Breaking News

Oq oltindan daromadning huzurini kim ko'rayapti?


O`zbekistonlik faollar yirik davlatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlarni o`zbek paxtasini boykot qilishga chaqirmoqda.

Ularning aytishicha, O’zbekiston paxta dalalarida maktab o`quvchilari majburlab ishlatilmoqda va rasmiy Toshkentga bosim o’tkazilsa, bunga chek qo’yish mumkin.

Har yili O’zbekistonda paxta yig’im-terimiga barcha viloyatlar shahar va tumanlaridagi ishchi-xizmatchilar, o’quvchi-yu talabalar jalb etiladi. Paxta terimi kampaniyasi Sovet hokimiyati davrida ham xuddi shunday amalga oshirilgan.

Hozirgi mustaqillik davrida poytaxtdan tashqaridagi o’quv yurtlar talabalari, maktab o’quvchilari-yu ishchi-xizmatchilarni paxta yig’im-terimiga safarbarlik mahalliy byudjetlarga foydadan ko’ra, ko’proq zarar keltirmoqda, deb hisoblaydi namanganlik Elmurod Ubaydullayev:

“Paxta kampaniyasiga hozirgi O’zbekistonda, mana Namanganda ham barcha o’quv yurtlari, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari paxtaga jalb etilgan. Ularni paxtaga olib borish uchun, yuklarini tashish uchun ketgan mashinalar, ularni olib borgan avtobuslar, ularga joylarda elektr energiyasi, suv, yoqilg’i, transport, oziq-ovqat, fartuk-etak va va boshqa yordamchi vositalarga ketgan sarf-xarajat, yemishiga ketgan sarf-xarajat paxtaga, ularga to’laydigan mehnat haqiga nisbatan ortiq”, - deydi Elmurod Ubaydullayev.

Uning aytishicha, hasharchilarga ketayotgan sarf-xarajat fermerlarning o`ziga hech qanday daromad qoldirmaydi.

“Mana shularni men o’rtacha, mo’tadil hisob-kitob qilganimda, agar ularga 9 milliard mablag’ sarf qilingan bo’lsa, davlat tomonidan sotib olingan paxtaga to’langan pul 8 milliard so’m. Ya’ni, o’sha jamoa xo’jaligining odamlari 1 milliard atrofida zararga ishlayotgan bo’ladi. U yerga borgandan keyin paxtani xo’jaliklardan, kampirlardan, oilalardan yoki bo’lmasa o’sha yerdagi uchyotchik, tabelchi, brigadirlardan sotib olib, ularga pul to’lash bilan, ulardan paxta yozdirib olish bilan ish olib boriladi. Mana bu narsalar o’sha jamoa xo’jaligiga, o’zlarining xizmatchilariga katta zarar yetkazadi”, - deydi Elmurod Ubaydullayev.

Sobiq Sovet hokimiyati davrida o’zbek dehqonlari paxta dalalarida erta bahordan to kech kuzgacha hosilni nest-nobud qilmasdan yetishtirib bergan va buning evaziga arzimagan haq olgan.

Biroq mustaqillik davridagi dehqonning va yoki hasharchilarning paxta uchun olayotgan haqlari ham juda pastligicha qolayotganini aytadi Abdulla Rahimov. Shu bois, ko’pchilik paxta narxi bir qadar baland bo’lgan Qozog’istonga borib paxta terishayotganini aytadi u:

“Agarda bizda to’lanadigan pulni oladigan bo’lsak, bir kilogramm paxta uchun beriladigan pulga bor-yo’g’i gugurt sotib olishimiz mumkin. Agarda bizda ham kamida terilgan paxta uchun ko’proq pul to’langanda edi, student, o’quvchilarni darslardan qoldirishning hojati ham qolmas edi. Xalq ixtiyoriy ravishda paxta dalalariga chiqib, mardikor bozorlarida yurgan xotin-qizlar ham hammasi borib, paxta dalalarida paxta terib o’zining ro’zg’ori uchun har holda pul ishlab olishar edi deb o’ylayman”, - deydi Abdulla Rahimov.

“Oq oltin” deb atalgan, dunyo bozoridagi bahosi oltin barobaridagi paxtani yetishtirgan dehqonning avval ham, hozir ham biri ikki bo’lmayotgan ekan, o’zbek xalqining peshona teri evaziga yetishtirgan paxtasidan kelayotgan foyda qayga sarflanayotganini bilishni istaymiz, deydi mana bu toshkentlik tinglovchimiz:

“Sovet vaqtida hamma narsalarni O’zbekistondan, tillasini, pillasini, paxtasini Rossiya butunlay o’g’irlab ketyapti, olib ketgan edi, deyilayotgandi. Endi kim o’g’irlayapti bizning xalqimizning tuz-nasibasini, a? Man tushunolmayapman”, - deydi u.

Paxta kampaniyasi mehnatkashlar kunini og’ir qilsa-qiladiki, ularning hatto mo’tadil yashash sharoitlari uchun ham imkoniyat yaratmaydi, deb hisoblaydi namanganlik Elmurod Ubaydullayev:

"Mana shu “oq oltin” yetishtirgan mehnatkashlarning kosasi oqargani yo’q. Qozonlari haftalab, oylab go’sht ko’rmaydi. Yeydigan ovqatlari yo’q. O’zlarining dehqonchiliklariga qaraydigan joylari yo’q. Sholi ekish uchun suv bermaydi."

"Ana shunday, bitta oq oltinning doirasida, ya’ni paxta yakkahokimligi degan eski, tantanali, balandparvoz o’sha holat O’zbekistonda hozir ham mana shu paxta kampaniyasi mavsumi davrida o’zining barcha kuch-qudratini ko’rsatib, dala mehnatkashlariga, paxtakorlarga hech qanaqangi nafi tegayotgani yo’q. Faqat paxtakorlar uchungina zarar emas, balki butun respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazadigan holatda", - deb hisoblaydi Elmurod Ubaydullayev.

XS
SM
MD
LG