Qirg’izistonning AQSh qo’shinlarini “Manas”bazasidan chiqarish qarorini ba’zilar ijobiy baholasa, boshqalar AQSh-Rossiya o’rtasidagi tarixiy tortishuvda Amerika mag’lub bo’ldi, demoqda.
Deyarli 10 yil davomida Qirg’izistonning AQShdagi elchisi bo’lgan, ayni damda Yuta shtatidagi universitetda tadqiqot olib borayotgan Baktibek Abdurisayev “Vashington Post” gazetasiga yozgan maqolasida ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni tahlil qiladi.
Sobiq elchining aytishicha, “Manas” bazasining AQShga Afg’onistondagi operatsiyalariga ko’mak tariqasida berilishi ortida bir necha sabablar bo’lgan.
U payt, deya eslaydi Baktibek Abdurisayev, 2001 yil sentyabr oyida AQShda bo’lgan xurujlar butun dunyoni larzaga solgan edi va barcha mamlakatlar terrorga qarshi kurashda AQShga yordam berishga otlangan.
Bundan tashqari Qirg’iziston o’z manfaatini ham ko’zlab, unga bir necha bor hujum qilgan O’zbekiston Islomiy Harakatidan qutulish maqsadida AQSh bilan hamkorlikka rozi bo’lgan. Va nihoyat iqtisodiy jihatdan qoloq respublika baza ijarasi haqidan tushgan pul hisobiga moliyaviy ahvolini yaxshilamoqchi bo’lgan.
Qirg’iz xalqi AQSh bilan hamkorlik inson huquqlari va demokratiyaning yaxshilanishiga olib keladi deb umid qilgan. Ammo, deb yozadi sobiq elchi, baza qo’lga kiritilgach, AQShni boshqa masalalar qiziqtirmasligi ayon bo’ldi.
2005 yilgi rangli inqilob xalq ishonchini oqlamadi, mamlakat avtoritar yo’lga o’tdi, prezident vakolatlarini kuchaytirish maqsadida konstitutsiya bir necha bor o’zgartirildi, biroq Qo’shma Shtatlar ahvolni yaxshilashga harakat qilmadi.
Baktibek Abdurisayevning “Vashington Post” gazetasida yozishicha, u AQSh harbiylarining “Manas”dan ketishini istamaydi, ammo agar buning oqibatida AQShning ko’zi ochilib, haqiqiy maqsadlari demokratiya va inson huquqlari ekani esiga tushsa, harbiy bazadan ko’ra hamkor davlatlarning uzoq muddatli barqarorligi afzalroq ekanini anglasa, ushbu vaziyatdan yaxshi saboq olgan bo’lar edi.
Vashingtonlik tahlilchi Ariel Koen “Vashington Tayms” gazetasida AQSh-Rossiya munosabatlarini tahlil qilib, Obama ma’muriyatining rasmiy Moskva bilan aloqalarni yaxshilash niyatini olqishlagan. Ammo, deb yozadi mutaxassis, Rossiya samimiy siyosat yuritmayapti.
Misol tariqasida Ariel Koen Qirg’iziston hukumatining AQSh harbiylarini “Manas” bazasidan chiqarish qarorini keltiradi. Bu Rossiyaning bosimi va gij-gijlatishi natijasida qabul qilingan qaror, deydi u. Shundan so’ng Rossiya AQShga Afg’oniston bo’yicha yordam beramiz deya ikkiyuzlamachilik qilmoqda. Muammoni yaratib, keyin unga yechim topishni taklif etyapti, deydi Koen.
Unga ko’ra, Rossiyaning maxfiy harakatlari natijasida Qirg’izistonda AQShga qarshi namoyishlar, matbuotida esa reportajlar uyushtirildi. Bunday harakatlari bilan Rossiya Amerikaga Afg’onistonda mag’lubiyat tilayotgan bo’lishi ham mumkin, deydi vashingtonlik mutaxassis.
Birinchidan, sovetlarning Afg’onistondagi mag’lubiyati uchun o’ch olish maqsadida, chunki AQSh o’sha davrlarda mujohidlarga katta yordam bergan. Ikkinchidan esa bu ham AQShning, ham NATOning nufuzini tushirib, uning global yetakchi mavqeiga nuqta qo’yadi.
Ariel Koenning “Vashington Tayms” gazetasidagi maqolada xulosa qilishicha, AQSh “Manas” bazasini saqlay olmasa ham, Turkmaniston, O’zbekiston va Tojikiston orqali hamkorlik qilish yo’llarini izlashi hamda Rossiyaga sobiq Sovet hududida ta’sir doirasini kuchaytirishga yo’l qo’ymasligi kerak.