Breaking News

Berlinda yirik tarixiy sana nishonlanmoqda


Bugun Germaniya poytaxtida Berlin devori qulaganining 20 yilligi nishonlanmoqda. 100 mingga yaqin odam, jumladan turli davlat rahbarlari Sharqiy Yevropaning ozod bo'lishiga olib kelgan muhim tarixiy voqeaga bag'ishlangan shodiyonalarda qatnashmoqda.

Tadbir "Ozodlik festivali" deya ta'riflanmoqda. Deyarli 30 yil davomida Germaniyani ikkiga bo'lib qo'ygan devor G'arb va sotsialistik tuzum o'rtasidagi raqobatchilik va kurash, Sovuq urush ramzi edi.

Qulagach, mintaqada geosiyosiy vaziyat batamamom o'zgara boshladi. Sovuq urush tugadi, Yevropa birlashdi.

Bugungi bayram shodiyonalari turli madaniy tadbirlar, konsertlar, rasmiy ma'ruzalar, kechasi esa rang-barang salyutlardan iborat.

AQSh hukumati nomidan Berlinga Davlat kotibi Xillari Klinton borgan. U ittifoqchi davlatlarni yanada ahillikka, Afg'onistondagi urush bo'yicha siyosatni bir yoqadan bosh chiqarib yuritishga chaqirgan.

"Erkinlikka intilayotgan boshqa xalqlarga ham yordam berib, 21-asr devorlarini qulatishda hamkorligimizni kuchaytirishimiz kerak," deydi Klinton.

Uning aytishicha, AQSh va Yevropa davlatlari oldingi avlodlardan o'rnak olib, ekstremizm, yadro qurollarining tarqalishi, iqlim o'zgarishi kabi muammolarga qarshi birgalikda kurashishi lozim.

"Yevropa davlatlari jahondagi iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot masalalarida hamisha faol bo'lgan. Tanazzuldan chiqish harakatlarimizni to'xtatmasligimiz kerak. Demokratiya va inson huquqlarini har joyda targ'ib qilib, insonga Yaratgan tomonidan berilgan imkoniyatlardan foydalanishi, orzulariga yetishishiga yordam berishimiz lozim," deydi AQSh rasmiysi.

Berlindagi tadbirlar doirasida Xillari Klinton davlat rahbarlari bilan muloqotlarida Eron yadro dasturi va boshqa masalalarni ham ko'tarmoqchi.

Berlinga taklif etilgan martabali mehmonlar orasida Berlin devori qulashining asosiy sababchisi, sobiq SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov, Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev, Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi va boshqalar bor.

XS
SM
MD
LG