistondan inson huquqlari himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva (video), 2011-yilda yilda esa Qirg’izistondan o’sha paytdagi prezident Roza Otunbayeva (video) “Jasoratli ayol” (International Women of Courage) unvoniga munosib ko’rilgan edi.

Bu yili u kimga nasib etdi?

Inson huquqlari va tenglik uchun kurashgan xotin-qizlar haqida gap ketmoqda.

“Jasoratli ayol” mukofoti jamiyatni oldinga yetaklagan insonlarga beriladi, deydi Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi.

“Ayolning hayoti yaxshilansa, demak, uning oilasi ham yaxshi yashayapti. Demak, mahalla hayoti ham, jamiyat ham asta oldinga siljimoqda. Ayol ishtirokisiz iqtisodiy o’sish va taraqqiyot bo’lmaydi. Shu bois xotin-qizlar mehnatiga e’tibor berish, ularning sog’lig’i va ta’limi ustida qayg’urish har bir hukumat oldida turgan asosiy burch”,- deydi Xillari Klinton.

Maryam Duraniy Afg'onistonda ayollar haq-huquqlarini himoya qilmoqda
Maryam Duraniy Afg'onistonda ayollar haq-huquqlarini himoya qilmoqda
Notinch Afg’onistonda iqtisodiy tenglik uchun kurashayotgan Maryam Duraniy; Braziliyada ichki ishlar tizimini isloh qilayotgan mayor Prisilla de Oliveira Azevedo; Birmada demokratiya va erkinlikni targ’ib qilayotgan Zin Mar Aung.

Kolumbiyada xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonliklar va qoradori savdosini yoritib, xalqidan rahmat olgan, ammo o’zi ham bir to’da jinoyatchilar tomonidan zo’rlangan jurnalist Jinet Bedoya Lima.

Shod Begum Pokiston qishloqlarida xotin-qizlar bilimli, kasb-hunarli bo'lishi uchun kurashmoqda
Shod Begum Pokiston qishloqlarida xotin-qizlar bilimli, kasb-hunarli bo'lishi uchun kurashmoqda
Liviyadagi inqilob ortida turgan, shuningdek, yurtining yetakchi me’mori Hana al-Hibshiy; Maldiv orollarida xotin-qizlar izzati va ularga nisbatan jinoyatlarga qarshi kurashgan Anisa Ahmad; Pokistonda ayollarni siyosatga jalb etish, yurtining eng qoloq tumanlarida ayollarga kasb-hunar o’rgatish, qizlar bilim olishi uchun sharoit yaratish bilan mashg’ul Shod Begum; Saudiya Arabistonida erkin turmush qurish, erkaksiz va uning ruxsatisiz ishlash va sayohat qilish singari uzviy huquqlar uchun ter to’kkan Samar Badaviy.

Jinet Bedoya Lima Kolumbiyada uyushgan jinoyatchilik, qoradori savdosi va xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonliklarni yoritgani uchun qurollangan to'dalar tomonidan tajovuziga uchragan. Jinoyatchilar uni ikki bor o'g'rilab ketib, zo'rlagan. Jurnalist ishini
Jinet Bedoya Lima Kolumbiyada uyushgan jinoyatchilik, qoradori savdosi va xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonliklarni yoritgani uchun qurollangan to'dalar tomonidan tajovuziga uchragan. Jinoyatchilar uni ikki bor o'g'rilab ketib, zo'rlagan. Jurnalist ishini
Tinimsiz urushlar iskanjasidagi Sudanda boshpanasiz qolganlarning boshini silagan, qochqinlar manfaati uchun kurashgan Havo Abdulloh va Turkiyada nogironlar, xotin-qizlar va ozchilikdagi elatlar haq-huquqi uchun turib bergan Shafak Pavey – 2012-yilning eng jasoratli ayollari deb topilgan.

Bu moliyaviy mukofot emas, balki bu insonlar mehnatini tan olish va ularni dunyo xotin-qizlariga namuna qilib ko’rsatishdir.

Bu ayollar, deydi Mishel Obama, Amerika prezidentining rafiqasi, dunyoni o’zgartirishga bel bog’lagan qahramonlardir.

Samar Badaviy vatani Saudiya Arabistonida erkin turmush qurish, erkaksiz va uning ruxsatisiz ishlash va sayohat qilish singari uzviy huquqlar uchun kurashib keladi
Samar Badaviy vatani Saudiya Arabistonida erkin turmush qurish, erkaksiz va uning ruxsatisiz ishlash va sayohat qilish singari uzviy huquqlar uchun kurashib keladi
“Korrupsiyaga toqat qilmay unga qarshi kurash boshlagan ayollar. Zulm va bosimga qarshi bosh ko’targan ayollar. Zo’ravonlik, qashshoqlik, diskriminatsiya, tengsizlik… Ular o’z bilimi va iqtidorini ishga solib, vatanlaridagi azaliy muammolarni yechishga urinmoqda va buning uddasidan chiqmoqda. Ular o’z hayotlarini xavf ostiga qo’yib, keng omma manfaati uchun qayg’urmoqda. Bu insonlar boshdan kechirgan qiyinchiliklar, yuzlashgan to’siqlarga hamma ham bardosh bera olmaydi”,- deydi Mishel Obama, Davlat departamentida o’tgan taqdimot marosimida.

“Jasoratli ayol” mukofoti 2007-yilda, AQShning o’sha paytdagi davlat kotibasi, ya’ni tashqi ishlar vazirasi Kondoliza Rays tashabbusi bilan ta’sis etilgan.

8-mart kuni Vashingtonda Davlat departamentida o'tgan taqdimot marosimi, ingliz tilida:

O'zbekistondan taniqli huquq faoli Mo'tabar Tojiboyevaga 2009-yilda bu mukofot taqdim etilgan edi:

2011-yilda Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva ham bu mukofot bilan taqdirlangan:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG