Breaking News

Ayol va jamiyat: AQSh Oliy Sudi a'zosi Rut Beyder Ginsburg bilan suhbat


AQSh Oliy Sudi a'zolarining uch nafari ayollardir. Eng keksasi Rut Beyder Ginsburg 1993-yilda o’sha davrdagi prezident Bill Klinton tomonidan munosib ko’rilgan.
AQSh Oliy Sudi a'zolarining uch nafari ayollardir. Eng keksasi Rut Beyder Ginsburg 1993-yilda o’sha davrdagi prezident Bill Klinton tomonidan munosib ko’rilgan.

AQSh Oliy Sudi to’qqiz a’zodan iborat. Ular bu lavozimga prezident tomonidan ko’rsatiladi, Kongress tomonidan tasdiqlanadi va umrining oxirigacha bu kursida o’tirishga haqli.

Ularning uch nafari – ayollar. Eng keksasi Rut Beyder Ginsburg 79 yoshda. Oliy Sudga 1993-yilda o’sha davrdagi prezident Bill Klinton tomonidan munosib ko’rilgan.

Ginsburg xonim huquqshunos bo’lishga qaror qilganida, bu soha erkaklar saltanati edi. Bugun, deydi sudyaning o’zi, adliya va huquq tartibot organlarida xotin-qizlar katta sonda, faol xizmat qilmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Rut Ginsburg nafaqat Amerika ayollari balki jahon bo’ylab erishilgan muvaffaqiyatlar haqida gapirdi. Jinsiy tengsizlik kechagi muammo, bugun har bir soha egasi bilim, tajriba va idrokiga qarab baholanadi, deydi u.

1993-yilning 10-avgusti. Rut Beyder Ginsburg AQSh tarixida Oliy Sudga tayinlangan ikkinchi ayol sifatida qasamyod keltiradi.

Advokat bo’lish bolalik orzusi emas edi, universitetda bunga qaror qilgan.

U paytlar Ikkinchi jahon urushidan keyingi tahlikali damlar edi. Dunyo ikkiga bo’lingan, Sovet Ittifoqi va Amerika orasida sovuq urush boshlangan damlar.

Rut Beyder Ginsburg 1993-yildan beri Oliy Sud a'zosi
Rut Beyder Ginsburg 1993-yildan beri Oliy Sud a'zosi
Minglab amerikaliklar zimdan kommunistlikda ayblanib, javobgarlikka tortilgan, deya eslaydi oliy sudya.

“Jasur, dovyurak advokatlarimiz bor ediki, ular bu begunoh odamlarni himoya qilgan, adolat uchun turib bergan. Qonunchilarga konstitutsiya mag’zini chaqib bergan, uning asosini eslatgan. Ular huquqshunos qudratini namoyon etgan. Ularga qarab, shu kasbni tanlaganman”.

Lekin Rut Ginsburgning ota-onasi uchun bu ma’qul kelmagan. Ayol kishi bu sohada ishlolmaydi, erkaklarga bas kelolmaysan deyishgan.

Ginsburg xonim 1954-yilda Garvard universitetiga kirganida, huquqshunoslik fakultetida 500 talaba bor edi, atigi to'qqiz nafari qizlar edi.
Ginsburg xonim 1954-yilda Garvard universitetiga kirganida, huquqshunoslik fakultetida 500 talaba bor edi, atigi to'qqiz nafari qizlar edi.
Lekin qizlari ahdidan qaytmagan.

1954-yilda nufuzli Kornell Universitetini bitirgach, u Garvard Universitetining yuridik fakultetiga kiradi.

“Bu fakultetda o’sha paytda 500 dan ortiq talaba bo’lsa, to’qqiz nafari qiz edi”.

Rut Ginsburgning turmush o’rtog’i Martin Ginsburg ham advokat. Oilaviy sabablar bilan ular Nyu-Yorkka ko’chadi, Rut Ginsburg esa Garvarddan Kolumbiya Universitetiga.

Bu ilm dargohini u 1959-yilda bitirgan. Ota-onasi aytganidek, ayol kishiga advokatlik qilish oson kechmaydi. Sinov va mashaqqatlar.

“Butun boshli Nyu-Yorkda meni, ayol advokatni, biror yuridik firma ishga olmagan”.

Rut Beyder Ginsburg turmush o'rtog'i Martin Ginsburg bilan, 1954
Rut Beyder Ginsburg turmush o'rtog'i Martin Ginsburg bilan, 1954
Tanish professor unga kotibalik qilishni maslahat beradi. Sabr-matonat va ishonch bilan Rut Ginsburg ikki universitetda dars bera boshlaydi.

1972-yilda u xotin-qizlar huquqi yo’lida bir loyihaga asos soladi - ish joyida jinsiy tengsizlikka qarshi kurash.

“Qonunlar qabul qilinganiga qaramay hamon ko’plab hujjatlarda erkaklar birinchi, ayollar esa ikkinchi darajali fuqaro edi”,- deydi Lenora Lapidis, Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi rahbari.

“1970-yillarda Rut Ginsburg jamiyatimiz rivoji uchun buyuk ishlar qilgan. Oliy Sudga chiqib, jinsiy kamsitishni jinoyat deb e’lon qilishni talab qilgan. Bu konstitutsiyaga zid ekanini isbotlagan”,- deydi u.

Oradan 20 yil o’tib, Rut Ginsburg Oliy Sudga tayinlandi. Bosh qomus himoyasi endi uning zimmasida.

AQSh Oliy Sudi a'zolari, 1994-yilda olingan surat. U paytda bu organda ikki ayol bor edi, biri Rut Beyder Ginsburg, ikkinchisi esa Sandra Dey Okonnor.
AQSh Oliy Sudi a'zolari, 1994-yilda olingan surat. U paytda bu organda ikki ayol bor edi, biri Rut Beyder Ginsburg, ikkinchisi esa Sandra Dey Okonnor.
Undan beri ham mana qariyb 20 yil o’tdi. Bu davr mobaynida Rut Ginsburg liberal sudya sifatida nom qozondi, ya’ni, deya tushuntiradi uning o’zi, inson erkinligi va fuqaro tengligini olg’a suradigan sudya.

Qonuniy zamin yaratish bilan ish bitmaydi, deydi u, jamiyat ayol va erkakni teng pog’onada ko’ra olishi kerak. Tirikchilik va oila xurjuni ham erkak, ham ayol bo’ynida.

Rut Ginsburg ikki farzandning onasi. Ishni ham, oilani ham eplashning bir yo’li, deydi u, sizni hurmat qiladigan, tushunadigan, mas’uliyatli va vijdonli yo’ldosh topish.

“Umr yo’ldoshim mening kasbimga o’ziniki singari jiddiy qaragan. Uy ishlarini bo’lishganmiz. Farzandli bo’lganimizda, ularga birga qaradik, birga tarbiyaladik. Muvaffaqiyat kaliti shunda”.

Ginsburg xonim dunyo kezib, ayollar hayoti bilan tanishishni yaxshi ko’radi. Ularning roli beqiyos, deydi u.

“Orzum shuki, odamlar meni qonun, vatan va jamiyat himoyachisi deya eslasin. Insoniyatni qadrlash – oliy burch. Inson borki, erkin yashashi, kamsitilmasligi kerak. Huquq bor joyda, burch bor. Ayolmi yoki erkak, qonun oldida teng”.

Jahon xotin-qizlari hayotini aks ettiruvchi suratlar:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG