Breaking News

O'zbekistonda sholi ekish cheklanmoqda


O`zbekistonda suv zaxiralarini tejash maqsadida sholi ekishni cheklashga doir hukumat qarori e’lon qilingan. Sholi qishloq xo’jaligida paxta va don singari muhim ekin turi, asosiy daromad manbai.

Hukumat qarorida belgilanishicha, bu yil O`zbekistonda kutilayotgan suv tanqisligi zarur chora- tadbirlar ko’rilishini taqozo etmoqda.

Suv tanqisligining oldini olish maqsadida suv omborlari imkoniyatlarini o`rganish, sug`orish inshootlarini tozalash, tartibga keltirish tegishli muassasalar zimmasiga yuklanadi.

Qaror sakkizta viloyatda ko’p suv talab qiladigan ekin – sholi ekishni mutlaqo taqiqlaydi. Qolgan viloyatlarda esa sholi ekish faqat maxsus komissiyaning ruxsati bilan amalga oshiriladi.

O`zbekistonda sholi an’anaviy tarzda, asosan, Amudaryo bo`ylarida Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida yetishtiriladi. Sholi ekish majburiy emas, fermerlar uchun daromad berishi mumkin bo`lgan asosiy ekinlardan biri.

Qoraqalpog`istonlik kuzatuvchi fikriga ko`ra, dehqonda sholi ekib, daromad olishdan boshqa imkoniyat deyarli qolmagan.

“Paxtadan daromad yo’q. Dehqon sholi ekmay nima qiladi? Shunda cho`ntagiga oz-moz pul tushadi”.

Uning aytishicha, qishloq xo`jaligi siyosatining noto`g’ri yuritilishi tufayli sug`orish tizimlari va tuproq salomatligi butunlay ishdan chiqqan. Qaror qabul qilingan taqdirda ham uni birinchi bo`lib hukumat vakillari buzadi.

“Qoraqalpog`iston bo`yicha qaysi fermerlar foyda ko`radi? Faqat sholi ekkan fermerlar. Bu fermer xo’jaliklari kimga tegishli? Surishtirsangiz, hammasi hukumat organlariga qarashli”, -deydi u.

Hukumat qarorida tilga olingan suv tanqisligi, kuzatuvchilar nazarida, haqiqatdan yioq. Bu yil yog`ingarchilik har yilgidan ko`p kuzatilgan.

Jurnalist Dilmurod Sayiidning so’zlariga qaraganda, bu qarordan maqsad dehqonning asosiy mehnatini paxtaga yo`naltirish. Qaror oqibatida ichki bozorda guruch narxining keskin ko`tarilishini kutish mumkin.

“Xalqimiz guruchli ovqatni yaxshi ko`radi. Agar sholi ekishni chegaralash haqida qaror chiqarilgan bo`lsa, bu qaror xalqqa qayishadigan qaror emas”, - deydi u.

O`zbekiston qishloq xo`jaligini isloh qilish zarurati muxolifat tomonidan doimiy ko`tarib kelinayotgan mavzu. Muxolifat fikricha, islohot hukumat tomonidan fermerlarga yuklangan paxta va don yetishtirish majburiyatini bekor qilishdan, dehqonga yerga qanday ekin ekish tanlovini berishdan boshlanishi kerak.

Ayrim mutaxasislar dehqonga ekish va sotish erkinligi berilgan taqdirda ham paxtachilik yo`qolib ketmaydi, aksincha, bu soha yanada rivojlanishi mumkin degan fikrda.

Paxta savdosi bevosita yetishtiruvchi bilan olib borilgan taqdirda, qishloq xo`jaligida paxtadek daromad keltiruvchi ekinnning o`zi kamligi aytiladi.

Qoraqalpog`istonlik kuzatuvchi ham bu fikrlarga qo`shiladi. Uning aytishich, hozir dehqon yetishtirayotgan paxta foydasini boshqalar ko`rayapti.

“Paxta sanoat sistemasidagilar faqat “Jip”larda yurishadi. Bu paxtadan kelayotgan daromadning bir chekkasidan o`g’irlangan pulga bo`lsa kerak”, - deydi u.

O`zbekiston paxta xom ashyosini yetkazish bo`yicha dunyoda ikkinchi o`rinda turadi. Davlat paxta yetishtirishni monopollashtirib olgan.

Dunyoda paxtakor nomi bilan tanish o`zbek dehqonining paxta savdosi bilan shug’ullanishi taqiqlangan. Paxta va dondan tashqari dehqonchilikning boshqa turlari, jumladan, sholi ekib, daromad ko`rishi ham, bundan e’tiboran, cheklangan.

XS
SM
MD
LG