Breaking News

AQSh-O'zbekiston muloqotida huquq faollari qatnashadimi?






AQSh va O’zbekiston rasmiylari munosabatlar so’nggi oylarda yangi bosqichga ko’tarilgani, muloqot jonlanib, serqirra hamkorlik uchun zamin yaratilayotgani haqida gapirmoqda.

Yaqin kunlarda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda bo’lib, AQSh rasmiylari bilan fikr almashadi.

“Nafaqat siyosiy va iqtisodiy rishtalar, balki O’zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish haqida ham gaplashamiz”, deydi Amerika diplomatlari.

AQSh-O'zbekiston hukumatlari o'rtasida muloqot rejalanayotgani haqida AQShning mintaqa bo'yicha bosh diplomati Robert Bleyk (Robert Blake) "Amerika Ovozi" bilan intervyuda aytib o'tgan edi. Bleyk oktabr oyida, uning o'rinbosari Jorj Krol (George Krol) esa noyabr oyida Toshkentda bo'ldi.

Ularning qayd etishicha ikki tomonlama muloqot fuqarolik jamiyati, inson huquqlari muammosini ham qamraydi. Muhokamada kimlar qatnashishi noma’lum. Mahalliy faollar fikricha guruhga mustaqil huquq himoyachilari kiritilmagan.

Tahlilchilar nazarida ham AQSh fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalasida hukumat bilan kelishgan holda ish tutishga harakat qilmoqda.

“AQSh O’zbekistonda demokratiya qaror topishi, inson huquqlari yaxshilanishi tarafdori. Shu maqsadni ko’zdan qochirmagan holda hozir bu boradagi hamkorlik qayta ko’rib chiqilmoqda deyish mumkin. Maqsad hukumat vakillarini, fuqarolik jamiyati faollarini muammolar bo'yicha murosaga keltirish, albatta hukumatni islohotchilik roli inkor etilmagan holda”, - deydi “Tezkor guruh” tahlilchisi Suhrob Ismoilov.

Huquq faollari esa so'nggi paytda AQSh-O'zbekiston munosabatlari asosan hukumatlar o'rtasidagi manfaatlarga ko'ra tiklanayotganini ta'kidlab keladi.

“Vaziyat og'irlashib borayapti, diktatura kuchaymoqda. Aholi O'zbekistonni tashlab chiqib ketmoqda. Biror ijobiy o'zgarish kuzatilmaydi. Albatta AQSh - kuchli qudratli davlat. Inson huquqlarini yaxshilash borasida bu davlat bizning hukumatga siyosiy muzokaralar, bosimlar yoki kelishuvlar orqali ta’sir qilishi kerak. Faqat aniq qadamlar qo'yilishi kerak. O'zbekiston hukumati va’dalarini kuzatib borish, talab qilish orqali”, - deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

O’zbekistonda muzokara o'tkazgan AQSh rasmiylari demokratik qadriyatlar birlamchi ekanini ta'kidlab keladi.

XS
SM
MD
LG