Breaking News

Amerikada gazeta va jurnallar hayot uchun kurashmoqda


Internet taraqqiy etgani sari Amerikaning qator gazeta va jurnallari bankrot bo’lib yopilmoqda.

Matbuot kelajagidan xavotirga tushib, qonunchilar bosma nashrlarni qutqarish yo’llarini qidirmoqda.

Ba’zi mutaxassislar nazarida esa bu quruq vahima, Amerika ommaviy axborot vositalari har qachongidan tetik.

Bugun odam Internetda istagan axborot, yangilikni topishi mumkin. Buning uchun gazetaga ortiqcha pul sarflashning keragi yo’q. Lekin natijada Amerikaning nufuzli nashrlari daromadidan ayrilmoqda.

Yil boshida Kolorado shtatida bir yarim asrdan beri chop etilgan “Rocky Mountain News” gazetasi yopildi. “Chikago Tribyun” va “Los-Anjeles Tayms” kabi hurmatli gazetalar bankrotlik yoqasida. Ba’zilari esa faqat internetga ko’chgan.

Prezident Barak Obama bosma matbuotni saqlab qolish kerak degan fikrda. Demokrat senator Jon Kerri esa gazetalarni yo’qolib borayotgan turga qiyoslaydi.

Qonunchilar noshirlikni qutqarishga doir qonun qabul qilishni taklif qilmoqda. Senator Ben Kardin gazetalar notijoriy tashkilot sifatida ishlashi kerak, bu ularni soliq to’lash majburiyatidan ozod qiladi, deydi.

“Gazetalar jurnalistik tekshiruv o’tkazib, jamiyatda muvozanat va adolatni ta’minlaydi. Ularni qutqarish lozim,” – deydi senator Kardin.

Onlayn gazeta-jurnallar mualliflari fikricha, xavotir o’rinsiz. Arianna Xaffington internetda o’z axborot saytini ochgan.

“Ommaviy axborot vositalari Oltin Davrni boshidan kechirmoqda. Odamlar global tarmoqqa kirib, dunyoning istagan burchagi haqida o’qishi, fikr bildirishi mumkin. Jurnalistika AQSh demokratiyasining ajralmas qismi ekani shubhasiz. Biroq jurnalistika kelajagi va gazetalar kelajagi bir narsa emasligini ham unutmaslik kerak,” – deydi Arianna Xaffington.

Google internet qidiruv tizimi vitse-prezidenti Marissa Mayerning aytishicha, uning kompaniyasi gazeta biznesini qutqarishga hissa qo’shmoqda.

“Google sayti odamlarni axborot sahifalariga yo’naltirib turadi, qiziqarli maqolalar linklarini jo’natadi” - deydi u.

Biroq gap shundaki, gazetalar bundan daromad qilmayapti. Google kabi saytlar gazetalarga haq to’lamaydi-ku. Nashr ishlab turishi uchun esa pul kerak.

“Dallas Morning News” gazetasi egasi Jeyms Maruni maqolalarni o’z saytida joylashtiruvchi mana shunday veb-saytlar gazetalarga muntazam pul to’lab tursin, demoqda.

Marunining aytishicha, onlayn nashrlar urush, nizo kabi yirik, jiddiy mavzularni keng, chuqur yoritishga qodir emas. “Washington Post” gazetasi sobiq muharriri Stiv Koll ham shu fikrda.

“Ular Bag’dod, Kobul, Islomobod, umuman, Yevropa va Osiyo shaharlarida professional jurnalistik idora ochib, ishlay olmaydi,” – deydi Stiv Koll.

Vaziyatni ko’rib turgan qonunchilar chora ko’rishga va’da bermoqda.

XS
SM
MD
LG