Breaking News

Klinton: Inson savdosiga qarshi keskin choralar ko'rish kerak


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Obama ma'muriyati Amerikada va jahon bo'ylab inson savdosiga qarshi kurashga jiddiy diqqat qaratmoqda. Qo'shma Shtatlar bu borada yillik hisobotini chiqargan. Unga ko'ra, 17 davlat inson savdosi muammosini bartaraf etishga yetarlicha harakat qilmayapti.

Hisobotning taqdimot marosimida Kongress a'zolari va inson traffigiga qarshi kurashda jonbozlik ko'rsatayotgan faollar ishtirok etdilar.

Xillari Klintonning aytishicha, mo'maygina pul ortidan zamonaviy qullikni gurkiratayotgan jinoyatchilar majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya va boshqa maqsadlarda odamlarni o'g'irlab pullamoqda.

Davlatlar keskin chora ko'rishi lozim, deydi davlat kotibi.

"Zamonaviy qullik ko'lami va darajasini fosh qilib, davlatlarga ishni qaysi yo'nalishda olib borish kerakligini ko'rsatish zarur. Inson savdosini payqash qiyin. Bizga aloqasi yo'q, bunday muammodan xolimiz deb bahona qilish yaramaydi," deydi u.

Hisobotda 175 mamlakatdagi vaziyat va ularning muammoga nisbatan siyosati tahlil qilinadi. Ma'lumot AQSh elchixonalari va nodavlat tashkilotlardan olingan. 17 davlatga salbiy baho berildi.

Bular Birma, Shimoliy Koreya, Fiji, Papua Yangi Gvineya, Kuba, Eron, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Suriya, Sudan, Chad, Niger, Zimbabve, Malayziya, Eritreya, Mavritaniya va Svazilend.

O'tgan yili keskin tanqidga uchrab, tegishli xulosa chiqargan Jazoir, Ummon, Qatar va Moldovaga bu yili inson savdosiga qarshi kurashga qo'shgan hissasi uchun ijobiy baho berildi.

Luis de Baka AQSh Davlat departamentida inson savdosiga qarshi kurash masalalari bilan shug'ullanadi.

Uning aytishicha, ba'zi mamlakatlar xulosa chiqarib, ijobiy o'zgarishga erishgan.

"O'z mintaqasi va jahondagi boshqa davlatlarga namuna bo'lmoqda," deydi de Baka.

AQSh Vakillar Palatasi a'zosi Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, inson savdosi qurbonlari va jabr-diydalarining 80 foizi ayollar, yarmi esa bolalar.

"Bu kabi jinoyatlar chegara bilmaydi. Eronda bolalar jinsiy tajovuzga uchraydi, xohishiga qarshi ishlatishadi, qizlari esa Pokiston va boshqa davlatlarga sotiladi. Suriyada ayollarni Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoga pullashadi, uyda cho'ri qilib ishlatishadi. Sharqiy Yevropa va Iroq ayollarini esa fohishalikka undashadi," deydi qonunchi.

Hisobotda O'zbekiston ham tilga olingan. Unda aytilishicha, o'zbekistonlik qiz-juvonlar hiyla bilan Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Turkiya, Malayziya, Tailand kabi davlatlarga olib chiqilib, fohishalikka majburlanadi. Qozog'iston va Rossiyada esa erkaklar qurilish, paxta va tamaki dalalarida majburan ishlatiladi. Bolalarni mamlakat ichkarisida paxta dalalariga chiqarishadi, deyiladi hisobotda.

Davlat departamentiga ko'ra, O'zbekiston hukumati Jinoiy kodeksga o'zgartirish kiritib, inson traffigi uchun jazo muddatini oshirgan, jabr-diydalarga boshpana tashkillashtirilgan, matbuotda muammoga katta e'tibor qaratilmoqda.

XS
SM
MD
LG