Breaking News

AQShga biznes maqsadida kelish mumkin, agar hamyon ko'tarsa


Odatda AQShda chet ellik biznesmenlarga ko’plab imtiyozlar beriladi.

Biroq keyingi yillarda immigratsion qoidalar va viza berish jarayoni qiyinlashgan.

Bush rahbariyati "Xorijiy tadbirkorlarga darvozamiz keng ochiq",- deydi, lekin Amerika Ovozi bilan gaplashgan muhojirlar boshqacha fikrda.

AQShning Florida shtatini chet el desa ham bo’ladi. Shtat muhojirlar va ular ochgan bizneslar evaziga kun ko’radi. O’zbekistonliklar ham ko’p. Odatda qora mehnat qilib kun ko’radi. Hujjati yo’qligi sabab mikrofondan o’zini tortadi.

Angliyalik Kris Doran Floridada ko’chmas mulk firmasini boshqaradi. Viza olish qiyinligi sabab oilasi uni ko’rishga kela olmayapti.

"Oilam bilan ko’rishish qiyin, xuddi jinoyatchiga aylanib qolganman. Hukumat so’ragan hamma qogo’z va ma’lumotlarni bersak-da, zarur hujjat olish juda mushkul. Rasmiylarga qancha ko’p ma’lumot bersangiz, shuncha kam… "

AQSh 70 davlat bilan Do’stlik, Tijorat va Sayohat uchun safarga yo’l beruvchi bitim imzolagan. Markaziy Osiyodan Qozog’iston va Qirg’iziston bilan.

Bu davlatlardan savdogarlar E1, sarmoyachilar esa E2 turidagi vizaga hujjat topshirishi mumkin.

2005 yilda, masalan, 200 ming chet ellik yuqoridagi kabi viza bilan Qo’shma Shtatlarga kelgan.

Angliyalik tadbirkor Bill Kovi nazarida, bu kabi viza olish shartlari aniq emas. "Qonun-qoidaga oydinlik kiritish kerak. Kim, nima sabab, qachon Amerikaga biznesmen sifatida kela oladi? Hozir buni tushunish qiyin".

Qaysi mamlakatdan ko’proq odam bu viza uchun murojaat qilayotganiga qarab, uni olish ham shunchalik qiyinlashadi. 2005 yilda, masalan, E turidagi viza olganlar asosan Yevropa va Osiyodan bo’lgan.

Londonda AQShga tadbirkor sifatida kelishga har yili besh million odam hujjat topshiradi. Parijda esa 1,3 million kishi.

Floridada o’z firmasiga ega fransiyalik Tyeri Pokoning aytishicha, Fransiyada E vizasini olish qiyin emas.

"Jarayon 2001 yilning 11 sentyabridan keyin biroz qiyinlashdi. Endi ko’proq sarmoya bilan kelishga to’g’ri kelyapti. Ayrimlarga qiyin tushmoqda. Lekin hamyoningiz ko’tarsa, so’ralgan qog’ozlarni bersangiz, AQShga viza olish uncha og’ir emas".

Viza beruvchi bosh idora - AQSh Davlat departamentiga ko’ra, viza har davlatda turlicha tezlikda beriladi. Chunki bu mamlakatlarda viza uchun ariza berayotganlar soni turlicha. Murojaatnomalar ham har xil.

Yosh kompaniyalar AQShda sarmoya qilmoqchi bo’lsa, ularning ishi uzoq vaqt oladi. Tanilgan, daromadi katta firmalar vizani tezroq oladi.

Amerika konsulliklarining bildirishicha, E turidagi vizalar uchun kutishga majbursiz; davlatlar kamsitilmaydi va hamma davlatlarga teng qaraladi.

AQShda 1990 yilda qabul qilingan qonunga binoan 500 ming dollardan ortiq sarmoya qilgan shaxslarga mamlakatda doimiy yashash va ishlash huquqi beriladi. Xorijiy firmalar kamida 10 ishsiz amerikalikni mehnat bilan ta’minlashi shart.

AQShda o’z firmasi filialini ochayotgan kishilar ham AQShda doimiy yashash uchun hujjat topshirsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG