Breaking News

Iqtisodiyot amalda rivojlanyaptimi yoki qog'ozda?


O`zbekiston hukumatiga ko’ra 2007 yilda mamlakat iqtisodi yanada yuksalgan. Mustaqil sharhlovchilar nazarida esa 2008 yil O`zbekistonda inflatsiyaning keskin ko`tarilishi bilan boshlandi. O`zbekistonda rasmiy ko`rsatkichlar va real hayot bir-biridan juda yiroq deydi ular.

Qator vazirliklari 2007 yil yakunlariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Ularda mamlakatda ishlab chiqarish rivojlanayotgani, xizmat ko`rsatish hajmi va fuqarolar daromadi oshayotgani ta`kidlandi.

Vazirlar Mahkamasi hisobotiga ko`ra 2007 yilda yalpi ichki ishlab chiqarish hajmi 9 foizga ortgan.

O`zbekiston iqtisodidagi o`sish ayrim xalqaro moliyaviy tashkilotlar hisobotida ham ko`rsatiladi.

Yevroopa Taraqqiyot va Tiklanish Banki vakolatxonasining dekabr oyida e`lon qilgan hisobotida O`zbekistonda yalpi ishlab chiqarish 9 foizdan yuqori miqdorda qayd etiladi va ta`kidlanishicha, O`zbekiston iqtisodidagi o`sish energetik zahiralarga va qazilma boyliklarga bo`lgan narxning oshishi bilan bog`liq.

Mustaqil sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev vaziyatni shunday izohlaydi:

“3-4 million kishi mehnat muhojiri sifatida xorijda. Mamlakatda ishsizlik barham topgani yo'q. Bu degani hukumat ma`lumotlari real sharoitga to`g`ri kelmaydi. Xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan davlatlar reytingini e`lon qilib borayapti. Agar hukumat statistik ma`lumotlariga asoslanilganida edi, O`zbekiston rivojlanayotgan davlatlar o`nligidan joy olishi kerak edi. Vaholanki, reytingni eng oxirgi o`rinlaridan joy olmoqda ”, - deydi Yo`ldoshev.

Uning fikricha hukumat inflyatsiya darajasini o`ta past qilib ko`rsatmoqda. Hatto Rossiyada ham inflyatsiya darajasi 12-13 foizda deb tan olingan deydi u.

“O`zimiz ko`rib turibmiz, oziq- ovqat, kommunal to`lovlarga belgilangan narxlar bir yarim-ikki baravar ko`tarilgan”, - deydi Yo'ldoshev.

Uning kuzatishicha dunyoda qazilma boyliklar va yonilg'i mahsulotlari bahosining oshib borayotgani O`zbekiston xalqi hayotiga ijobiy ta`sir o`tkazayotgani yo'q.

O`zbekistonda maosh va nafaqalar vaqtida to'lanmayapti. Shuningdek, kommunal xizmat ko`rsatish haqlarining yana 20 foizga oshishi kutilmoqda. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, aholining kommunal qarzlari millardlab so'mni tashkil etmoqda.

Bu esa aholining turmish darajasi va iqtisodiy ahvoli o`ta og'ir ekanidan dalolat.

“Maishiy xizmat uchun to'lovlar va odamlar oladigan real daromad o`rtasida farq katta. Bu afsuslanarli hol ”, - deydi mahalliy faollardan biri.

Mutaxassilar fikricha O`zbekistonda hukumatning aholiga xizmat ko`rsatishi bozor narxi asosida shakllangan. Lekin davlat aholini bozor talabiga ko`ra maosh bilan ta`minlay olmayapti. Bu mamlakatda korrupsiyaning keng qamrovda rivojlanishi uchun asos yaratmoqda.

XS
SM
MD
LG