O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Qozog`istonda prezident Nursulton Nazarboyev bilan qator hamkorlik bitimlari imzoladi.
O`zbekiston va Qozog`iston rahbarlari 2006- 2010 yillarga mo`ljallangan hamkorlikni rivojlantirish, prezidentlar nazorati ostidagi hukumatlararo komissiya kengashini tuzish haqida hujjatlar imzoladi.
Qozo`giston tashqi ishlar vazirligiga ko`ra tashrif cho`gida mintaqadagi, shuningdek, xalqaro vaziyat ham muhokama qilinadi.
O`zbekiston prezidentining Qozog`istonga davlat tashrifi boshlanishidan avval Ostonada mintaqa davlatlari prezidentlarining norasmiy sammiti o`tgan. Unda asosan mintaqada suvdan foydalanish bo`yicha konsorsium tuzishga etibor qaratilgan edi.
Shu yilning mart oyida Qozog`iston prezidenti O`zbekistonda bo’lgan edi. Bu tashrif natijasida O`zbekiston meva sabzavotlarini Qo`zo`gistonga yetkazish haqida bitim imzolangan, biroq uning amaliyoti qator muammolarga uchragan edi.
Nazarboyevning ta’kidlashicha, Qozo`giston va O`zbekiston aloqalari 2006 yilda yangi bosqichga ko`tarilgan va ikki o`rtadagi savdo aloqalarining yanada rivojlanishi kutilmoqda.
Mahalliy kuzatuvchilar Qo`zog`istonda bugun O`zbekiston iqtisodiga sarmoyalar kiritish imkoniyati yuqori ekanligini, biroq hozircha bu borada aniq harakatlar boshlanmaganini ta’kidlashadi.
Qozog`iston muxolifati vakillaridan biri Abdumalik Sarmonovga ko`ra bu O`zbekistondagi iqtisodiy vaziyatni xavfli baholanishi bilan bo`gliq:
“Qozog`istonda shunday imkoniyat bor, albatta. Lekin O`zbekistonda iqtisod rivojlanishiga nisbatan xavfning kuchliligi bunga to`sqinlik qiladi. Qozog`istonda tashqi faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni sug`urtalash ishlari olib borilgan. Shu ish bilan shu`gullangan jamg`armaning tekshiruvuga ko`ra, O`zbekiston biznes yuritish uchun eng xavfli mamlakatlardan biri. Jamg`arma jadvalida yetti o`rin bo`lsa, yettinchi o`rinni O`zbekiston va Afg`oniston kabi mamlakatlar egallaydi”, - deydi Sarmonov.
O`zbekiston prezidentining Qozog’istonga davlat tashrifi mobaynida sayyohlik, madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhoka qilingan.
Hozirda ikki davlat o`rtasidagi madaniy muammolarning asosini fuqarolarning bordi-keldilari cheklanganligi, shuningdek ta`lim sohasidagi masalalar tashkil etadi.
O`zbekiston prezidentining davlat tashrifi Qozo`gistonda yashayotgan yarim milliondan ortiq o`zbeklar uchun biron ijobiy siljish keltirilishi shubhali baholanmoqda.
O`zbek madaniy markazi faollaridan bir Anvar Muhammedovga ko`ra hozirda Qozog’istondagi o`zbeklar asoratda qolgan. Ular uchun O`zbekistondagi qarindoshlar bilan uchrashish imkoniyati yoq.
Muhammedovning aytishicha, O`zbekiston prezidentining davlat tashrifi miqyosida Qozo`gistonda yashayotgan o`zbeklar bilan uchrashuv tashkil etilishi, mavjud muammolar ochiq muhokama qilinilishi, eshitilishi kerak edi.
“Bizda O`zbekiston televideniyesini ko`rish imkoniyati cheklangan. Umuman, O`zbekistonda nima bo`layapti? Gazetada yozilayotgan hayot bilan haqiqiy hayot bir-biriga to`g’ri keladimi yo`qmi? Biz bular haqida axborotga ega bo`lishni istaymiz”, - deydi o`zbek madaniy markazi faollaridan biri.
Bu kabi muammolar yechimi ko`p jihatdan rasmiy O`zbekistondan qator choralar ko’rishni taqozo etadi. Qozo`gistonlik o`zbeklar nazarida O`zbekiston hukumati hozirgacha mazkur talablarni e’tiborsiz qoldirib kelgan, va O`zbekiston prezidentining davlat tashrifi bu borada biron ijobiy o`zgarish qilishiga ishonch kam.
Mahalliy kuzatuvchilar rasmiy Toshkentning qo`shni respublikalarda yashayotgan o`zbeklarga nisbatan siyosatini tanqid qilib kelishadi. Bu fuqarolar rasmiy hukumat tomonidan nafaqat moddiy, balki ma`naviy jihatdan ham qo`llab-quvvatlanmayapti.