AQSh orzular ro’yobga chiqadigan, sehrli diyor deyishadi. Biroq bu mamlakat xalqi ayrim ezgu niyatlariga, AQSh davlat sifatida vujudga kelganidan beri 210 yil o’tibdiki, endi erishmoqda.
AQSh Kongressida, 435 a’zolik Vakillar Palatasiga tarixda ilk marta ayol raislik qilmoqda. Yana bir olamshumul yangilik shuki, Kongressga birinchi musulmon a’zo saylandi.
AQSh fuqarolari birdaniga teng bo’lib qolmagan. Qora tanlilar qullik azobidan qutulgach ham uzoq yillar davomida qonuniy tenglik uchun kurashgan. Xotin-qizlarning ham tenglikka erishishi uchun bir asrdan ko’p vaqt ketgan. Oradan deyarli yana bir asr o’tib, ular siyosiy kuchga aylandi.
AQSh Kongressining ilk musulmon a’zosi Kit Elisson ham qora tanli. Mamlakat musulmonlari orasida ko’pchilikni tashkil etuvchi afro-amerikaliklar vakili. Kongressda juda iliq kutib olindi. Demokrat qonunchi o’zini qora tanli yoki musulmon emas, avvalo Amerika xalqi vakili deb hisoblaydi. To’rt farzandning otasi.
Norasmiy tarzda, Kit Ellison Kongressga Qur’on bilan qasamyod qildi. AQSh davlati asoschilaridan biri Tomas Jeffersonga tegishli bo’lgan Qur’on bilan.
Islomni 15 yil avval qabul qilgan Ellison oila a’zolari guvohligida xalq xizmatiga kirishar ekan, Kongress Kutubxonasi unga bu muqaddas adabiyotni berib turishga rozi bo’ldi. Kitob shu paytgacha qasamyod uchun qo’llanilmagan, deydi Kongress Kutubxonasi rahbari Jeyms Billington.
“Bu Qur’on ingliz tiliga tarjima qilingan ilk nusxalardan biri. Asl tarjima va noyob namuna. Eng ishonchli va xolis holda saqlangan. Ortiqcha qalam tekkizilmagan.”
Kongress Kutubxonasida noyob adabiyotlar bo’yicha mutasaddi Mark Dimyunashin esa deydiki:
“Bu kitob boshidan ko’p qora kunlarni kechirgan. 1814 yilda Kapitoliyda katta yong’in bo’lganida asrab qolingan. Jefferson uni 1775 yilda, jahon siyosati va qonunlarini o’rganayotgan paytda sotib olgan. Qur’onning 1774 yildagi ikki jildli tarjimasi.”
Birinchi musulmon kongressmen Kit Ellison nazarida din - madaniy boylik, e’tiqod.
“Men Kongressga musulmon bo’lganim uchun emas, vatanini sevgan, uni asrab-avaylashga bel bog’lagan, sodiq fuqaro sifatida saylandim. Xalqim ishonchini oqlashga so’z beraman”, - deydi Ellison.
Vakillar Palatasi a’zolari rasman, odatda hech qanday kitoblarsiz, qasamyod keltiradi. Biroq spiker, ya’ni rais oldida va oila a’zolari guvohligida ham esdalik uchun yana bir bor qasamyod qilishi mumkin.
Spiker Nensi Pelosi nazarida Kit Ellison yosh, biroq tajribali, epchil va insofli siyosatchi. Turli etnik guruhlar va din vakillaridan chiqqan bu kabi insonlar nafaqat mamlakatni, balki uning tinch va to’q tebralishini belgilovchi va kuzatuvchi parlament – Kongressda muhim vazifani bajaradi, deydi Vakillar Palatasi raisasi.
Kit Ellison 43 yoshda. Advokat sifatida 16 yillik tajribaga ega. Katoliklar oilasida voyaga yetgan. Rafiqasi Kim Ellison musulmon emas. Biroq farzandlari islomga e’tiqod qiladi.