Breaking News

Navro'z haqida bilgan-bilmaganlarimiz


"Chamanlar sayrig’a kelgilki, fasli navbahor o’lmish,
Riyozi xuld yanglig’ tog’u sahro lolazor o’lmish".

XVII-XIX asrlarda yashab ijod qilgan Shermuhammad Munisning bu g’azali nafaqat bahor, yangi kun, yangi davr va yoshlik balki momo yer va ona zamin, hayot va zamon haqida so’z yuritadi. Navro’zi olam deb bejiz aytishmagan.

Navro’z Sovet davrida O`zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa qismlarida ochiq nishonlanmagan.

Bir necha ming yillik tarixga ega bu bayram O`zbekistonda ayniqsa 1980-yillarga kelib rasman taqiqlangani haqida ma’lumotlar bor.

Bu davrga kelib, deydi yaqin tarixni sharhlayotgan ayrim mutaxassislar, O`zbekistonda milliylik tuyg`usi kuchaya boshlagan.

Mustaqillikdan keyin esa Navro`z davlat miqyosida keng nishonlanadigan bayramga aylandi. Dastlab madaniy ayyom sifatida ko’rilib, xalq sayli sifatida tantana qilingan Nazro`z bugunga kelib ancha siyosiy-rasmiy tus olgan.

Yaqin tarix

Sovet davrida Navro’zning taqiqlanishi ikki bosqichda kuzatilgan.

“Avval 1920-yillarda “xudosizlar jamiyati”ni tuzish davrida, odamlarni dindan voz kechasan, deb majburlash paytida, Navro`z ham taqiqlangan bayramlar qatoriga kirgan”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.

1985-86 yillarda esa Navro`z asosan O`zbekistonda “xavfli an’ana” sifatida ko’rilgan.

Qayta qurish davrida kechgan bu ta`qiblar milliy uyg`onish davrini boshdan kechirayotgan o`zbek ziyolilari o`rtasida kenh muhokama qilingan.

Xalq hofizi Dadaxon Hasanning eslashicha, shu yillarda O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Navro`zni “Baxt va Bahor” bayrami deb o`zgartirish tashabbusi bilan chiqqan.

“O`zbekiston Markaziy qo`mitasining ideologiya bo`yicha kotibasi Ra`no Abdullayeva edi. U qo’mita plenumida Navro’zni diniy bayram deb tanqid qilgan. Abdulla Oripov esa bu baxt va bahor bayrami degan. Keyin men “Marhabo Navro`zi olam” degan qoshig`imni aytib chiqqan edim”, - deydi Dadaxon Hasan.

1980-90 yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ishtirokchisi bo’lgan o’zbek ziyolilaridan biri Hayitboy Abdullayev fikricha, Navro’zni taqiqlash o`zbek kommunistlari tashabbusi edi.

“Bu faqat O`zbekiston kompartiyasining qarori bilan taqiqlangan. Chunki qo’shni Tojikiston va Qozog`istonda Navro`z bayram qilinayotgan edi”, - deydi u.

Fayzulla Is’hoqov fikricha esa Navro’zni cheklash asosan Moskva buyrug’i bilan amalga oshirilgan.

“1986-yili shunday qaror qabul qilingan. Hozir ko`plar buning uchun Ra`no Abdullayevani ayblashadi. Lekin aslida bu Moskva tomonidan boshqarilgan. Bu ayolning aybi shuki, u bu tazyiqlarga qarshilik qila olmagan”, - deydi tarixchi olim.

Cheklovlarni tan olmaydigan qadim bayram

“Nomi forschadan kelgan, qadim zardo’shtiylar davriga borib taqaladigan Navro`z faqat turkiylarda emas, balki bugungi Pokiston, Afg’oniston va Eronda ham nishonlangan va shu kungacha nishonlab kelinadi”, - deydi Fayzulla Is’hoqov.

