Breaking News

Jahon Banki Markaziy Osiyoda narx o'sishi haqida ogohlantirmoqda


Jahon Banki mutaxassislari fikricha, AQSh va G’arbiy Yevropadagi iqtisodiy inqiroz sabab bu yili Sharqiy va Markaziy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sish sekinlashishi, oziq-ovqat va yonilg’i narxlarining ko’tarilishi kutilmoqda. Bank rahbarlari zararni kamaytirish yo’llarini muhokama qilmoqda.

So’nggi yillarda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar tufayli o’rtacha daromad oshib qashshoqlik kamaygan. Biroq AQSh ko’chmas mulk bozoridagi moliyaviy muammolar kredit stavkalarini ko’tarib asosan tashqi sarmoyalar hisobiga rivojlanayotgan davlatlarni og’ir ahvolga solib qo’ydi.

Natijada, deydi Jahon Banki rahbarlari, so’nggi bir necha oy ichida oziq-ovqat va yonilg’i narxlari, shu bilan birga inflyatsiya ham ko’tarildi. O’tgan yili Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligida inflyatsiya darajasi o’rtacha 15 foizni tashkil etgan. Oziq-ovqat o’tgan yilgi qurg’oqchilik sabab ham qimmatlashgan.

Mutaxassislarga ko’ra, Sharqiy Yevropada iste’molchi daromadining 21 foizini, Markaziy Osiyoda esa 50-60 foizini ovqatga sarflaydi. Hisoblar shuni ko’rsatadiki, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat narxining 5 foizga o’sishi qashshoqlik darajasini 2-3 foizga ko’taradi.

Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh iqtisodchisi Pradip Mitraning aytishicha, hozirgi vaziyatda salbiy oqibatlarning oldini olish uchun hukumatlar moliyaviy siyosatini nazorat ostiga olishi kerak, ayniqsa yevroda ish yuritayotgan davlatlar.

"Bank tizimi nazorati kuchaytirilishi, bevosita tashqi sarmoyalarni jalb qilish yo’lidagi islohotlar jadallashtirilishi kerak. Ayrim davlatlar iqtisodiy inqiroz ta’sirini yengishga muvaffaq bo’lmoqda. Ayniqsa Markaziy Osiyoda savdo cheklovlarini joriy etmaslik zarur."

Rossiyada hukumatning iqtisodiyot ustidan nazorati haqida gap ketarkan, davlat faqat gaz va neft sohalarini nazorat qilmoqda, deydi Jahon Banki bosh iqtisodchisi.

"Boshqa sohalarda esa bevosita xorijiy sarmoyalarning ko’payayotganini ko’rish mumkin. Umuman Rossiya iqtisodiyotida ko’p narsalar to’g’ri amalga oshirilmoqda," deydi Pradip Mitra.

O’zbekiston haqida gapiradigan bo’lsak, deydi Jahon Banki mutaxassislari, respublikaning iqtisodiy siyosati mintaqadagi ko’p davlatlarnikidan tubdan farq qiladi.

"O’zbekiston o’zi uchun bosqichma-bosqich iqtisodiy taraqqiyot yo’lini tanlagan ekan, xususiy sektor sust rivojlanayotganini, savdo cheklovlari ko’lami kattaligini ko’rish mumkin. Biroq iqtisodiyotni rivojlantirish uchun uni tubdan o’zgartirish shart emas. Boshlanishida ikkita narsani amalga oshirishni tavsiya qilgan bo’lar edim. Birinchisi, savdo cheklovlarini yengillashtirish. Sarmoya kirib kelishidan tashqari O’zbekiston o’zi uchun muhim tajriba va bilimga ega bo’ladi. Ikkinchisi esa, paxta sanoatini rivojlantirish hisobiga qishloq aholisi, shu sanoatga aloqador korxonalar va ularda ishlayotgan odamlar hayotini yaxshilash mumkin."

Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha vitse-prezidenti Shigeo Katsu mintaqaviy hamkorlikka ham katta e’tibor qaratish kerak deydi.

"So’nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiya haqida ko’p gap bo’ldi, biroq haligacha aniq bir ish qilinmadi. Agar chegaradagi ahvol yaxshilansa, odamlarning mintaqa bo’ylab harakatlanishiga va savdo aloqalari uchun sharoit yaratilsa, bundan nafaqat O’zbekiston, balki uning atrofidagi barcha davlatlar ham foyda ko’radi," deydi Shigeo Katsu.

XS
SM
MD
LG