Breaking News

Navro'zi olam - qadim madaniyatmi yoki g'ayridin meros?


Eron, Ozarbayjon, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Afg'oniston, qolaversa Janubiy Osiyodagi boshqa xalqlar qadim zardo'shtiylar davridan qolgan Navro'z, ya'ni "yangi yil"ni nishonlamoqdalar. Biroq ba’zi o’zbekistonliklar nazarida bayram diniy jihatdan musulmonlarga to’g’ri kelmaydi.

Chet-elga chiqqan ba’zi yoshlar Internetda bir necha yil mobaynida ommaviylashgan www.forum.uz saytida o’zaro muloqot qilishni afzal ko’radilar. Ba’zilar unga respublika ichidan ham kiradilar. Forumga kuniga ikki mingga yaqin odam kiradi. Ayrim yoshlarning fikricha, Forum.uz ning ommaviylashganiga unda turli mavzularda qizg’in bahs olib borilishi asosiy sababdir. Navro’zning islom diniga to’g’ri kelmasligi va shu sabab uni nishonlash dinga zid ekani ushbu forumda Navro’z bayrami oldidan, ayniqsa, ko’plab bahslarni keltirib chiqardi.

Bahsda ishtirok etayotgan yuzdan ortiq o’zbekistonlikning 50 foizi “Navruz madaniy merosimiz va uni nishonlashimiz kerak” degan fikrda. 40 foizi esa bayramning islomga zid ekanini hisobga olib, unga qarshilar. Munozarachilarning yana 10 foizi Navruzga befarqliklarini bildiradilar.

AQShda ishlayotgan Muhsim ismli yigitning aytishicha, chet-elga chiqqan yoshlarni O’zbekiston bilan bog’laydigan yagona narsa bu slom dinidir va shu sabab ular dinga qattiq berilib ketgan, biroq din saboqlarini asosan Saudiya Arabistonidan kelgan va AQSh da radikal g’oyalarni targ’ib qiluvchi dindorlardan o’rganadilar. Bu esa o’zbekistonlik yoshlarning Markaziy Osiyoda slomning bag’rikeng shaklidan uzoqlashishiga olib keladi. Chunki, Muhsimning fikricha, saudiyalik din peshvolari asosan vahobiylikni targ’ib qiladilar.

Angliyaga kelib qolgan Abdulloh Navro’zga 100 foiz qarshi bo’lmasada, islomga zid deb, uni nishonlamasligini ma’lum qildi. Toshkentlik Kumushxon ham Abdullohning so’zlarini qo’llab-quvvatlaydi. Biroq Kumushxon Navro’zni nishonlamaslikning diniy sabablaridan tashqari iqtisodiy sabablarini ham ko’rsatmoqda.

Navro’z tarafdorlari O’zbekistonning islomiy emas, balki dunyoviy davlat ekanini eslatadilar. Suhbatdoshlarimizning yana biri AQShga Samarqanddan kelgan. Nargizning aytishicha, ateist Sovetlarning davrida xo’rlangan bayram Mustaqillikdan so’ng tiklandi, biroq islomiychilar ham uni ma’n qilishga oshiqmoqdalar.

Nargiz misol tariqasida Eronni keltiradi. Eron Islom Respublikasi bo’lishiga, unda Shariat qonunlari amal qilinishiga va hukumati G’arb davlatlari tomonidan radikal tuzum deb tan olinishiga qaramay, Navro’z mamlakatda keng nishonlanadi.

Toshkentlik Farhod va ayni damda Yaponiyada ishlayotgan Behzod ham Navro’zni O’zbekiston madaniyati va tarixining ajralmas qismi deb hisoblaydilar.

Internetda turli mavzularda munozara olib borayotgan o’zbekistonlik yoshlar nazarida, mamlakatda so’z erkinligining yo’qligi xalqni turli dolzarb mavzularni muhokama qilish imkoniyatidan ayirmoqda. Ularing aytishicha, matbuotda senzura bo’lmaganda, Navro’z to’g’risidagi bahslar faqatgina Internetga kira oladigan o’zbekistonliklarni emas, balki keng ommani ham o’ziga jalb qilgan bo’lar edi.

O’zbekistonlik yoshlarning, ayniqsa ayni damda chet-elda tahsil olayotgan va ishlayotganlarining bir qismi Navro’z madaniy merosimiz va uni nishonlash islomga zid emas demoqdalar. Boshqa bir qismi esa “Navro’z zardo’shtiylik qoldig’i va uni nishonlash islomga shirk keltirish bilan teng” deb xulosa qiladilar.

Toshkentdagi Islom Unversitetining islom huquqi kafedrasi o’qituvchisi Abdulhakim Juzjoniyning fikricha, Navro’z diniy bayram bo’lmagani bois, uni nishonlash islomga zid emas. Abdulhakim Juzjoniy o’z fikrini qo’llab-quvvatlash uchun shariatga ishora qiladi.

O’shda joylashgan Xalqaro Islomiy hamkorlik markazi rahbari Sodiq Qori Kamoliddining aytishicha ham, Navro’z islom diniga zid emas.

Sodiq Qori Kamoliddinning aytishicha, odamlar Navro’zni islom dinining buyrug’i yoki diniy bayram deb turib, aqida sifatida bayram qilishsagina gunohga botgan bo’ladilar.

XS
SM
MD
LG