Ko`klam boshlanishidan darak beruvchi bu kun dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan turkiy xalqlar tomonidan turlicha nishonlangan.

“Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi yillarda Navro`zni “Qozon to`ldi” deb ham atashgan. O’troq turkiylar bu bayramda yetti xil ovqat qilishgan. Uni yangi yil sifatida kutishgan. Keyingi yilgacha qozonimiz to`lib tursin degan ma`noda. Ayrim joylarda lola bayrami sifatida nishonlangan”, - deydi Hayitboy Abdullayev.

Navro’z mustaqillikdan keyingi yillarda

1991-yildan keyin Navro`z umumxalq bayrami darajasiga ko`tarildi.

Bayram bugun katta tayyorgarlik bilan qarshilanadi. O`zbekiston prezidenti har yili xalqni Navro`z bilan rasman tabriklaydi.

Biroq, deydi sharhlovchilar, Navro’z haligacha ham, tom ma’noda xalq bayramiga aylanmagan.

“Sovet davrida asosan 9 may, 1 may bayram qilinar edi. Milliy bayramlar yo`q edi. Xalqimiz o’sha qolipga tushib qolgan. Navro’z kelganini ham konsert berilganiga qarab sezadi. Chunki sovetlar xalqimizni Navro`z ruhidan uzib qo`ygan. Xalqimiz hamon shu izimdan chiqolmayapti”, - deydi hofiz Dadaxon Hasan.

Hayitboy Abdullayev fikricha esa Navro`z to`qchilik, to`kin-sochinlik bayramidir. Xalq moliyaviy yetishmovchilikdan qiynalar ekan, Navro`zga nisbatan munosabat ham shunga yarasha.

“Hozir bayramni milliy ruhga singdirish uchun harakat bo`layapti. Masalan, avval kuzatilgan shanbaliklar tiklanayapti. Bu ham ehtimol pokizalikni saqlash uchun foydalidir. Lekin 4-5 ming kishiga osh berish bilan ish bitmaydi. To`qlik zamon bo`lsa, har bir kishi Navro`zni o`z xonadonida bayram qiladi”, - deydi Hayitboy Abdullayev.

Adabiyotshunos olim Naim Karimov nazarida tarix chig`iriqlaridan qat`iy nazar Navro`z ruhi xalqni tark etmagan.

“Navroz bayrami tiklangach bildikki, u bilan bog`liq qancha udumlarimiz bor ekan. Qancha qo`shiqlar, qancha taomlar bor ekan. Hatto birgalikda jo`r bo`lib, aytiladigan qo`shiqlarimiz bor ekan. Qabristonga borish, o’tganlarni xotirlash kabi udumlari bor ekan”, - deydi u.

Navro`z, ayrim dindorlar nazarida, islomga xos bayram emas. Shariatga to’g’ri kelmaydi, deydi ular.

Bu munozaralar O`zbekistonda ochiq muhokama qilinmasa-da, ijtimoiy tarixdan xabarbor insonlar yuqoridagi talqinni tamonan rad etadi.

“Qadim zamonlarda Navro`z ehtimol boshqa bir diniy tarixga ega bo`lgandir. Lekin vaqt o`tishi bilan Navro`z milliy an’anaga aylandi. Navroz kuni quyosh bir kundan ikkinchi kunga o`tadi. Burj tahlil qilinadi. Islom dunyosi bu haqiqatni tan oladi. Shariatda bunga qarshilik yo’q. Aksincha hamisha hurmat qilib kelingan. Afsuski, mutaassib, fikr doirasi tor diniy oqimlar nafaqat Navro`zni, balki boshqa an`analarni ham inkor etishi etishi mumkin”, - deydi islomshunos olimlardan biri.

Adabiyotsunos Naim Karimov deydiki Navro`z xalq hayotida, qolaversa o’zbek madaniyati va adabiyotida yangilanish timsoli sifatida o`rin egallab bo’lgan.

XS
SM
MD
LG