Breaking News

Kommunizmdan keyingi Rossiya hamon o'zligini qidirmoqda


Sovuq urush davrida Sharqiy blokka kirgan va Sovet Ittifoqi soyasida yashagan Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari bugun harbiy, siyosiy va iqtisodiy sohada islohotlarni amalga oshirib, Rossiyadan ancha yiroqlashgan.

Berlin devorining qulashi Yevropada nafaqat kommunizm chirib bo’lganiga, balki Moskvaning Markaziy va Sharqiy Yevropa ustidan hukmronligi tugaganiga ham signal edi.

Rossiyada esa, deydi siyosatdonlar, ko’p hollarda buning aksi. Tuzum hamon avtoritar.

Mintaqa davlatlari asta-sekin Yevropa Ittifoqiga kirdi. Ularni bir vaqtlar G’arbdan himoya qilgan Varshava Shartnomasidan chiqib, Rossiya tahdididan himoya so’rab, NATOga a’zo bo’ldi.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Aleksandr Konovalovning aytishicha, Sovet Ittifoqi paytida Moskva bu davlatlarga ko’p bosim o’tkazgan. “Qizil imperiya qulagan bo’lsada, uning merosxo’ri bo’lmish Rossiyadan cho’chigan sobiq vassal davlatlar NATOga katta ehtiyoj yuzasidan qo’shildi”, - deydi u.

Rossiya yangi xavfsizlik blokini tuzishga kirishib, 2002 yili sobiq Sovet respublikalari ishtirokida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga asos solindi. Biroq joriy yilda Belarus iyun sammitiga borishdan, O’zbekiston esa tashkilotning tezkor harbiy guruh tuzish haqidagi bandini imzolashdan bosh tortdi.

Konovalov fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi yana bir guruhda ham Rossiya mavqeini bir oz yo’qotgan.

“Tashkilotga ko’plab davlatlar qo’shilmoqchi va ularga kuzatuvchi maqomi berilgan. Guruhga Xitoy a’zo bo’lgani uchun Rossiya uning doirasida o’z siyosatini olg’a sura olmayapti”, - deydi tahlilchi.

Berlin devori qulashi oqibatida Rossiyaning iqtisodiy siyosati xalqaro maydonda yaqqol ko’zga tashlandi. Markazlashgan tizim raqobatbardosh emasligi ayon bo’ldi. Rossiya rahbarlari bugun iqtisodiyotning barcha yo’nalishlarini rivojlantirish haqida ko’p gapirsa-da, mamlakat eksportining asosiy qismi hamon neft, gaz va boshqa tabiiy resurslardan iborat.

Boshqa tovarlar esa chetdan xarid qilinadi. Bu Rossiyani jahon narxlaridagi o’zgarishlarga tobe qilib qo’ygan. Moliya vazirligiga ko’ra, jahonda neftga talab pasayishi oqibatida joriy yilda eksport daromadi 190 milliard dollarga qisqaradi.

Moskvada joylashgan Yangi Yevrosiyo jamg’armasi prezidenti Andrey Kortunov nazarida Rossiyada tabiiy resurslarning ko’pligidan iqtisodiy reformalarga ehtiyoj yo’q.

“Bir vaqtlar Sovet Ittifoqi qanoti ostida bo’lgan davlatlar Yevropa Ittifoqiga qo’shilishdan oldin iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga majbur bo’ldi. Rossiya Ittifoqqa hali-beri qo’shilmaydi. Shuning uchun islohotlar uchun na maqsad, na ehtiyoj va na rag’bat bor”.

Kortunov nazarida Rossiyada Sovet davridan beri mavjud davlat va fuqarolar o’rtasidagi ijtimoiy “kelishuv” hali ham amalda, ya’ni aksar xalq asosiy yordam davlatdan kelishi kerak degan fikrda.

Shunga qaramay, deydi yana bir tahlilchi Masha Lipman, Rossiya Sovet Ittifoqiga qaraganda ancha olg’a qadam tashlashga muvaffaq bo’ldi.

“SSSR paytida harakatlanish erkinligi yo’q edi. Tadbirkorlik, xususiy mulk, foyda uchun ishlash – bularning barchasi jinoyat edi. Bu juda ham katta farq”.

Masha Lipmanga qaraganda yoshi ulug’ rossiyaliklar hamon SSSRni qo’msaydi, Rossiyaning ilgarigidek qudratli bo’lishini istaydi. Yoshlar esa kuchli ichki nazorat ostidagi Sovet tuzumida hayot qanday bo’lganini tasavvur ham qila olmaydi.

“Sevgan musiqangizni ijro etish huquqidan mahrum edingiz, istalgancha kiyina olmasdingiz, hayotingiz chetdan belgilanardi. Bugungi yoshlar bularni tushunmaydi”, - deydi Lipman.

Rossiya Berlin devori qulashi bilan yo’qolgan o’zligini hamon topishga harakat qilyapti. Sovet va chor o’tmishi, kommunizm va kapitalizm, avtoritar va demokratik tuzumlar orasida adashib qolgan davlat arosatda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG