Breaking News

Qo'shma Shtatlar xorijga ko'makni kamaytirmoqchi emas


AQSh prezidenti Jorj Bushning aytishicha global moliyaviy inqirozga qaramasdan, qashshoqlikka qarshi kurash davom etishi lozim.

“AQSh Kongressi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Katta Sakkizlik bergan va’dalar albatta amalga oshirilishi kerak”, - deydi Bush.

Mutaxassislar fikricha global iqtisodiy-moliyaviy tanazzuldan birinchi navbatda rivojlanayotgan davlatlar jabr ko’rmoqda. Buning oqibatlarini qashshoqlik darajasi oshishi, ijtimoiy ko’mak dasturlarining kamayishi hamda mintaqaviy mojarolarning avj olishida ko’rish mumkin.

Prezident Bushga ko’ra bozor sharoiti qanday bo’lishidan qat’iy nazar AQSh xorijiy ko’makni kamaytirmaydi.

Bush davrida AQSh ayrim davlatlarga yordamni keskin oshirgan. 2002 yildan beri kambag’al davlatlarga 16 milliard dollarga teng oziq-ovqat yetkazilgan. Bu so’nggi yarim asr ichidagi eng yirik ko’mak deya e’tirof etiladi.

“Xavotir shundaki”, deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays, “hukumatlar inqiroz bilan yuzlashganda, tabiiyki, ko’proq o’z manfaatlarini himoya qila boshlaydi. Ba’zida proteksionizm, ya’ni erkin savdo yo’liga to’siqlar qo’yiladi”.

Iqtisodiyoti nisbatan barqaror boy davlatlar bu qopqonga tushmasligi lozim, deydi Rays. Aynan shunday proteksionizm siyosati 1930-yillarda iqtisodiy tanazzulni yanada chigallashtirgan. Shu bois AQSh bu safar erkin savdoni cheklamaslik tarafdori.

Prezident Bushning aytishicha Qo’shma Shtatlar demokratiyaga intilayotgan, xalqi uchun xizmat qilishga harakat qilayotgan, erkin jamiyat qurishga intilayotgan, siyosiy-iqtisodiy erkinlikka yo’l ochayotgan davlatlarni quvvatlashda davom etishi lozim.

Amerika moliyaviy yordamni yuqorida tilga olingan omillar va jiddiy talablar asosida berishi kerak, deydi Bush.

XS
SM
MD
LG