AQShda asoslangan "Freedom House" (Ozodlik uyi) tashkiloti hisobot chiqarib, 2008 yil Yevropa va Markaziy Osiyodagi sobiq kommunistik davlatlar uchun zulmatli davr bo'ldi degan.
Rossiyada avtoritar rejim yanada kuchaygani ta'kidlanadi. Qirg'iziston, Gruziya va Ukrainada esa rangli inqiloblar paytida berilgan va'dalar unutilgan, deyiladi hisobotda.
"O'tish davridagi davlatlar" sarlavhasi ostidagi hisobot har yili chop etiladi. Unga ko'ra, 29 sobiq kommunistik davlatdan 18 tasi o'tgan yili demokratik taraqqiyot bobida oqsagan.
"Freedom House" tashkilotining Yevropa bo'limi rahbari Vladimir Shkolnikovning aytishicha, global iqtisodiy inqiroz davlatlarni islohotlarni jadallashtirish o'rniga boshqaruvning avtokratik usuliga o'tishga majbur qilgan.
Hisobotda aytilishicha, turli inqiloblar paytida demokratiyani kuchaytirishga berilgan va'dalar bajarilmay qolib ketgan. Xususan Qirg'iziston va Gruziyada ahvol inqilobdan oldingi darajaga tushgan.
"Freedom House" maxsus jadval tuzilib, har bir davlatga ulardagi fuqarolik jamiyatining taraqqiyot darajasi, saylov tizimi, boshqaruv uslubi, mustaqil matbuot faoliyati, korrupsiya darajasi kabilarga qarab 9 punkt bo'yicha baho beradi. So'nggi 10 yildan beri tayyorlanayotgan ushbu jadvalda O'zbekistonga barcha ko'rsatkichlar bo'yicha har qachongidan eng past baholar berilgan.
O'zbekiston Islom Karimov xohishiga qarab boshqariladi. Saylov tizimi shu qadar sustki, Karimovga konstitutsiyaga xilof holda uchinchi muddatga saylanish imkonini bergan. Ko'plab xorijiy va mahalliy nodavlat tashkilotlar yopilib, fuqarolik jamiyati og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Mustaqil matbuot yo'q. Mahalliy hokimiyatlar markaziy hukumatga tobe. Adliya tizimi ijroiy hokimiyat ta'siridan mustaqil emas. Korrupsiyaga qarshi kurash sust, deyiladi "Freedom House" hisobotining O'zbekistonga bag'ishlangan qismida.