Breaking News

AQSh ko'proq sayyoh jalb qilaman desa viza tartibini yengillashtirish lozim


AQSh ko'proq sayyoh jalb qilaman desa viza tartibini yengillashtirish lozim
AQSh ko'proq sayyoh jalb qilaman desa viza tartibini yengillashtirish lozim

Qo’shma Shtatlarga student, tadbirkor yoki sayyoh bo’lib kelaman degan odam yaxshi biladiki, bu mamlakatga kirish uchun viza olish oson emas.

Anketa to’ldirasiz, suhbatga yozilib, navbat kutasiz. Elchixona yoki konsullikka bir necha bor kelib ketish talab qilinishi mumkin.

Viza jarayoni murakkab ekanini Amerika rasmiylari tan oladi. Masala yaqinda Kongressda muhokama qilindi.

Turizm AQSh iqtisodiyotining muhim bir bo’lagi. Minnesota shtatidan senator Eymi Klobushar deydiki, iqtisodiyot zaiflashgan bir paytda mamlakatga qancha ko’p sayyoh va mehmon kelsa shuncha yaxshi.

“Bu Amerikada ish o’rinlari yaratadi. Chunki har bir chet ellik safari davomida o’rtacha 4 ming dollar sarflaydi. Masalan, 2009 yilda mehmonlar Amerikaga 23 milliard dollar daromad keltirgan, 900 ming kishini ish bilan ta’minlagan”, - deydi qonunchi.

Eymi Klobushar Senatning raqobat, innovatsiya va eksportni targ’ib qilish bo’yicha quyi qo’mitasi raisi.

Uning aytishicha, so’nggi 10 yilda Qo’shma Shtatlar global turizm bozorining uchdan-bir qismini boy bergan. Bu xazinaga tushmagan milliardlab dollar pul va yaratilmagan minglab ish o’rinlari degani.

O’tgan yili mamlakatni chet elga reklama qilish to’g’risida ilk bor qonun qabul qilindi va prezident Barak Obama unga qo’l qo’ydi.

Dasturni hukumat va xususiy sektor birgalikda yuritadi. Tashabbus yaxshi, ammo viza jarayonini osonlashtirmasak foydasi yo’q, deydi senator Klobushar.

“Yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, so’ralganlarning 73 foizi viza olishga 2-3 oy vaqt ketadigan bo’lsa, Amerikaga bormay qo’ya qolamiz deyishgan. Afsuski, bir necha davlat fuqarolari aynan shuncha kutishga majbur”.

Rasmiylar muammodan boxabar. Viza jarayonini tezlashtirish va chet eldagi konsullik xodimlari sonini oshirish ustida ish ketmoqda. 30 dan ziyod mamlakat fuqarolariga Amerikaga vizasiz sayohat qilish huquqi berilgan.

Deyvid Donaxyu, davlat kotibining viza xizmatlari bo’yicha o’rinbosari 2010 yilda AQShga 60 million kishi safar qilganini aytadi. Aksariyati rivojlanayotgan davlatlardan.

“So’nggi 5 yilda AQSh vizasini qo’lga kiritgan Xitoy, Hindiston va Rossiya fuqarolari soni ikki karra oshdi. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ham shu gap. Meksika va Braziliyadan ham qatnov zo’r”, - deydi rasmiy.

Biroq tezkorlik, tabiiyki, hech bir vaqt xavfsizlikdan ustun qoyilmaydi. Chegaradan o’tayotgan har bir odam, qo’lida hujjatlari bo’lsa ham, obdon tekshiriladi.

Vaqtni tejash uchun elchixonalar bir kun kelib internet orqali, uzoqdan suhbat olishi mumkinmi, degan savolga javob:

“Yo’q. Bevosita, yuzma-yuzma suhbatdan asosiy maqsad oldingizda turgan shaxsga baho berish. Shunga qarab, viza beriladi yoki berilmaydi. Eng ilg’or texnologiya qo’llangan taqdirda ham, masofadan olingan interyu asosida bunday qarorlar qabul qilish mushkul”, - deydi Amerika rasmiysi.

AQShga kelib qo’ngach, mehmonlar tekshiruvdan oson va silliq o’tib olishi uchun o’tgan yili yana bir dastur ishga tushgan edi.

Unga binoan, eng gavjum aeroportlarda boj va chegara xizmati xodimlari soni oshiriladi. Kirish portlari ta’mirlanib, tranzit yo’lovchilar uchun ekspress yo’laklar tashkil etlilmoqda.

XS
SM
MD
LG